Namangan viloyati sanoat sohasining 2023 yil yanvar-mart oylari yakunlari

Namangan viloyati sanoat sohasining  2023 yil yanvar-mart oylari yakunlari

Dastlabki ma’lumotlar bo‘yicha 2023 yilning yanvar-mart oylarida viloyat korxonalari tomonidan 4 429,2 mlrd. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2022 yilning mos davriga nisbatan sanoat ishlab chiqarishining fizik hajm indeksi 104,3% ni tashkil etdi.

Sanoat ishlab chiqarishi tarkibida eng katta ulush ishlab chiqaradigan sanoat hissasiga to‘g‘ri kelib, uning jami xajmi 3 685,7 mlrd. so‘mni yoki sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 83,2%ni tashkil etdi.

Shuningdek, tog‘-kon sanoati - 13,1 mlrd. so‘m yoki 0,3%, elektr ta’minoti, gaz, bug‘ yetkazib berish va sun’iy iqlim hosil qilish - 695,9 mlrd. so‘m yoki 15,7%, suv ta’minoti, oqava suv, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish - 34,5 mlrd. so‘m yoki 0,8%ni tashkil etilgani qayd etildi.

Ishlab chiqaradigan sanoat tarkibidagi to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish (31,4%), oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish (26,3%) va kiyim ishlab chiqarish (11,6%) yo‘nalishlari eng yuqori ulushga ega.

Viloyat YaHM tarkibidagi sanoat ulushi 25,8%ni tashkil etib, 2021 yil hisobot davriga nisbatan 0,8 punktga o‘sgan.

Hududlar kesimida sanoat ishlab chiqarilishining viloyatda jami hajmidagi eng yuqori ulushi Namangan shahriga (viloyat sanoat ishlab chiqarish hajmining 37%ni) shuningdek, To‘raqo‘rg‘on (20,2%), Chust (7,9%) va Namangan (6,5%) tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Eng past ko‘rsatkich esa Norin (0,9%) va Yangiqo‘rg‘on (1,9%) tumanlarida qayd etildi.

Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning taqsimlanishi viloyat bo‘yicha o‘rtacha 1 473,9 ming so‘mni tashkil etib, yirik sanoat korxonalari joylashganligi hisobiga To‘raqo‘rg‘on tumani (3 728 ming so‘m), Namangan shahrida (2 406 ming so‘m), Mingbuloq tumani (1 862,4 ming so‘m) va Namangan tumanida (1 530,4 ming so‘m) o‘rtacha viloyat darajasi ko‘rsatkichidan yuqoriligi kuzatilgan.

2023 yilning hisobot davrida viloyatda 246 dona yangi sanoat korxonalari tashkil etilib, jami faol sanoat korxonalar soni 5 789 ta sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1 924,4 mlrd. so‘mni yoki 2022 yilning mos davriga nisbatan 117,9% ga ko‘paygan holda, uning jami sanoatdagi ulushi 43,4% ni tashkil etdi.

Hududlar kesimida iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarilishining viloyat jami hajmidagi eng yuqori ulushi Namangan shahriga to‘g‘ri kelib 47,6%ni, shuningdek, To‘raqo‘rg‘on tumanida 8,9%, Kosonsoy tumanida 8,3%, Chust tumanida 8,0%, Chortoq tumanida 5,5% va Namangan tumanida 4,8%ni tashkil etdi.

Shuningdek, iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarilishining hududlar kesimida yuqori darajada o‘sish ko‘rsatkichi Kosonsoy (153,9%), Chortoq (149,3%) tumanlari, Namangan shahri (129,9%) va Chust (117,2%) tumanida qayd etilgani kuzatildi.

Viloyat bo‘yicha aholi jon boshiga iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarilishi o‘rtacha ko‘rsatkichi 640,4 ming so‘m bo‘lgani holda, Namangan shahrida (1 346,4 ming so‘m), Kosonsoy (719,7 ming so‘m) va To‘raqo‘rg‘on (718,5 ming so‘m) tumanlarida o‘rtacha viloyat ko‘rsatkichidan yuqoriligi qayd etildi.

Muzaffar Abdusamatov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Namangan hududiy filiali bosh ilmiy xodimi
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar