Namanganda o‘tkazilgan sayyor qabul natijalari qanday bo‘ldi?

Namanganda o‘tkazilgan sayyor qabul natijalari qanday bo‘ldi?

Prezident Xalq qabulxonalari Namangan shahri, Uchqo‘rg‘on, Kosonsoy va Chust tumanlarida cud-huquq masalalari bo‘yicha tashkil qilgan sayyor qabullarda ham bu jihatlar o‘zining amaliy ifodasini topdi, odamlar bilan jonli muloqot asosida ularning masalasiga yechim topish, qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rildi.

Ichki ishlar vazirligi mas’ullari bilan avvalgi va bu galgi muloqotlardan so‘ng ilgari sohadagi xizmatidan nohaq bo‘shatilgan mayor Anvarjon Turg‘unov, kapitan Behzodbek Madaminov, katta leytenant Elmurod Boyxonov, kichik serjant Jahongir Shokiraliyev, serjant Kamoliddin Manzurov, safdor Elyor Husanovning necha yillik sarsongarchiliklari barham topdi. Ularning Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga yo‘llagan, oldin o‘tkazilgan shunday qabullardagi murojaatlari o‘rganilishi va natijada ichki ishlar vazirining xulosasiga asosan bu 6 nafar sobiq ichki ishlar xodimi maxsus unvonlari bilan oradagi uzilish xizmat muddatiga qo‘shilgan holda ichki ishlar organlariga ishga tiklandi.

Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi bois mas’ullar ularning dardu tashvishlarini eshitdi, muammosini xolis o‘rgandi, sudda va tizim rahbarlari oldida ularning aybsizligi isbotlanib, bugun yana o‘z ishiga qaytarildi. Deylik, Namangan shahar ichki ishlar tizimida jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili bo‘lib ishlagan katta leytenant Elmurod Boyxonov o‘tgan yili karantin vaqti bir bank xodimi kovid xastaligiga chalingani haqida tog‘asining o‘g‘liga audioyozuv yuborgani, tog‘avachcha esa uni tanishlariga ulashgani mojaroga aylanadi. Oqibatda xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, 2020 yil 13 aprelda u ichki ishlar organi xodimi degan yuksak nomga dog‘ tushishiga yo‘l qo‘yganligi uchun ishdan bo‘shatiladi. So‘ng katta leytenant Boyxonov sudga arz qiladi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudi esa 2020 yil 21 iyuldagi hal qiluv qarorida uni ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatilishi haqidagi buyruqni g‘ayriqonuniy deb topib, ishga tiklash haqida qaror qabul qiladi. Bugungi qabuldagi murojaatdan so‘ng esa katta leytenant Elmurod Boyxonov Uychi tumani ichki ishlar bo‘limi probatsiya guruhi inspektori lavozimiga tayinlandi.

Kichik serjant Jahongir Shakaraliyev va serjant Kamoliddin Manzurov yo‘l harakati xavfsizligi tizimida ishlagan. 2019 yil 25 noyabr kuni ular “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lida avtomobillardan birini to‘xtatishgan. Bu faoliyatni kuzatib turgan mas’ul xodimlar olgan tezkor videotasvirlarga ko‘ra esa, ular haydovchidan pulga o‘xshash narsalarni olib, avtomashina hujjatlarini qaytarib berganligi, bu xatti-harakat shubhali ekani sababli xizmat tekshiruvi tayinlangan. Bu tekshiruv natijasida ular ham ichki ishlar organi xodimi sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakat sodir etgan, deb topilib, 2020 yil 6 yanvarda ishdan bo‘shatilgan. Bu ish ham sudda ko‘rilgach, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudi 2020 yil 22 iyulda serjant Kamoliddin Manzurovni, 2020 yil 15 dekabrda esa kichik serjant Jahongir Shakaraliyevni oqladi. Sudning hal qiluv qarorlariga ko‘ra, ularni ichki ishlar organlariga tiklanishi belgilandi. Bu galgi muloqotlardan so‘ng kichik serjant Jahongir Shakaraliyev patrul-post tizimi haydovchisi, serjant Kamoliddin Manzurov esa Namangan viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi inspektori vazifalariga ishga qabul qilindi.

Muloqotlar jarayonida Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi rahbarlari ko‘rib chiqqan 451 ta masalaning 239 tasiga joyida yechim topildi. E’tiborlisi, qabullar doirasida bir qator mahkumlarning murojaatlari asosida ishi qayta ko‘rib chiqildi. Jumladan, namanganlik Jamoliddin Zayniddinov kosonsoylik qarindoshi Nodir Zunnunovning ishini qayta ko‘rib chiqib, adolatli yechim topib berishni so‘radi. Gap shundaki, Nodir Zunnunov firibgarlik qilgani uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudining 2020 yildagi hukmiga ko‘ra, 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Lekin Jamoliddin Zayniddinovning aytishicha, ular qarindoshi yetkazgan zararni qoplab bergan. Bu ish ham Namangan viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasida atroflicha ko‘rib chiqildi va mazkur sud ajrimi bilan Nodir Zunnunov qamoqdan ozod etildi.

Komila Nabiyeva esa Oliy sud mas’ullariga qamoqda belgilangan jazo muddatini o‘tayotgan turmush o‘rtog‘i qilmishlariga yarasha jazo olayotganini, lekin uning salomatligi yomonlashayotgani uchun uning ishini qayta ko‘rib chiqishlarini iltimos qildi. Farzandlarini yolg‘iz o‘stirayotgan onaning murojaati asosida bu ish ham qayta ko‘rib chiqilib, erining jazo muddati 5 yilga qisqartirildi.

Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan sayyor sud majlislarida jami 90 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etildi, tomonlar yarashgani yoki zararlar qoplab berilgani munosabati bilan 15 ta jinoyat ishi, 102 ta ma’muriy ish yurituvdan tugatildi.

Bosh prokuratura mas’ullari ko‘rib chiqqan 125 ta masalaning 8 tasiga joyida yechim topildi. Uchqo‘rg‘onlik Shahzoda Sadriddinovaning aytishicha, Namangan davlat universitetining yuridik fakultetini tamomlagan farzandi Husniddin Azimov ma’lum muddat ichki ishlar idoralarida xizmat qilgach, Bosh prokuratura huzurida ochilgan “Agroinspeksiya” viloyat bo‘limida katta inspektor lavozimida faoliyat olib bordi. Mazkur tashkilot prokuratura tizimidan chiqib ketgach, mavjud shtatlar qisqaradi. Shu tufayli u ishsiz qoladi. Onaxonning murojaatidan so‘ng 2 yildan beri ishsiz bo‘lgan yosh huquqshunosni Namangan harbiy prokuraturasiga ishga qabul qilish masalasi bo‘yicha aniq muddatli topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Kosonsoy tumanidagi 30-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti vakillarining shikoyat qilishicha, ular ishlagan muassasada 2019-2020 yillarda ta’mirlash ishlari olib borilgani sababli xodimlar o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holda bir yil bo‘sh qolgan, biroq ularga oylik ish haqlari to‘lanmagan. Murojaatdan so‘ng adliya tizimi vakillari yordamida ularga 1 yillik ish haqlari undirib beriladigan bo‘ldi.

Uychilik Abdurahmon Mamajonov va turmush o‘rtog‘ining tadbirkorlik ob’yekti buzilib, bozor hududiga qo‘shib berilgan, biroq ularga va’da kilingan kompensatsiya puli va yer maydoni hanuzgacha ajratilmagan ekan. Namangan viloyat hokimi bu masalani atroflicha o‘rganib, qonuniy hal qilib berishni o‘z zimmasiga oldi. Shu kabi murojaat asosida 2005 yildan buyon boshpanasiz, ijarama-ijara sarson yurgan Nargiza Ahmedova uy-joy bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.

Umumlashtirib aytsak, Namangan viloyatining barcha hududi aholisi qamrab olingan qabullarda 926 nafar murojaatchining 942 ta masalasi ko‘rib chiqildi. Ularning 378 tasi joyida hal etildi, 203 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, 361 ta murojaat nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar