Muammolarga tizimli yondashilmoqda

Muammolarga tizimli yondashilmoqda

Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi hamda tegishli vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan ishchi guruhi viloyatning Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida 254 ta mahalla aholi muammolarini hal qilish, “mahalla yettiligi” hamkorligini ta’minlash, yoshlar bilan ishlash, aholi bandligini ta’minlash tizimini samarali tashkil etish yo‘nalishlarida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Aholi bandligini ta’minlash maqsadida ushbu hududlarda eng qisqa muddatlarda 52 mingga yaqin yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan. Xususan, ish o‘rinlari investitsiya loyihalarini ishga tushirish, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi hamda qurilish sohasida yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida mahalladagi hokim yordamchilari tavsiyasi bilan 35 nafar fuqaroga 770 mln so‘mdan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mavjud bo‘sh ishchi o‘rinlariga 845 nafar fuqaro joylashtirildi, 524 nafari kasb-hunarlarni o‘qitishga yo‘naltirildi, 291 ta tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etildi.

Bundan tashqari, viloyatda yer olish, o‘z-o‘zini band qilish istagi bo‘lgan 6 ming 24 nafar yoshlarga 2,1 ming gektar yer maydonlari ajratish belgilab olindi. Bu borada tuman sektor rahbarlari, yoshlar agentligi bo‘limlari, “mahalla yettiligi” bilan birgalikda yer olish istagi bo‘lgan yoshlar ro‘yxati shakllantirildi hamda suv ta’minoti yaxshi, aholiga yaqin bo‘lgan ekin yer maydonlaridan yaxlit konturlar tanlandi.

Aholi kayfiyatiga ta’sir qiluvchi muammolarni o‘rganish va ularni hal etish maqsadida Respublika ishchi guruhi tomonidan 4 710 ta xonadon hamda 179 ta ijtimoiy soha ob’yektlari manzilli o‘rganildi. O‘rganishlar jarayonida aholidan kelib tushgan jami 680 ta muammoli masalalarning 479 tasi hududdagi mas’ullar bilan birgalikda joyida hal etildi.

Jumladan, mahallalardagi ichki yo‘llarning holatini yaxshilash yo‘nalishida 13,2 km uzunlikdagi ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, 1,7 km qismiga beton qoplamasi yotqizildi, 5,4 km uzunlikdagi piyodalar yo‘lagi ta’mirlandi.

Elektr ta’minotini yaxshilash yo‘nalishida 26 ta transformator ta’mirlandi, 47 ta yaroqsiz simyog‘och temir-beton ustunlarga almashtirildi va qo‘shimcha 92 ta yangi ustun o‘rnatildi, 6,8 km uzunlikdagi elektr SIP kabellar tortildi, 287 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi.

Tanlab olingan tumanlar bo‘yicha 42 mingdan ziyod aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va uning natijalariga ko‘ra, kasallik aniqlangan 7,5 ming bemorni davolash ishlari tashkillashtirildi. Jumladan, ular tuman, viloyat va Respublika shifoxonalariga yotqizildi. Shu bilan birga, 6 783 nafari bepul dori-darmonlar bilan ta’minlandi.

Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda 79 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi, 904 ta kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar hamda 728 ta nogironligi bor shaxslar bilan yashovchi oilalar uchun ehson iftorliklari o‘tkazildi.

Jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanadiganlarning sonini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning futbol, yengil atletika, stol tennisi, vorkaut kabi turlari bo‘yicha mahallalarda musobaqalar o‘tkazilmoqda.

Maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida kitobxonlik, estrada, teatr, sayoxat tadbirlari yo‘nalishida to‘garaklar, milliy maqom, folklor-etnografik yo‘nalishlarda o‘quvchilarning havaskorlik ansambllari tashkil etildi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan ishlar davom ettirilmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar