Davlatimiz rahbari bahorning ilk kunlarida Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida aholini bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida qator topshiriqlar bergan edi.
Shundan kelib chiqqan holda Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev tashabbusi bilan joylarda oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha “Murojaatdan daromadga 5 qadam” loyihasining amalga oshirilishi boshlangandi.
Joriy yilning o‘tgan davrida Jizzax, Farg‘ona, Xorazm, Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridagi 400 dan ziyod mahallada mazkur loyihaning ijrosi ta’minlandi. Unga ko‘ra 2 mingga yaqin murojaatchiga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Xususan, Xorazm viloyati Shovot hamda Hazorasp tumanlarida istiqomat qiluvchi ishsiz ayollarning mehnat bandligini ta’minlash maqsadida 170 nafariga zamonaviy tikuv mashinalari topshirilgandi. O‘z tikuv mashinasiga ega bo‘lgan ayollar ishlab chiqarish hamda oilaviy korxonalarga kooperatsiya shaklida biriktirilgan edi. Xo‘sh, bu ishlarning natijasi qanday bo‘lyapti?
Misol uchun yaqin-yaqingacha ishsiz bo‘lgan shovotlik Zulayho Safoyeva endilikda ayollar libosidan tortib bolalar uchun mo‘ljallangan kiyimlarni tikyapti, keyingi rejalarini esa aniq maqsadga aylantirgan. U milliy liboslarni tikib, xorijga eksport qilishni hamda Xivada xorijlik mehmonlarga sotishni yo‘lga qo‘ymoqda.
Yana bir qahramonimiz Shovot tumaning “Do‘stlik” mahallasida istiqomat qiluvchi Ra’no Qalandarova ham yangi mashinalarni qabul qilgan ayollar bilan ish boshlagan. Kooperatsiya shakligidagi faoliyati natijasida ishlab chiqarish hajmi bir necha barobarga oshgan. Navbatdagi qadamini mahsulotlarni chet elga eksport qilishga qaratgan.
Ro‘zg‘orining kam-ko‘stini to‘ldirish, uyining qurilishini tugatish uchun Iqbol Rahimova turmush o‘rtog‘i bilan 6-7 yil davomida chet elda ishlashiga to‘g‘ri kelgan. Yaqinlar diydori, farzandlar sog‘inchi uning qalbini o‘rtagan. Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan berilgan imkoniyat natijasida u o‘z mahallasida ishga, doimiy daromadga ega bo‘ldi. Bugun u ham o‘z uyida, oilasi bag‘rida.
Hunarning ortidan daromadli bo‘lishimiz mumkin, ammo qo‘lida hunari bo‘la turib, ishni nimadan boshlashni bilmagan yoki ish quroli bo‘lmagan ayollarga berilgan amaliy ko‘mak bugun ularning oyoqqa turishga yordam berdi.
Masalan, Umida Ismoilova 5 nafar farzandning onasi, turmush o‘rtog‘i 2-guruh nogironi. “Murojaatdan daromadga 5 qadam” loyihasi tufayli bugun u nafaqat o‘zini, balki qo‘shni ayollarni ham daromadli ishga yo‘naltira oldi.
Bunday imkoniyatdan hazorasplik ayollar ham chetda qolmagan. Prezident Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar asosida 104 nafar ehtiyojmand ayollarga tikuv mashinalari sovg‘a qilingan edi. 29 nafar tadbirkorga kooperatsiya asosida biriktirilgan ayollar bugun ham hunarli, ham daromadli bo‘lishdi.
Tadbirkor Matluba Sattarova tikuvchilik sexiga zamonaviy tikuv mashinalari o‘rnatilib, 8 nafar ishsiz ayolning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, ushbu tikuvchilik korxonasiga “Ayollar daftari”da turuvchi 15 nafar xotin-qizlar jalb etilib, ularning ham bandligi ta’minlandi.
Umuman olganda, ko‘rsatilgan yordam tufayli bugun oyoqqa turib, daromad topayotgan ayollar o‘z ishining ustasiga aylanishmoqda.
Prezident Xalq qabulxonasining “Murojaatdan daromadga 5 qadam” loyihasi boshqa hududlarda ham davom etmoqda.
Izoh qoldirish