Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar yaxshilanadi

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar yaxshilanadi

"Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risi"da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.

Hujjatdagi tadbirlar amalga oshirilishi natijasida 45,4 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs zamonaviy reabilitatsiya va boshqa vositalar bilan ta’minlanadi. Xususan:

- eshitish qobiliyati zaif bo‘lgan bolalarni davolash maqsadida maktabgacha va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalaridagi 1 000 nafar bola uchun 2021 yilda 2 mingta zamonaviy eshitish vositalari xarid qilinadi;

- sotib olinadigan 260 ta koxlear implantlariga qo‘shimcha ravishda 355 ta implantlar sotib olinadi, ular 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga jarrohlik amaliyoti orqali o‘rnatiladi;

- 2021 yilda qo‘shimcha 2 000 nafargacha, 2022 yildan boshlab esa har yili 3 ming nafargacha bolada tug‘ma yurak nuqsoni hamda bosh miyadagi patologik o‘zgarishlar bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi;

- bolalarning tug‘ma, patologik va orttirilgan mushak-skelet tizimida o‘zgarishlar va deformatsiyalarni davolash maqsadida:

  • har yili 110 nafar bemor bola uchun transpedikulyar tizim to‘plamlari sotib olinib, ularda skolioz va umurtqa pog‘onasining boshqa patologiyasi bo‘yicha jarrohlik amaliyotlari amalga oshiriladi;
  • bir yilda o‘rtacha 140 nafar bemor bolada ko‘krak qafasi deformatsiyasini davolash uchun 150 ta maxsus plastinalar xarid qilinadi;
  • bolalardagi serebral falajlik (DSP), shuningdek, umurtqa pog‘onasida patologik sinish bo‘lgan bolalarda mustaqil yurish qobiliyatini qayta tiklash uchun 54 ta zamonaviy ekzoskelet uskunasi xarid qilinadi va boshqalar;

- nogironligi mavjud shaxslarning hayot tarzini yaxshilash maqsadida 2021–2025 yillarda 11,6 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs elektro-pultli nogironlar kreslo-aravachasi bilan bosqichma-bosqich ta’minlanadi;

- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar sog‘lig‘ining keskin yomonlashuvi, turli darajadagi jarohatlar va favqulodda vaziyatlarda ularga tezkor yordam ko‘rsatish haqida xabar berishning innovatsion tizimi joriy qilinadi. Jumladan, maxsus funksiyalarga ega “Aqlli soat” yordamida avtomatik tarzda darhol xabar yuborish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, 2021 yilda 5 mingtagacha va 2022–2023 yillarda 12 mingta “Aqlli soat” Davlat byudjeti hisobidan yetkazib beriladi;

- protez-ortopediya va zarur vositalarga shaffof elektron navbat tizimini yaratish, yaroqlilik muddatini nazorat qilish, mavjud ehtiyojni aniqlash va o‘z vaqtida ta’minlashga qaratilgan “Ijtimoiy xizmat” ixtisoslashtirilgan elektron platformasi 2022 yil 1 mayga qadar yo‘lga qo‘yiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar