3 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, joriy yilda aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida 11 trillion 500 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Feruzbek Davletov sharhlarida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning ahamiyati haqida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekistonda o‘tgan 4 yil mobaynida davlat dasturiga muvofiq 140 ming uy-joy qurildi, bu o‘tgan 10 yil davomida qurilgan turar-joy binolari sonidan 2 barobar ko‘pdir. Biroq, arzon uy-joylarga bo‘lgan yillik talab yuqori darajada qolayotgani sir emas. Shu munosabat bilan bozor tamoyillari asosida aholining barcha qatlamlarini ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar olib borilmoqda. Xususan, joriy yilda 45 ming oilani arzon uy-joy bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Davlat ipoteka dasturi doirasida tadbirkorlar tomonidan 2021 yilda 45 mingdan ziyod rejali yangi uy-joylar quriladi.
Tajriba shuni ko‘rsatadiki, arzon uy-joy tadbirkorlik va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishning eng yaxshi usullaridan biridir. Arzon uy-joylar, imtiyozli ipoteka kreditlari orqali va aholining tejalgan mablag‘lari hisobiga, biznesga sarmoya kiritish uchun kapitalni rag‘batlantirish imkoniyatini yaratadi.
Bundan tashqari, markaziy hududlarga yaqin bo‘lgan arzon uy-joylar katta imkoniyatlarga ega jamoalarga yaqin joyda yashash imkoniyatini taqdim etadi.
Sir emaski, ko‘pgina mamlakatlarda mamlakat ichida aholining ichki harakatlanishi uchun eng cheklovchi omil uy-joy narxi hisoblanadi. Jahon banki mutaxassisi V. Zeytsning 2018 yilda O‘zbekiston uchun o‘tkazgan tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, shaharlarda uy xo‘jaliklarining umumiy iste’molining 28% ijara to‘lovlariga to‘g‘ri kelgan va ushbu ko‘rsatkich qishloq joylarida 30% ga teng bo‘lgan.
Iste’molning bunday tuzilishi o‘z-o‘zidan aholi o‘rtasida jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarni nazarda tutmaydi. Biroq, arzon uy-joy olish orqali uy xo‘jaliklarining farovonlik shakllarining diversifikatsiyasi ularga yuqori turmush darajasiga erishish, shu jumladan, yangi biznes ochish, tovar va xizmatlarga talabni oshirish va boshqa imkoniyatlarni beradi.
Shunday qilib, urbanizatsiya sur’atlari, ko‘zda tutilgan dastur bo‘yicha – arzon uy-joylarning ko‘payishi tufayli, tezlashishi kutilmoqda. Bu esa o‘z navbatida tadbirkorlik faoliyati, talab va umuman odamlarning hayot sifatini yaxshilashni nazarda tutadi.
O‘zbekistondagi eng obod shaharlar eng yaxshi va eng iste’dodli odamlar uchun ochiq bo‘lishi kerak. Uy–joy narxi hech qachon yashash, yaxshi ish topish yoki tadbirkorlikni boshlash uchun to‘siq bo‘lmasligi lozim. Shu sababli, so‘ngi yillarda mamlakatimizda aholining barcha qatlamlarini uy joy bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora–tadbirlar nafaqat aholini xavfsiz va zamonaviy uy–joylar bilan ta’minlash, balki ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish va respublikada tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Feruzbek Davletov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining yetakchi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish