O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi PQ-4804-sonli qaroriga asosan Navoiy viloyati “Ishga marhamat” monomarkazi (keyingi o‘rinda – “Monomarkaz”) faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Monomarkaz hududi 1,92 gektarni, shundan bino va inshootlar maydoni 0,31 gektarni tashkil etadi. Monomarkazda o‘quvchilar sig‘imi 720 nafar, yiliga 1920 nafar ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish imkoniyati hamda 200 o‘rinli talabalar yotoqxonasiga ega. Monomarkazda 102 ta ish o‘rinlari yaratilgan. 32 ta kasb-hunar yo‘nalishida hamda rus, ingliz, yapon va koreys tillari o‘qitiladi. Monomarkaz Jahon banki tomonidan 39 turdagi $29,6 ming va 95 turdagi 60,2 mln. so‘mlik texnik jihozlar bilan ta’minlandi. Innovatsion o‘qitish usuli yordamida qisqa muddatda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitiladi:
- servis va xizmat ko‘rsatish sohasi (tikuvchi (dizayner va modeler, bichuvchi, tikuvchi), ayollar va erkaklar sartaroshi, vizajist, kosmetolog, neyl-stilist (manikyur va pedikyur), oshpaz, qandolatchi, ofitsiant-batler, uqalovchi (kattalar va bolalar), yosh bolalarga enaga va keksani parvarishlash mutaxassisi);
- texnik soha (santexnik, elektrik, maishiy texnikalarni ta’mirlash ustasi, payvandlovchi (elektr-gaz-argon), yuk ko‘taruvchi kran operatori, metallarga ishlov berish ustasi (tokar va frezar), avtoservis, xizmat ko‘rsatish (avtoelektrik, kuzovmatorist), haydovchilik guvohnomasi berish (V-kategoriya), haydovchilik guvohnomasi berish (VS-toifa), zargarlik);
- qurilish sohasi (gipsokardon profillarga ishlov berish ustasi, qurilish ishlari (g‘isht teruvchi va suvoqchi, bo‘yoqchi), mebel jihozlarini yasash va ta’mirlash ustasi, alyuminiy va plastik profillar bilan ishlash ustasi);
- qishloq xo‘jaligi (gidroponika texnikasi) va raqamli texnologiyalarni o‘rgatish maxsus kursi (kompyuter dizayn dasturlari (3D max, AvtoCad), kompyuter savodxonligi, 1S buxgalteriya va byudjet buxgalteri).
Shu bilan birga, Monomarkaz tomonidan xorijda ishlash istagini bildirgan ishsiz fuqarolarga xorijiy korxonalarning talablariga muvofiq xorijda ishlashga oid dastlabki ko‘nikma va moslashuv bo‘yicha tayyorlov ishlarini tashkillashtiradi hamda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha xorijiy tillarga o‘qish taklif qilinadi. 4 ta (ingliz, rus, koreys, yapon) xorijiy tillar bo‘yicha qisqa muddatli kurslar faoliyat yuritadi. Bunda, mehnat migrantlari ro‘yxatga olinib, ishsizlik nafaqasi tayinlangandan so‘ng, ular psixologik xizmatlardan foydalanadi. Shuningdek, ishsizlar tadbirkorlik faoliyati asoslari bo‘yicha qisqa muddatli kurslarga o‘qitiladi. Muassasada joylashgan bank filialida barcha turdagi bank xizmatlari ko‘rsatiladi.
Xuddi shuningdek, Monomarkaz xorijiy mamlakatlar bilan quyidagi mutaxassislik va kasb yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik qiladi:
- Rossiya (gulchilik (floristika), to‘qimachilik, charm va moda texnologiyalari, oziq-ovqat tayyorlash texnologiyalari, qandolatchilik (V.Smirnova, I.Kabanova, I.Bukina, S.Jolovan A. Karamisheva);
- Janubiy Koreya (IT, elektronika va avtomatlashtirish, metallga ishlov berish va koreys tili (K.Hun, Ch.Nari, L.Lim);
- Germaniya (GfM GmbH & Co, KG, metalga ishlov berish, elektrotexnika, qurilish, qariyalarni parvarish qilish);
- Turkiya (mehmonxona xizmatini ko‘rsatish, asalarichilik, sitrus mevalarini yetishtirish, ko‘chatchilik, issiqxona injeneriyasi (Mehmet Ajilli, D.Ahmet, T.Ertyurk, R. Soytyurk);
- Yaponiya(Nippon educational academy, yapon tili, qishloq xo‘jaligi ishchisi, qariyalarni parvarish qilish (Shizuka Kameda) va Xitoy (Nankin politexnika instituti, payvandchilik, xitoy tili (KIM).
Monomarkazda 2022 yilda 36 ta yo‘nalishlar bo‘yicha 3589 nafar ishsizlar o‘quv kurslariga jalb qilinib, shundan o‘qishni tugatgan 3135 nafariga sertifikat berildi va 454 nafar o‘qishni davom ettirmoqda.
O‘tgan yil yakuni bilan 2516 nafar yoki 80,2% bitiruvchilar bandligi ta’minlangan bo‘lib, bitiruvchilarning 1088 nafari sanoat va ishlab chiqarish yo‘nalishida, 155 nafari qurilish korxonalariga, 495 nafari xizmat ko‘rsatish sohasida, 289 nafari tadbirkorlik faoliyatida va 364 nafari o‘zini o‘zi band qilgan hisoblanadi.
Bundan tashqari, Monomarkazda kasbga o‘qitilgan jami 1433 nafar fuqarolar hamkorlik shartnomalariga asosan tegishli korxona va tashkilotlarda, jumladan, Navoiy KMK AJda 920 nafar, Navoiyazot AJ - 85 nafar, Navoiy KMK Jamg‘armasi - 122 nafar, Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi AJ - 48 nafar, Navoiyuran DK - 48 nafar, Havoiy issiqlik elektr stansiyasi AJ - 33 nafar, Navoiy erkin iqtisodiy zonasi AJ - 13 nafar, “Zarafshon Golden Group” MChJ - 34 nafar va “Janub sanoat montaj” MChJda 130 nafar kasb-hunarga o‘qitilgan ishsiz fuqarolar amaliyot o‘tadilar.
Bugungi kunda Monomarkazda 36 ta yo‘nalish bo‘yicha 454 nafar ishsiz fuqarolar kasb-hunarga o‘qitilmoqda.
O‘rganishlar natijasida sohada qator tizimli kamchiliklar aniqlandi, xususan, mehnat migrantlari borayotgan asosiy hamkor davlatlar bilan ikki tomonlama shartnomalar mavjudligiga qaramasdan ishchilarni uyushgan holda yollash darajasi past hisoblanadi. Bu yo‘nalishda xorijiy davlatlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikning shartnoma-huquqiy asosini yanada takomillashtirish zarur. Amaldagi kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha dasturlar mahalliy va xorijiy mehnat bozorining talablariga to‘liq javob bermaydi hamda ularni yangilash, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashadigan hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlash tizimini takomillashtirish talab etiladi.
Izoh qoldirish