2020 yil davomida maktabgacha ta’lim tizimida jami 51,8 mlrd so‘mlik moliyaviy xatolik aniqlangan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva ma’lum qildi.
Ichki audit xizmati tomonidan 2020 yil davomida maktabgacha ta’lim bo‘limlari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘tkazilgan 611 ta nazorat tadbirida jami 51,8 mlrd.so‘mlik moliyaviy xato va kamchilik aniqlandi. Jumladan:
- noqonuniy xarajat va kamomadlar - 23,4 mlrd.so‘mni (45%);
- Davlat xarid qonunchiligi talablarini buzilishi - 11,2 mlrd.so‘mni (21,6%);
- buxgalteriya hisobi qoidalarini buzilishi va boshqa moliyaviy xato kamchiliklar - 11,9 mlrd.so‘mni (22,9%);
- byudjet va tashkilot hisobiga qo‘shimcha hisoblangan daromadlar - 5,3 mlrd.so‘mni (10,3%) tashkil etdi.
Maktabgacha ta’lim bo‘limi va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tomonidan xodimlarning oylik ish haqi va rag‘batlantirish mablag‘laridan 10,1 mlrd. so‘m noqonuniy va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilgan.
Soxta taomnomalar tuzib, haqiqatda sarflanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini xarajatga chiqarish, kamomad va me’yorga nisbatan ortiqcha hisobdan chiqarilishi kabi holatlar orqali 3,6 mlrd.so‘m noto‘g‘ri sarflangan.
Ota-onalar to‘lovlarini kassaga kirim qilmaslik orqali 531,5 mln.so‘m mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirilgan.
Muddati o‘tgan 805 mln.so‘m debitor qarzdorliklarga yo‘l qo‘yilgan va undirish choralari ko‘rilmagan, 59,6 mln.so‘mlik debitor qarzdorliklar hisobotlardan yashirilgan.
Haqiqatda yetkazib berilmagan tovar va xizmatlar uchun asossiz ravishda mablag‘larni turli ta’minotchi korxonalar hisobiga o‘tkazib berilgan.
Xaridlarning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o‘tib, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda 11,2 mlrd.so‘mlik shartnomalar tuzilgan.
Profilaktika ishlari natijasida, ya’ni ortiqcha boyliklarni kirim qilish, asossiz hisoblanmagan badal to‘lovlarini hisoblash, asossiz hisoblangan kreditor qarzdorliklarni kamaytirish, mulkni sotishdan tushgan mablag‘larni 50%ni mahalliy byudjetga yo‘naltirish kabi yo‘llar bilan 5,3 mlrd.so‘m byudjet va maktabgacha ta’lim tashkiloti foydasiga qo‘shimcha hisoblandi.
Izoh qoldirish