Samarqandda KAMAZ rusumli avtoulovlarni yig‘ish yangi liniyasi o‘z faoliyatini boshladi

Samarqandda KAMAZ rusumli avtoulovlarni yig‘ish yangi liniyasi o‘z faoliyatini boshladi

Samarqandda KAMAZ rusumli avtoulovlarni yig‘ishga mo‘ljallangan “UzAvto Trailer” MChJning yangi ishlab chiqarish liniyasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yangi korxonaning ochilish marosimida Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, “KAMAZ” YoAJ bosh direktori Sergey Kogogin, “O‘zavtosanoat” AK boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov va boshqalar ishtirok etishdi.

Tadbir oldidan faxriy mehmonlar avtokorxonaning imkoniyatlari bilan tanishishdi. KAMAZ avtomobillarni yig‘ish sexiga tashrif buyurib, yig‘ma qismlar to‘plamlari, gaz ballon uskunalarini yig‘ish liniyalari bilan tanishishdi. Shuningdek, ushbu avtokorxonada ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan yuk mashinalari va maxsus texnikalarni ham ko‘rib chiqishdi.

Tantanali tadbir viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning tabrik so‘zi bilan boshlandi. Shuningdek, tadbir davomida Tatariston Respublikasi Prezidenti, “KAMAZ” YoAJ bosh direktori, “O‘zavtosanoat” AK boshqaruvi raislari tadbirda o‘z fikr-mulohazalari va tabrik so‘zlarini bildirishdi.

- Bugun biz Samarqand shahrida KAMAZ rusumli yangi avtomobil yig‘ish liniyasining ochilish marosimida qatnashmoqdamiz. Avvalo, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatiga Tatariston-O‘zbekiston hamkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlagani uchun, shuningdek ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan har bir kishiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. O‘zbekiston Tatariston va butun Rossiyaning muhim tashqi sheriklaridan biridir. O‘tgan yili bizning tovar ayirboshlash 57 foizga o‘sdi va 146 million AQSh dollarini tashkil etdi, dedi Tatariston Respublikasi Prezidenti va qo‘shimcha qilib KAMAZning O‘zbekiston bilan hamkorligi qo‘shma ishlarning muvaffaqiyatli namunalaridan biri ekanligini bildirdi. O‘tgan yili Samarqandda “UzAvto Trailer” MChJ bazasida yuk mashinalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Yig‘ilgan avtomobillar O‘zbekiston Respublikasining ichki bozorida sotilmoqda, uchinchi mamlakatlarga kirish imkoniyati ishlab chiqilmoqda. So‘z oxirida Rustam Minnixanov bugungi tadbirning tarixiy ahamiyatiga urg‘u berdi va avtokorxona jamoasiga muvaffaqiyat tiladi.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda O‘zbekistonda KAMAZ avtoparki qariyb 14 ming donani tashkil etadi. 2017 yilda “O‘zavtosanoat” AK va “KAMAZ” YoAJ “KAMAZ” savdo markasi ostida yuk avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etishni ko‘zda tutuvchi hamkorlik shartnomasini imzoladilar. 2018 yilda Samarqand viloyatida “UzAvto Trailer LLC” kompaniyasi bazasida yuk avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shartnomalar doirasida umumiy maydoni 7,4 ming kvadrat metr bo‘lgan alohida bino qurildi (shu bilan birga omborxonalarni ham) va “KAMAZ” avtomobillarini yig‘ish uchun yangi ishlab chiqarish liniyasi ikki smenada yiliga 3000 donagacha ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ushbu binoda KAMAZ shassisiga gaz uskunalarini yig‘ish va o‘rnatish seksiyasi ham tashkil etilgan.

Yangi liniyaning ochilishi bilan yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Bugungi kunda ishlab chiqarishni tayyorlashni boshlash uchun malakali mutaxassislar allaqachon yollangan. Ishlab chiqarish xodimlarini o‘qitishni amalga oshirish uchun KAMAZ texnologik markazining texnologlari ishlamoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar