Nurobodda “Cinema City Sollywood” kino shaharchasi quriladi

Nurobodda “Cinema City Sollywood” kino shaharchasi quriladi

Samarqand viloyati Nurobod tumanining Oqsoy hududida Cinema City Sollywood kino olish shaharchasi qurilmoqda. Loyiha qiymati 45 mln dollarni tashkil etadi, deya xabar berdi tuman ma’muriyati matbuot xizmati.

Ob’yekt Amerikaning Daha USA Group va Xitoyning Yiwu Compass Trading kompaniyalari tomonidan qurilmoqda. Bu haqdagi kelishuv 22−23 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Invest in Samarkand I xalqaro investitsiya forumida Nurobod tumani hokimligi tomonidan imzolandi. Birinchi bosqichda 15 mln dollar miqdorida investitsiya kiritiladi.

Loyiha uchun kerak bo‘ladigan yer maydoni 160 gektar bo‘lib, bu yerda «Cinema City Sollywood» kino shaharchasi quriladi. Unda zamonaviy tipdagi 3−4 yulduzli mehmonxonalar, restoran va kafelar, dam olish va istirohat (bulvar, tropik) bog‘lari, akvapark, kinoteatr, konsert va konferensiya zallarini barpo etish ko‘zda tutilgan.

Ushbu loyiha 2022 yilda to‘la quvvatda ishga tushirilgandan so‘ng 500 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Loyihada qo‘shimcha ravishda avtomobil ishqibozlari uchun «Avtoralli yo‘lagi», turizm sohasini rivojlantirish va turistlar oqimini ko‘paytirish uchun «Okeanarium» (sun’iy okean) barpo etish ham ko‘zda tutilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar