Murojaatdan daromadga 5 qadam

Murojaatdan daromadga 5 qadam

Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, Prezident Xalq qabulxonasi joriy yilda oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha “Murojaatdan daromadga” loyihasini amalga oshirishga kirishdi.

Bu loyiha besh bosqichni o‘z ichiga oladi.

Birinchi qadam – murojaatni qabul qilish bo‘lib, bunda asosan moddiy yordam masalasida ko‘p arz qilgan fuqarolar uyiga borilib, oilaviy ahvoli, chindan muhtoj yo muhtojmasligi, bu arizalarga qanday omillar sabab bo‘layotgani “mahalla yettiligi”, hokimlik, sektorlar vakillari bilan hamkorlikda har tomonlama chuqur o‘rganildi.

Ikkinchi qadam – fuqaroning kasb-hunarga layoqati, oilaviy sharoiti, tomorqadan foydalanish madaniyati, mavjud imkoniyatlarini o‘rganish uchun murojaatchilar bilan individual suhbatlashildi, qaysi yo‘nalishda ishni eplab ketishi, daromad topa olishi bo‘yicha bir to‘xtamga kelindi.

Uchinchi qadam – daromad topishga tayyorlash bo‘lib, bu jarayonda chevarlik yoki pishiriq pishirishga qiziqadigan xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, so‘ng ularga tikuv mashinasi yo pishiriq pechlari olib berishga qaror qilindi. Xuddi shunday uyida chorvasi bor ayollarga sutni qayta ishlovchi separator, tomorqalarda xizmat ko‘rsatishni tanlagan yigitlarga motokultivator, yer maydoni bor-u, biroq oqar suv muammosiga uchrayotgan oilalarga sug‘orish nasosi ajratildi.

To‘rtinchi qadam – ishsiz insonlarni lider tadbirkorlarga biriktirish bo‘lib, bunda hunari va ish anjomi bor fuqarolarni shu sohada kuchli malaka va katta tajribaga, o‘z bozoriga ega tadbirkorlarga bog‘lash bo‘yicha ish olib borildi. Bu esa ular bilan kooperatsiya tashkil qilish imkonini berdi.

Beshinchi qadam – murojaatchilarni daromadga olib chiqish bo‘lib, Xalq qabulxonasi, sektorlar va “mahalla yettiligi” kooperatsiya faoliyatini va murojaatchining barqaror daromad topishini doimiy monitoring qilib boradi.

Albatta, buning uchun murojaatchilardan kuchli sabr, chidam, metin iroda, betinim mehnat talab etiladi. Muhimi, ularning daromadli bo‘lishi uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratilib, mahalla vakillari doimiy ko‘makchi bo‘lmoqda.

Ayni shu maqsadda davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Prezident Xalq qabulxonasi joriy yilning o‘tgan davrida Jizzax, Farg‘ona, Xorazm, Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridagi 400 dan ziyod mahallada mazkur loyihani amalga oshirdi. Unga ko‘ra Baxmal, Arnasoy, Mirzacho‘l, Toshloq, Quvasoy, Farg‘ona, Shovot, Hazorasp, Tuproqqal’a, Yangibozor, Shofirkon, Xo‘jayli, Bo‘zatov, Denov, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun, Sho‘rchi tumanlari, Nukus, Farg‘ona, Quvasoy, Qo‘qon shaharlaridagi 1 ming 788 nafar murojaatchiga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shulardan 1 ming 400 nafardan ziyod ishsiz murojaatchilarga, asosan og‘ir sharoitdagi xotin-qizlarga o‘n turga yaqin ish anjomlari olib berilib, o‘z hududidagi lider tadbirkorlarga biriktirildi. Misol uchun, Shovotning Shovot mahallasida hunarmand Sadoqat Matpanayeva 10 turdagi quroqlar tayyorlab, Qozog‘istonga eksport qilyapti. Buyurtmalari kundan kun oshayotgan Sadoqat ham mazkur loyiha doirasida yana 6 nafar quroqchini ishga qabul qildi. Xuddi shunday kamida besh yillik tajribaga ega baxmallik Marhabo Nazarova va Mehriniso Rahmonova kabi yosh tadbirkorlar ham 3-4 nafardan yangi chevarlarni yoniga olib, faoliyatini yanada kengaytirdi. Ularning aytishicha, ishlagan chevar Baxmalning shu chekka qishlog‘ida turib ham oyiga 3-4 million so‘m bemalol daromad qila oladi. Shofirkonning “Qalmaqon” mahallasida yashovchi Mohira Ikromova o‘z uyida go‘shtni qayta ishlab, yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari, Denov mahallasida yashovchi Nodira Karimova esa separatorda sutdan qaymoq, sariyog‘ olib, bozorga chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

Faqat va faqat xalq bilan muloqot qilish bilan har bir inson, har bir oila barcha davrda istaydigan, intiladigan ijtimoiy adolatga erishish mumkin. Zotan, buyuk ma’rifatparvar jadid bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “Har bir millatning taraqqiy va taoliysi, davlat va hukumatlarning uzun yashamog‘i adolatga bog‘liqdur”.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar