Mutaxassislar O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollari va qishloq xo‘jaligi xususida qanday fikrda?

Mutaxassislar O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollari va qishloq xo‘jaligi xususida qanday fikrda?

SamISI iqtisodiyot fanlari doktori Murod Muxammedov O‘zbekiston iqtisodiyotidagi muammolar, ularning yechimlari, qishloq xo‘jaligining rivojlanishida davlatning o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Ekspert mamlakatning iqtisodiy va uning hosilasi sifatida ijtimoiy yuksaltirish muammosining hal etilishi avvalambor iqtisodiy sohada ijod qilayotgan iqtisodchi olimlarning mahoratiga, ularning iqtisodiy yuksalish muammolarining keng osmonida uning bosh nuqtalarini topa bilish qobiliyatiga bog‘liq, deb hisoblaydi.

–– Iqtisodiyotda muammolarni qanday baholaysiz, ularga yechim bormi. Shu bilan birga mamlakatning iqtisodiy yuksalishiga iqtisodchi olimlarning o‘rni qanday deb bilasiz?

Iqtisodiy yuksalish O‘zbekiston oldida turgan va sabrsizlik bilan o‘zining yechimini kutayotgan dolzarb muammo.

- Birinchidan, ulkan iqtisodiy salohiyatga ega, resurslarga boy va o‘zining xalqiga farovon hayot kechirish uchun munosib va qulay shart-sharoit yaratib berishga qodir mamlakatning 5 mln.dan ziyodroq aholisi xorijda, o‘zining ona tuprog‘idan yiroqda daromad topish ilinjida azob-uqubatlarga bardosh berib, mehnat migratsiyasida yurgani;

- ikkinchidan, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM hajmi bo‘yicha jahon reytingida 190 ta mamlakat o‘rtasida 159-chi o‘rinni egallab turgani;

- uchinchidan, o‘rtacha oylik nominal maoshning atigi 2,7 mln. so‘mni tashkil qilganligi (oilada 3 nafar farzand bo‘lib, er-xotin ishlagan taqdirda ham, oila a’zolari jon boshiga to‘g‘ri keladigan kunlik sof daromad 3 dollardan oshmaydi);

- to‘rtinchidan, nufuzli FocusEconomics nashriyotining O‘zbekistonni dunyoning o‘nta eng kambag‘al mamlakatlari ro‘yxatiga kiritgani;

- beshinchidan, har yettinchi O‘zbekiston aholisining (4-5 mln. atrofida) kambag‘allikda hayot kechirayotgani fikrimizning yorqin dalilidir.

Ushbu noxush va ko‘ngilsiz vaziyatni yumshatishning, undan imkon qadar tez va muvaffaqiyat bilan chiqib ketishning, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning to‘g‘ri ekangligini butun dunyo miqyosida isbotlashning yagona yo‘li – iqtisodiy o‘sish sur’atlarini jadallashtirishdan iborat. Milliy iqtisodiyotda yuzaga kelgan og‘ir vaziyat iqtisodiy muammolarni yechishning nostandart, butun dunyoni lol qoldirishga loyiq darajada mukammal, O‘zbekistonni uning salohiyatiga mos keladigan iqtisodiy jihatdan qudratli (aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM ning o‘rtacha hajmi, o‘rtacha ish haqi, o‘rtacha nafaqa va shu kabi aholi turmush darajasining boshqa ko‘rsatkichlari bo‘yicha) davlatlardan biriga aylantirish imkonini beruvchi yo‘llarni izlab topishni taqazo etadi.

Iqtisodiyotda muammolar ko‘p. Ulardan har birining o‘nlab, yuzlab yechimlari mavjud. Lekin hamisha son-sanoqsiz muammolarning son-sanoqsiz yechimlari o‘rtasida eng oqilona, eng yuqori samara beruvchi faqat bitta, yakkayu-yagona yechimi bo‘ladi. Barcha yechimlar orasida aynan o‘sha yakkayu-yagona to‘g‘ri yechimni izlab topish muammolarning kvadratdagi muammosi, desak, ayni haqiqani aytgan bo‘lamiz. Bu tunning qorong‘i kechasida keng dala maydonida yo‘qolgan, ammo mavjud bo‘lgan ignani izlab topishdek murakkab va mashaqqatli. Ana shu murakkab, ayni vaqtda o‘ta mashaqqatli vazifani bajarishni uddasidan chiqqan mamalakatlar yuksalishga, uddalay olmaganlari esa, aksincha, inqirozga yuz tutadilar yoki juda oshib ketganda, toshbaqa yurish tezligida oldinga qarab siljishga erishadilar va oxir-oqibatda, qoloq mamlakatga aylanib qoladilar.

Mamlakatning iqtisodiy va uning hosilasi sifatida ijtimoiy yuksaltirish muammosining hal etilishi avvalambor iqtisodiy sohada ijod qilayotgan iqtisodchi olimlarning mahoratiga, ularning iqtisodiy yuksalish muammolarining keng osmonida uning bosh nuqtalarini topa bilish qobiliyatiga bog‘liq. Masalan, XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida firmalar o‘rtasida raqobat kurashi behad keskinlashib, jahon xo‘jaligida og‘ir vaziyat yuzaga kelganda, dunyoga mashhur iqtisodchi Y.Shumpeter muammoli vaziyatdan chiqishning yagona va to‘g‘ri yo‘lini izlab topish sharafiga muyassar bo‘ldi. U tadbirkorlikni rivojlatirish, firmalar faoliyatida yangilik va innovatsiyalarni keng joriy etish ekanligini asoslab berdi. O‘sha zamonning ko‘zga ko‘ringan taniqli iqtisodchilari olimning mahorat bilan yaratgan ilmiy qarashdarini juda katta quvonch bilan qarshi olmagan, aniqrog‘i uni to‘g‘ri baholay olmagan bo‘lsalarda, hamma narsaning hakami bo‘lgan vaqt u yaratgan ta’limot iqtisodiy taraqqiyot, umuman kelajak avlod uchun nechog‘lik ahamiyatli va foydali ekanligini ko‘rsatdi. Yoki boshqa bir misol. O‘tgan asrning 70-chi yillarida iqtisodchi T.Shuls va G.Bekkerlar inson kapitali g‘oyasini rivojlantirib, inson kapitaliga investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligi to‘g‘risidagi ta’limotni yaratdilar. Aynan shu ta’limotning amaliyotga tadbiq etilishi qisqa tarixiy davr mobaynida G‘arb mamlakatlarining ijtimoiy-itisodiy taraqqiyotda misli ko‘rilmagan, inson aqli bovar qilmaydigan natijalarga erishish, iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini dunyoga namoyish etish, farovon turmush kechirish sharafiga muyassar bo‘lish imkonini berdi. Iqtisodiy taraqqiyotda aynan inson kapitaliga ustunlik berish, uni iqtisodiy yuksalishning bosh omiliga aylantirish G‘arb mamlakatlarining iqtisodiy gegemonlikni qo‘lga kiritishlarida asosiy rol o‘ynadi. Jahon xo‘jaligining boy tajribasiga tayangan holda bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Eng muhimi bugungi kunda yuqorida zikr etilgan va boshqa ta’limotlarning bepoyon samarasidan butun jahon xo‘jaligi bahramand bo‘lmoqda.

O‘zbekiston milliy iqtisodiyotini bugungi og‘ir ahvoldan chiqarishning va uni iqtisodiy yuksalishning ravon yo‘liga olib chiqishning samarali yo‘llari muqarrar borligini, muammo faqat uni izlab topishda ekanligini yana bir bor ta’kidlamoqchimiz. Shu munosabat bilan o‘zimizning bu boradagi ayrim fikr-mulohazalarimizni siz muhtaram gazetxonlar muhokamasiga havola etmoqchimiz.

–– XXI asrning dolzarb muammosi nima deb hisoblaysiz?

- Insonning oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish birinchi darajali ahamiyatga ega. Taniqli sotsiolog A.Maslouning inson ehtiyojlari iyerarxik piramidasining birinchi qavatida, ya’ni asosida insonning fiziologik (organik) ehtiyojlari joylashganligi bejiz emas. Shu sababli har qanday zamonaviy davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatida aholi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash markaziy o‘rin tutadi.

Shu aksioma nuqtai nazaridan kelajakda aholini yashash uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda qanday tub o‘zgarishlar va jiddiy muammolar yuzaga kelishi mumkinligini chamalab ko‘raylik.

Yiliga yer kurrasida yashayotgan aholi soni 80 mln. dan ziyodroqqa ko‘paymoqda. Mutaxassislvrning fikriga ko‘ra, 2050 yilga borib planetamiz aholisining soni 10 mlrd. kishiga yaqinlashishi mumkin. Hozirning o‘zida 1mlrdga yaqin kishi to‘yib ovqatlanish imkoniyatidan mahrum va ocharchilikka mahkum etilgan. Muammoning ikkinchi va yanada murakkabroq jihati 2050 yilga borib aholi daromadlarining o‘sishi natijasida uning oziq-ovqat mahsulotlariga talabi ham uzluksiz o‘sib boradi. Iqtisodiyotning inkor etib bo‘lmaydigan ob’yektiv qonunlarining talabiga muvofiq, jamiyat rivojlangan sayin aholining ehtiyojlari ham son jihatidan kengayib, sifat jihatidan takomillashib boradi.

Yaqin 30 yil mobaynida Yer kurrasi aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga to‘xtovsiz o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirishni ta’minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar ro‘yxatini yana bir qator ahamiyatli, ayrim hollarda o‘ta ahamiyatli negativ xalqalar bilan to‘ldirish mumkin. Bular jumlasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirishning asosiy yo‘nalishi sifatida yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish va ishga tushirish hisobidan ekin maydonlarini yanada kengaytirish imkoniyatlarining mavjud emasligi; qishloq xo‘jaligida tuproq unumdorligi pasayishi qonuning amal qilishi natijasida keyingi qo‘shilgan qiymatga hosildorlikning tobora kamayib borishi; global isishning salbiy oqibatlari va ularning iqlim va ob-havo o‘zgarishlariga kuchli ta’siri; ekinzorlarni va chorva mollarni sug‘orishga yaroqli presslangan toza suv zaxiralarining geometrik progressiyada kamayib borayotganligi va suv tanqisligi muammolari yanada kuchayishining muqarrarligi va boshqalar. Hozirning o‘zidayoq salkam 1 mlrd. aholining qornini nonga to‘ydirishga ojizlik qilayotgan va uni yechish uchun kurashayotgan jahon xo‘jaligining yer resurslari va ishlab chiqarish kuchlari, bu borada bugungi kunda mavjud muammolar ustiga yuqorida nomlari zikr etilgan yangi muammolar qatlami qo‘shilgandan keyin qay ahvolga tushishi mumkinligini, uning natijasida kishilik jamiyati qanday og‘ir qiyinchiliklarga duch kelishini juda katta dipazondagi xatolar doirasida taxmin qilish mumkin.

–– O‘zbekistonni iqtisodiy yuksaltirishning bosh nuqtasi haqida ham gapirib bering

- Nazarimizda, O‘zbekiston milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning uzoq muddatlarga mo‘ljallangan strategiyasini, uning sohalar va tarmoqlar bo‘yicha tarkibiy tuzilishini shakllantirishda kelajakda jahon aholisining, jumladan O‘zbekiston aholisining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda yuzaga chiqishi muqarrar bo‘lgan muammolarni hisobga olgan holda yondashish mamlakat milliy iqtisodiyoti yuksalishiga erishishning muhim sharti hisoblanadi. Chunki aynan qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston kelajakda oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha xalqaro mehnat taqsimotida asosiy o‘yinchilardan biri sifatida faol ishtirok etishi, eng muhimi qishloq xo‘jaligini iqtisodiy yuksalishning raqobatda tengi yo‘q sohaga aylanishi mumkinligi haqiqatdan uncha yiroq bo‘lmagan ehtimol.

Jahonda uch sektorli iqtisodiyot nazariyasiga muvofiq taraqqiyotning industrial bosqichidan postindusrial bosqichiga o‘tish jarayoni shiddat bilan kechmoqda. Shunday bir paytda agrar sohani ustun rivojlantirish to‘g‘risidagi takliflar juda g‘alati va g‘ayritabiiy tuyulishi mumkin. Lekin O‘zbekistonda yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va mamlakat milliy iqtisodiyotining o‘ziga xos xususiyatlari aynan agrar sektorni tez sur’atlar rivojlantirishni, uni istiqbolda iqtisodiy yuksalishning yetakchi omiliga aylantirishni taqazo etadi. Ushbu nuqtai nazar hozirgi kunda iqtisodiyot ilmi olamida hukmronlik qilayotgan va dunyoning deyarli barcha mamlakatlari amaliyotda qo‘llayotgan uch sektorli iqtisodiyot nazariyasining tamoyillariga tamoman zid. Chunki unga muvofiq, postindustrial jamiyatda iqtisodiyotda bandlarning 10% qishloq xo‘jaligida, 20% sanoatda, 70% xizmatlar sohasida band bo‘lmog‘i lozim. Hozirgi kunda O‘zbekistonda sektorlarning ulushi mos tarzda 26,2 %, 33,3 % va 50.5 %ni tashkil qiladi. Lekin shunday bo‘lsada, milliy xususiyatlarga ega O‘zbekiston sharoitida aynan qishloq xo‘jaligini strategik sektor sifatida qarash juda katta samara berishi mumkin. U jahon andozasiga qanchalik to‘g‘ri kelishidan qat’iy nazar, biz uchun iqtisodiy taraqqiyotda erishilgan pirovard natija muhim. Faqat bunga erishish uchun agrar sohaga munosabatni tubdan o‘zgartirish lozim.

–– Nima uchun aynan agrar sohani ustun rivojlantirish kerak?

- O‘zbekistonda agrar sohani ustun rivojlantirish g‘oyasi quyidagilarga asoslanadi.

Birinchidan, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotining ulkan imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligi juda past. Bu esa kelajakda ushbu omil hisobidan katta natijalarga erishish imkoni borligini anglatadi. Buning o‘nlab sabablari tarkibida ikkita eng asosiylarini ajratib ko‘rsatmoqchimiz: investitsiyalarning kamligi va malakali kadrlarning yetishmasligi. Har ikkala kamchilik ham bartaraf etilishi mumkin, agar ushbu jarayonlarda davlat faol ishtirok etsa.

O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari va paxta tolasi yillik eksportining umumiy qiymati 1,8 mlrd. AQSh dollariga teng. Ayni paytda, Vetnam qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportidan bir yilga 40 mlrd. AQSh dollari miqdorida daromad oladi. Agar O‘zbekistonning yer maydoni (448,9 ming kv.km) Vetnamnmng yer maydonidan (310,1 ming kv.km) qariyb 1,5 marta ko‘pligini hisobga olsak, mamalakatimizda tabiat bizga saxiylik bilan to‘hfa qilgan unumdor yer resurslaridan qanchalik “unumli” foydanayotganimiz, achchiq bo‘lsada, ochiqroq qilib aytadigan bo‘lsak, qimmatbaho resurlardan foydalanishda beburdlik qilayotganimiz ayon bo‘ladi. Xalqimizda “Shayxda hunar bo‘lmasa – machitning keng ayvoni ham torlik qiladi”, degan ajoyib naql bor. Agar biz Yaratganning o‘zi bizga saxiylik bilan in’om etgan mo‘’tabar va muqaddas ona zamin, dunyoda tengi yo‘q, eng mazali va shirin, yuqori sifatli, turli xil vitamin va minerallarga boy, har qanday elita va superelita dasturxonining bezagi bo‘lishga loyiq betakror noz-ne’matlarni yetishtirishga imkon beruvchi iqlim sharoitlaridan o‘rinli foydalanaolmayotgan bo‘lsak, bunga kim aybdor?

Agar biz aql va zukkolik bilan ish tutib, yerning hosildorligini keskin ko‘tarish hisobidan har bir gektar sug‘oriladigan yer maydonidan olingan mahsulot eksportidan daromad miqdorini Vetnam darajasiga (6100 AQSh dollari, bizda esa 440 dollar) yetkazsak, O‘zbekistonning oziq-ovqat mahsulotlarini chetga sotishdan milliy xazinaga kelib tushadigan mablag‘ 20 mlrd.AQSh dollardan ziyodroqni tashkil qilgan bo‘lar edi. Lekin yana bir narsani e’tiborga olish kerakki, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va uni eksport qilishdan daromad olishda bugungi kunda vetnamliklar erishgan daraja – bu hali marraning so‘nggi nuqtasi emas. Agar har bir qarich yerni qadrlasak, unga munosabatimizni tubdan o‘zgartirsak, sohaga investitsiyalarni ko‘paytirsak, uning sub’yektlarini bilimli, yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlasak, O‘zbekiston yaqin kelajakda mamlakat xazinasiga kelib tushadigan daromad darajasi bo‘yicha vetnamliklardan o‘zib ketib, dunyoda peshqadamlik qilayotgan davlatlar ro‘yxatidan munosib o‘rin egallashi va ibratli mamkatlardan biriga aylanishi muqarrar. Chunki O‘zbekiston Ollohning nazari tushgan, aynan agrar sohada dunyoning juda ko‘p mamlakatlariga nisbatan mutlaq monopol ustunlikka ega bo‘lgan o‘ziga xos noyob mamlakat. Bunday monopol ustunlikka ega bo‘lmagan milliy iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari bu borada agrar soha bilan bellasha olmaydi.

Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligi mehnat talab tarmoq. Bu har bir yangi ish o‘rniga katta ehtiyoj bor O‘zbekiston uchun ishsizlik darajasini pasaytirish nuqtai nazaridan juda muhim. Qishloq joylarida yaratilgan yangi ish o‘rinlari nisbatan arzonga tushadi, ularning o‘zini qoplash muddati esa ancha qisqa, odatda 1-1,5 yilni tashkil etadi. Demak, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish mehnat resurslariga boy va ayni paytda moliyaviy pesurslar tanqisligi yuqori O‘zbekiston sharoitida ishsizlik darajasini pasaytirish muammosini hal etishda katta ijobiy samara beradi.

Uchinchidan, millionlab dehqonlarning mashaqqatli mehnati va peshana teri evaziga yetishtirilgan qimmat baho qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining talaygina qismi hosilni yig‘ib llish, tashish, saqlash va sotish jarayonida nast-nobud bo‘ladi. Albatta, bir yilda O‘zbekistonda ushbu omilning ta’siri natijasida qancha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari isrof bo‘layotganini aniq hisobini olish imkoni yo‘q. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda yillik hosilning taxminan 35-40 % turli sabablar oqibatida nest-nobud bo‘ladi. O‘zbekiston ham rivojlanayotgan mamlakatlar toifasiga mansub bo‘lganligi sababli, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining katta qismi iste’molchi ixtiyoriga borib yetgunga qadar isrof bo‘ladi yoki iste’molga yaroqsiz holatga keladi degan xulosaga kelish o‘rinli. Kuzatishlar shundan dalolat beradiki, investitsiyalar tanqisligi va qishloq xo‘jaligi infratuzilmasining zaif rivojlanganligi tufayli tomchilab sug‘orish imkoniyatlaridan unumli foydalanish, ishlab chiqarishni tashkil etish va hosilni yig‘ib olish jarayonlarini tegishli texnika vositalari bilan ta’minlash, agroxizmatlar sifatini oshirish, mahsulotni tashish, saqlash kabi muhim yo‘nalishlarda jiddiy muammolar mavjud. Demak, kelajakda ushbu muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish asosida tarmoqning mamlakat yalpi ichki mahsulolotini shakllantirishdagi ishtirokini sezilarli darajada oshirish, uni milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmog‘i sifatidagi mavqeini mustahkamlash istiqbollari juda katta. Ayniqsa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sanoat korxonalarida qayta ishlash va ularni iste’molga tayyor holga keltirish davlat agrar siyosatining markaziy bo‘g‘iniga aylanmog‘i lozim.

To‘rtinchidan, keyingi yillarda O‘zbekistonda zamonaviy genomika va bioinformatika usullaridan foydalanish asosida qishloq xo‘jaligi ekinlari, dorivor va texnik o‘simliklar, mikroorganizmlar, hayvonlar yetishtirish unumdorligini keskin oshirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarining hajmini yer resurslarini kengaytirish, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish hisobidan ko‘paytirish imkoniyatlari to‘la ishga tushirilgan hozirgi vaziyatda, har bir qarich yer maydonidan undiriladigan hosilni, ya’ni yerning hosildorligini oshirish – bu qishloq xo‘jaligida yaratiladigan yalpi ichki mahsulot hajmini ko‘paytirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning yetakchi manbaidir. Ana shu real haqiqatdan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda zamonaviy genomika va bioinformatika usullaridan foydalanish orqali zamonaviy gen va hujayra muhandisligi, molekulyar markerlarga asoslangan genom va virtual seleksiya dasturlarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish borasida diqqatga sazovor chora-tadbirlar amalga oshirildi va ushbu jarayonlar shiddat bilan davom etmoqda. Lekin qishloq xo‘jaligida mazkur yo‘nalishni tarmoqni ustun rivojlantirishning uzoq muddatlarga mo‘ljallangan bosh strategiyasi sifatida qabul qilishdan va ushbu strategiyani amalga oshirish bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlarni, uni tegishli kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha katta miqdordagi mablag‘larni sarflashdan oldin, tanlangan strategiyaning uzoq kelajak nuqtai nazaridan qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi to‘g‘risida jiddiy o‘ylab olishimiz, bunday muhim ishni bajarishda bizga o‘tmishdan meros qolgan “Yetti o‘lchab, bir kes ” degan maqolning tamoyillariga qat’iy rioya qilmog‘imiz lozim. Tarix saboqlari mustaqillik yillarida makrodarajada iqtisodiyotni boshqarish bilan bog‘liq katta siyosatni amalga oshirishda, bu xususda uzoq yillarga mo‘ljallangan va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qarorlar qabul qilishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar jamiyat uchun naqadar qimmatga tushishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Beshinchidan, hozirgi kunda mamlakatda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy qismi xorijiy mamlakatlarga xom ashyo sifatida eksport qilinadi. Ma’lumki bunday mahsulot qiymatining tarkibida qo‘l mehnatining ulushi juda katta. Vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun xorijga eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibida ularning sanoat asosida qayta ishlangan va iste’molga tayyor holga keltirilgan turlarini uzluksiz oshirib borish siyosatini amalga oshirish kerak. Tabiiyki, ushbu siyosatni amalga oshirish investitsiya hajmini sezilarli darajada ko‘paytirish muammosiga borib taqaladi.

–– Qishloq xo‘jaligi istiqbollari haqida nimalar deya olasiz?

Hozirgi kunda agrar sohada qishloq xo‘jaligini boshqarishning uzoq yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tanlashda zamonaviy genomika va bioinformatika usullariga ustunlik berish siyosati hayotga tadbiq etilmoqda. Lekin ushbu siyosat qishloq xo‘jaligida mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish muammosini hal etishning katta samara beradigan yo‘nalishi emas. Lo‘nda qilib aytganda, u jamiyat manfaatlariga unchalik mos kelmaydigan, faqat vaqtinchalik samara berishi mumkin bo‘lgan istiqbolsiz yo‘nalish. O‘zbekistonda GM-mahsulotlar ishlab chiqarishni keng asosda yo‘lga qo‘yish qisqa muddatlarda qishloq xo‘jaligida hosildorlikni keskin oshirishi va uning hisobidan tarmoq iqtisodiyotida ijobiy siljishlarga olib kelishi muqarrar. Lekin, O‘zbekistonning uzoq kelajagi nuqtai nazaridan ushbu jarayonlar tahlil qilinganda, u oldindan prognozlash og‘ir salbiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoli juda kattaligini ko‘rsatdi. Birinchidan, GM-mahsulotlarning inson organizmiga ta’siri va uning oqibatlari xususida aniq va ishonchli tajriba hamda ilmiy natijalar mavjud emas. Ikkinchidan, dunyo mamlakatlarida o‘rta sinfga mansub aholi sonining jami aholi tarkibidagi ulushining oshib borishi, jahonda boy-badavlat oilalar sonining uzluksiz o‘sib borishi natijasida organik va GM– mahsulotlarning bozor narxlari o‘rtasidagi tafovut tobora kuchayib boradi.Ular o‘rtasidagi raqobat kurashi oxir –oqibatda sarf-xarajatlardan olinadigan foyda darajasining tenglashuviga olib keladi. Demak, muayyan yer maydonidan ko‘p GM – mahsulot yetishtirib arzon narxlarda sotishdan olinadigan daromad an’anaviy usulda nisbatan kam hajmdagi organik mahsulotni yuqori narxda sotishdan olinadigan daromad miqdoriga teng bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda, yuqorida ta’kidlaganimizdek, aynan qishloq xo‘jaligi sohasida katta monopol ustunlikka ega O‘zbekiston organik mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashuvi maqsadga muvofiq. Kelajakda yer kurrasida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning bevosita ta’siri ostida boy-badavlat oilalarning soni, ularninng jami oilalar sonidagi ulushi uzluksiz tarzda o‘sib boradi. Demak, sifatli, tabiiy organik mahsulotlarga talab ham GM – mahsulotlarga talabga nisbatan tezroq sur’atlarda o‘sadi. Natijada jahon bozordagi narxlar ham aynan organik mahsulotlar foydasiga o‘zgarib boradi va tabiiyki, organik mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mamlakat oxir-oqibatda yutib chiqadi. Bundan tashqari, dunyo mamalakatlarining barchasida aholining elita va superelita qatlamiga mansub qismi sifatli organik mahsulotlarga talab bildiradilar.

–– Qishloq xo‘jaligi davlat yordamiga muhtojmi?

Jahon tajribasi shundan dalolat beradiki, zamonaviy bozor iqtisodiyoti sharoitida milliy iqtisodiyotning bironta soha yoki tarmog‘i davlatning bevosita va kuchli ishtirokisiz rivojlanmaydi. Ayniqsa, aholi keng qatlarining fiziologik ehtiyojlarini qondirish va mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq, lekin tadbirkorlar uchun investitsion jozibadorligi nisbatan past qishloq xo‘jaligi sohasida davlatning amaliy yordamiga ehtiyoj juda baland.

Ob’yektiv sabablarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ma’sulotlari ishlab chiqaruvchi xo‘jalik sub’yektlari (fermer xo‘jaliklari, dehqon xo‘jaliklari va boshqalar) boshqa soha va tarmoqlar, masalan, sanoat, xizmatlar sohasi, darajasida rentabellikni ta’minlay olmaydi. Lekin bundan jamiyatning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talabi bir misqol ham kamaymaydi. Talab va taklif qonunlari talablariga muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bozor narxlarining oshishi iste’molchilarning to‘lovga qodir talabini qondirishning yakkayu-yagona manbaiga aylanadi. Ushbu murakkab vaziyatda davlat keng xalq ommasi iqtisodiy manfaatlarining asosiy himoyachisi sifatida, ishlab chiqarish rentabelligi ancha past bo‘lgan qishloq xo‘jaligini turli vositalar (subsidiyalar, dotatsiyalar, kredit va soliqlardagi imtiyozlar, kvotalar, davlat buyurtmalari va boshqalar) orqali qo‘llab-quvvatlashni o‘z zimasiga olishi zarur. Ayrim iqtisodiyoti ustun rivojlangan va xalq mafaatlarini so‘zda emas, amalda yuqori qadrlaydigan G‘arb mamlakatlarida davlatning qishloq xo‘jaligini qo‘o‘lab-quvvatlashga moliyaviy sarf-xarajatlari mahsulot qiymatidan ikki martadan ziyodroq. Bu davlatning mamlakat aholisi manfaatlarini himoya qilish, uning farovon hayoti haqida chinakamiga g‘amxo‘rlik qilishning ibratli namunasi.

Afsuski, O‘zbekistonda rasmiy statistik ma’lumorga tayanib, bozorlada iste’molchilar tomonidan xarid qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxida mahsulot qiymatining va davlat sarf-xarajatlarining ulushlari qanchaligini aniqlash imkoni mavjud emas. Lekin qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bozordagi narxlarning o‘ta beqarorligiga qarab mavjud narxlarda davlat sarf-xarajatlarining ulushi uncha katta emasligi xususida xulosa qilish mumkin.O‘zimizda yetishtiriladigan qovun narxining bozorda bir yilda 80 foizga oshib ketgan O‘zbekistonda davlatning agrar siyosatini takomillashtirish ustida jiddiy bosh qotirish, joiz bo‘lsa, yuqori samarali, nostandart qarorlar qabul qilish lozimligidan dalolat beradi.

Qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirishning muhim va ayni paytda o‘ta murakkab, mamlakatning dunyo mamlakatlari bilan integratsiyalashuv jarayonlari natijasida tobora ahamiyati oshib borayotgan yo‘nalashlaridan biri – bu tarmoqni subsidiyalash asosida unga moliyaviy yordam ko‘rsatish, og‘irini yengil qilishdan iborat.

2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Strategiyasida agrar sohani boshqarishda davlatning rolini pasaytirish va uning investitsion jozibadorligini oshirish vazifasi qo‘yilgan. Lekin Strategiyada qanday qilib ushbu sektorning invetitsion jozibadorligini oshirishga erishish mumkinligi, uni amalga oshirishning aniq mexanizmlari asoslab berilmagan. Soha yoki tarmoqning investitsion jozibadorligini oshirishning birinchi va asosiy sharti – bu qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyatiga tikilgan asosiy va aylanma kapitalning samaradorligi. Aniqroq qilib ifodalaganda, tadbirkor agrar sektorga yo‘naltirgan kapital qo‘ilmalarning har bir so‘miga oladigan foyda miqdori sanoat va xizmat ko‘rsatish sektorlaridan olinayotgan foydaga hech bo‘lmaganda teng yoki undan ham yuqoriroq bo‘lgan taqdirdagina investitsiya tikishga moyillik bildiradi.Aks holda agrar sektorning investitsion jozibadorligini oshirish haqidagi fikr- mulohazalar faqat qog‘ozda bitilgan badiiy san’at namunasiga aylanib qolishi ham mumkin.

Ishlab chiqarish rentabelligi boshqa soha va tarmoqlarga nisbatan ancha past bo‘lgan qishloq xo‘jaligida investitsion resurslar tanqisligi muammosini yechishning muhim yo‘nalishlaridan biri – davlatning tarmoqni moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash siyosatini takomillashtirishdan iborat. Bunda asosiy e’tibor tarmoqni subsidiyalash mexanizmlari yordamida qo‘llab-quvvatlashdan tarmoqda ishlab chiqariladigan mahsulot hajmini ko‘paytirish va resurslar samaradorligini oshirish asosida uning bozordagi narxini pasaytirishga qaratilgan bo‘lmog‘i lozim. Bunday siyosat mahsulot tannarxini pasaytirish, uning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini ta’minlash, ishlab chiqarish rentabelligini oshirish imkonini beradi. Pirovad natijada tarmoqning tadbirkor uchun investitsion jozibadorligi ortadi, qishloq xo‘jaligiga sarmoya sarflashga tayyor tadbirkorlar soni ko‘payadi.

Ushbu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, har bir tumanda byudjet mablag‘lari hisobidan jahon amaliyotining ilg‘or tajribalariga tayanib ish tutadigan namunaviy davlat xo‘jaliklari tashkil etilishi lozim. Taklif etilayotgan davlat xo‘jaliklari zamonaviy texnika bilan qurollangan, innovatsion texnologiyalarni qo‘llashga tayyor, yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlangan, mahsulot hosildorligini va yerning unumdorligini jahon andozalari darajasiga ko‘tarishga qodir, salohiyati yuqori zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari sifatida maydonga chiqishlari lozim. Ushbu xo‘jaliklar nafaqat sifatli va qiymati arzon mahsulot ishlab chiqarish orqali tumandagi fermer va dehqon xo‘jaliklariga namuna ko‘rsatishlari, balki agrar soha serqirra xo‘jalik faoliyatining barcha yo‘nalishlarida ularga amaliy yordam ko‘rsatishni o‘z zimmasiga olishlari kerak. Boshqacha qilib aytganda, ular tuman bo‘yicha dehqonchilik va chorvachilikning samarali rivojlantirishning muhim bo‘g‘iniga, qolaversa tuman hududidagi barcha xo‘jaliklarida hosildorlikni oshirishning asosiy tashkilotchisiga aylanmoqlari lozim. Lo‘nda qilib aytganda, davlat xo‘jaliklari mamlakatning har bir tumanida agrar soha iqtisodiyotini yuksaltirishning asosiy lokomativlariga aylanmoqlari lozim.

Ko‘zlangan maqsadga erishish uchun davlat xo‘jaliklariga rahbarni konkursli tanlov asosida tanlab olingan tashkilotchi, ishbilarmon, yuqori malakali, bilimdon, tajribali, eng muhimi, korrupsiyaga berilmagan shaxslarni tanlash tizimini joriy etish taklif qilinadi. Sababi bu rahbarning zimmasiga nafaqat o‘zi rahbarlik qilayotgan davlat xo‘jaligining, balki tumanda faoliyat yuritayotgan barcha fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyatining yakuniy natijasi yuklatilgan bo‘ladi. Rahbarning ish faoliyati natijalari ana jihatlarning barchasini hisobga olgan holda butun tuman agrar sohasining holati va rivojlanish dinamikasi asosida baholanishi va taqdirlanishi maqsadga muvofiq.

Respublika bo‘yicha barcha davlat xo‘jaliklari o‘rtasida ish faoliyatining turli ko‘rsatkichlari bo‘yicha reyting tizimi ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy qilinishi lozim. Bunday siyosatni amalga oshirish katta miqdordagi moliyaviy sarf-xarajatlar bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, dastlab uni bir yoki bir necha tumanlarda eksperiment tariqasida joriy etish maqsadga muvofiq.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar