Faoliyatimni ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga bag‘ishladim

Faoliyatimni ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga bag‘ishladim

Dildor Mahmudovna, siz mustaqil O‘zbekistonda “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasini tuzgan inson sifatida tadbirkorlik tarixida qolasiz, deb o‘ylayman. Bu jarayonda qariyb 20 yil Kengash raisi va hozirgacha Faxriy rais sifatida faoliyat yuritib kelyapsiz. Shu davr mobaynida ko‘zlagan maqsadlaringizga qanchalik erishdingiz?

– Darhaqiqat, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi 1991 yilda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan dastlabki nodavlat-notijorat tashkilotlardan biri hisoblanadi. Tashkilotning asosiy maqsadi ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilish va imkoniyatlarini kengaytirish, ularning ijtimoiy va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy, ta’lim va axborot resurslari bilan ta’minlashda ularga ko‘mak ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan.

An’analarimizni hisobga olgan holda mahalliy sharoitdan kelib chiqib, birinchi navbatda, assotsiatsiyada mahallalarda yashovchi ayollarni professional kasbga o‘rgatish bo‘yicha o‘quv markazlarini tashkil etganmiz. Masalan, Samarqand viloyatining Nurobod tumanida mahalliy aholining asosan chorvachilik bilan shug‘ullanishini hisobga olib, jundan gilam to‘qish bo‘yicha o‘quv markazlari tashkil etganmiz.

Farg‘ona viloyatining ayrim qishloqlarida aholining pillachilik bilan shug‘ullanishini hisobga olgan holda, ayollarni shoyi to‘qish va ipak matolardan mahsulot tayyorlashga o‘rgatishda yordam ko‘rsatdik. Bunda asosan uchta omilga alohida e’tibor berdik. Ya’ni ayol oilada bo‘la turib, ham farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanadi, ham ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘ladi. Uchinchi omil ularning biznes bilan shug‘ullanishi hisoblanadi.

Qashqadaryo viloyatining tog‘li va cho‘l hududlarida yashovchi ayollar va qizlarni tikuvchilik va oshpazlikka o‘qitish bo‘yicha o‘quv markazi tashkil etganmiz. Hozirda Shahrisabz, Dehkonobod ayollari tomonidan tayyorlangan milliy liboslarga nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham talab ortmoqda.

Aslida tadbirkorlik ayol zotining qonida bor. Xadicha raziyallohu anhu onamizni eslang, qanday katta tadbirkor bo‘lganlar. Butun mol-mulklarini islom dinining taraqqiyoti yo‘lida sarf qilganlar.

Tadbirkorlik menga ham bevosita qondan o‘tgan. Ota-bobolarim katta tadbirkorlar bo‘lishgan. Ajdodlarim Turkistonning bilimli, ma’rifatli va badavlat kishilaridan edilar. Bobomning Ostona, Petropavlovsk, Omsk, Tomsk kabi shaharlarda ikki qavatli katta uylari bor edi. Ular Rossiya va Markaziy Osiyo o‘rtasida savdo-sotiqni yo‘lga qo‘yishga hissa qo‘shganlar. Men ham toki assotsiatsiyani tuzgunga qadar bu yo‘lning anchagina pastu balandliklarini bosib o‘tganman. O‘z o‘rnida, bu sohaning o‘ziga xos qiyinchiliklarini ham boshdan kechirganman.

Shu bois, assotsiatsiyani tuzishdan asosiy maqsadim – o‘zimga va shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan ayollarga yordam ko‘rsatish, shuningdek, ularning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, davlat va jamiyat qurilishidagi ishtirokini kengaytirish, huquqiy-iqtisodiy, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni har tomonlama rag‘batlantirish edi. Shu sababli uyushma faoliyatida ayollar salomatligini mustahkamlash, ularni ish bilan ta’minlash, ayniqsa, qishloq joylardagi ayollarning mehnat va o‘qish sharoitini yanada yaxshilash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish masalasiga katta e’tibor qaratganmiz va jamiyatda ayollarning boshqaruvchanlik qobiliyatini oshirish uchun ham qattiq kurashib kelyapmiz.

Tadbirkorning tashrif qog‘ozi

Alimbekova Dildor Mahmudovna 1954 yil tug‘ilgan. Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tugatgan. 1975-1982 yillarda Butunittifoq aholi ehtiyojini o‘rganish institutida kichik ilmiy xodim, 1982-1987 yillarda Yengil sanoat vazirligi “O‘zbekiston” birlashmasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 1987 yil O‘zbekistonda birinchi xususiy firmani tashkil etgan. 1991 yil 4 yanvarda “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasini tuzgan, 2011 yilgacha uning kengashi raisi va hozirgacha faxriy rais sifatida faoliyat yuritadi. Mamlakatimizda minglab ayollarni tadbirkorlikka o‘rgatgan.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zosi, Toshkent shahar jamoatchilik kengashi a’zosi, 2011 yildan hozirgi kungacha O‘zbekiston mikromoliya institutlari milliy assotsiatsiyasining raisi.

Ikki farzandi va besh nevarasi bor. Qizi – Shorahmedova Dilnoza “Yayra tur” firmasi direktori, o‘g‘li – Shorahmedov Shohruh tadbirkorlik va biznes maktabi prorektori.

Dildor Alimbekova – xalqaro darajada tan olingan va e’tirof etilgan shaxs. Jumladan, u Tinchlik sohasidagi “Nobel mukofoti uchun 1000 ayol”, BMTning “Buyuk tadbirkor ayollar galereyasi” va “Dunyoni o‘zgartirgan 100 ayol” ro‘yxatlariga kiritilgan yagona o‘zbekistonlik ayoldir. 2000 yilda BMT ayollar fondining (YuNIFEM) “Eng yaxshi sheriklik loyihasi” nominatsiyasi g‘olibi.

Dunyoning 90 mamlakati vakillari orasida “Kasb-hunar ta’limi va mikrokreditlash orqali ayollarning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga ko‘maklashish” loyihasi va “Ayollarning iqtisodiy mavqeini mikrokreditlar orqali oshirish” mukofotining g‘olibi bo‘lgan. Ushbu mukofotlarni BAA davlat arbobi shayx Hamdan bin Rashid al-Maktum va Saudiya Arabistoni shahzodasi Talal ibn Abdulaziz topshirgan.

Dildor Alimbekova mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan. U Vazirlar Mahkamasining Oila va onalikni muhofaza qilish majmuasi a’zosi; O‘zbekiston parlamenti “Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”, “Biznes kafolatlari to‘g‘risida”, “Kredit uyushmalari to‘g‘risida” kabi qonunlar hamda hukumat qarorlarini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhlar raisi va a’zosi; “O‘zbekistonda “A” dan “Ya” gacha korxonalar tashkil etish”, “Ayollar tadbirkorligining muvaffaqiyatli tashabbuslari” statistik to‘plamining hammuallifi; Jahon banki institutining “Jamiyat mustaqilligi tarmog‘ini rivojlantirish” komponentida qashshoqlikka qarshi kurashishning umumiy dasturida loyiha bo‘yicha hamkor; Yevropa hamjamiyati komissiyasi loyihacining milliy koordinatori bo‘lgan.

“Do‘stlik” ordeni, “Mustaqillikning 10 yilligi” ko‘krak nishoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Faxriy yorlig‘i, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlari prezidentlari, YeXHTning raislari, nufuzli siyosatchilar bilan uchrashgan. 180 dan ortiq xalqaro konferensiyada qatnashgan va ma’ruzalar qilgan.

Assotsiatsiyani tuzish jarayoni qanday amalga oshirilgan? Dastlabki qadamlar haqida gapirib bersangiz?

– Aytish joizki, “Tadbirkor ayol” uyushmasi faoliyatini “nol”dan boshlaganmiz. Sobiq sho‘rolarning oxirgi yillarida ko‘plab ayollar ishsiz qolgan edi. O‘z yo‘llarini topishda ularga ko‘mak berish niyatida harakatni boshlaganman. O‘sha paytda ba’zi insonlar uyushmani hukumat tashkiloti deb o‘ylar, xususiy korxonalarga yordam berishi shart deb hisoblar edi. Vaholanki, biz na davlat, na xususiy sektordan subsidiya olmay ishlaganmiz. Esimda, dam olish kunlari ayollar uchun biznes asoslari bo‘yicha dars berar edim. O‘z shaxsiy mablag‘imdan “Soliq to‘lashni o‘rganish” kitobini nashr ettirdim va ayollarga bepul tarqatdim.

Qiyinchiliklar ko‘p bo‘lgani rost, lekin taslim bo‘lmay asta-sekin yashash huquqimizni, nimalarga qodir ekanimizni isbotlay oldik, deb o‘ylayman. Bizni asosan davlat strukturasidagi uzoqni ko‘ra oladigan rahbarlar (afsuski, u paytlarda buni tushunmaydiganlar ko‘proq edi) va Xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatlagan, uyushma mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham faoliyat olib borgan.

Ko‘p odamlar bilan, xususan, yordamga muhtoj va osoyishta hayotdan mahrum bo‘lgan ayollar bilan bilan uchrashardim. Ular ham o‘z navbatida menga kuch va dalda berishardi. Tanlagan yo‘limda sobit qolish uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, quyuq tikanzorlardan o‘tishga majbur bo‘ldim. Bahs va munozaralarda o‘zimga g‘animlar orttirdim. Shunda ham qonunlarimizni, xususiy mulkchilikka bo‘lgan qarashlarni, ishlab chiqarish va odamlarga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish kerakligini isbotlash uchun tinim bilmay ishladim.

Hamon esimda, 1990 yillar boshida urf-odatlar va an’analarni qaytarish niqobi ostida ba’zi kuchlarning mutaassiblarcha yanglish g‘oyalarni odamlar ongiga singdirishga uringani jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. 70 yil oldin dini, e’tiqodi tortib olingan ayrim odamlar haqiqatni yolg‘ondan ajrata olmadilar. Bunday vaziyatda ayollar eng himoyasiz toifa bo‘lib qoldi. Mutaassiblar ta’siriga tusha boshlagan yosh qizlar bizni alohida tashvishga solar edi.

Ayollarni ijtimoiy faoliyatdan chetlashtirishga urinish kuchaygan edi. Ayrimlar ayollarning o‘rni uyda, oila o‘chog‘ida, deya ularning ijtimoiy faoliyatiga qarshi chiqa boshladi. Tobora kuchayib borayotgan islom fundamentalizmi xuddi vulqon singari mamlakat sivilizatsiyasi yutuqlarini yutib yuborishidan xavotirda edim.

Men o‘z biznesimni osonlikcha yuritib, uni kengaytirib yuborishim mumkin edi, lekin katta kuch sarflab, hamfikrlarim doirasini kengaytirishni ma’qul ko‘rdim. Uch yil davomida ayollar qamoqxonasida ko‘ngilli bo‘lib xizmat qildim, mahkumalarga professional ko‘nikmalarni o‘rgatish bilan shug‘ullandim, ular bilan konsert dasturlari, hayotiy spektakllar tashkil etdim – ba’zida o‘zimga o‘zim hayron qolaman. Bayramlarda ularga shaxsiy gigiyena vositalarini hadya qilardim. Vaholanki, ularning soni anchagina – 2300 nafar edi.

Nokamtarlikka yo‘yilmasa, shu o‘rinda BMTning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Loreyn Raffingning ushbu fikrini keltirmoqchiman: “Dildor Alimbekova Ishbilarmon ayollar ittifoqi prezidenti sifatida ayollarga hayotda o‘z yo‘lini topish va uni yo‘qotmaslikda yordam beradi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari – ayollar, bolalar, qariyalar va nogironlarning yelkalariga og‘ir yuk. O‘zbekistonga Dildor Alimbekova singari ayollar ko‘proq kerak”.

1992 yilda o‘z mablag‘im evaziga Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda xalqaro ayollar uchrashuvlarini tashkil etdim, ushbu davlatlarda ham shunday uyushmalar tashkil etishga muvaffaq bo‘ldik. Shundan so‘ng, ular meni “Markaziy Osiyo ishbilarmon ayollarining onasi” deb nomlashdi. Biz hali ham do‘stona munosabatlarni saqlab qolganmiz.

Avval biznes bilan shug‘ullangansiz va bu sohada katta muvaffaqiyatlarga erishgansiz. Sizning oldingi faoliyatingiz “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasining muvaffaqiyatiga qanday hissa qo‘shgan?

– Har bir inson ma’lum bir sifati bilan ajralib turadi. Men tabiatan jangchiman, nafaqat o‘z hayotim, balki atrofimdagilarning farovon hayoti uchun ham mudom kurashaman.

Qayta qurish davrida “Krasnaya Zarya” fabrikasida kooperativ ochdim. Ishlab chiqarish chiqindilaridan ayollar ustki kiyimlarini tikishni yo‘lga qo‘ydim. 1987 yili “Vremya” dasturida O‘zbekistonda ilk kichik korxona ochildi, deb faoliyatimiz haqida lavha berildi.

1991 yildan 2005 yilgacha assotsiatsiyamiz ayollarning biznesini boshlash, ularga ko‘maklashish uchun kerakli tuzilmalarni yaratdi. Jumladan, Bozor ko‘nikmalarini rivojlantirish o‘quv markazi, Biznes aloqalar o‘rnatish markazi va biznes inkubatorlar tashkil etildi. Bu markazlar faoliyati Yevropa Ittifoqi loyihalari va BMT ko‘magida amalga oshirildi.

O‘z kuchimiz bilan O‘zbekistonda birinchi nodavlat institut – Bozor munosabatlarini o‘rganish instituti, shuningdek, “O‘zbekinvestbank”, “Madad” sug‘urta kompaniyasi, Xomashyo birjasi, Hunarmandlarga ko‘maklashish markazi, “Zumrad”, “Xizmat beminnat” uy xizmatlarini sifatli bajarish, bilim berish va ish bilan kafolatli ta’minlash markazi, kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlariga asos soldik. Hatto Toshkentdagi Yapon bog‘i ham bizning loyihamiz edi. Buni bugun ko‘pchilik bilmasligi mumkin, lekin yapon elchisining loyiha uchun minnatdorlik xati bizning xizmatimizni tasdiqlaydi.

2005-2010 yillarda nodavlat-notijorat tashkilotlari, xususan, ijtimoiy yo‘nalishdagi tashkilotlar ham bosimga uchradi. Misol uchun, “Tadbirkor ayol” va Xotin-qizlar qo‘mitasining “Qishloq ayollarini kasb-hunarga o‘rgatish” loyihasini ham amalga oshira olmadik. Bunday qiyinchiliklarni ko‘rmagan, 2016 yildan boshlangan Yangi O‘zbekistonning tadbirkor xotin-qizlari davlat ular uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotganligini qadrlashlari kerak, deb o‘ylayman.

– “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasining iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatini qanday baholash mumkin? Masalan, u tashkil topgan 1991 yildan beri qancha ayolni biznesga jalb qildi, qancha biznes sub’yektlari va ish o‘rinlari yaratildi?

– Uyushmaning eng rivojlangan davri mobaynida sa’y-harakatlarimni O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi, fuqarolik jamiyatini qurishga yo‘naltirdik. Men assotsiatsiyaga bevosita rahbarlik qilgan 1991-2011 yillar mobaynida 60 ming ayol kasbiy mahoratga, 16 ming kishi biznesga o‘qitildi, shundan 10 mingdan ortig‘i o‘z biznesini ochdi, deputat, jamoat tashkilotlari rahbarlari bo‘lishdi.

2011 yildan keyingi davrda bu raqamlarning ko‘lami oldingidan kam bo‘lmadi. 2011 yilda o‘z ixtiyorim bilan assotsiatsiya Kengashi raisi lavozimini tark etdim va Faxriy rais sifatida qoldim. Bugun baralla ayta olamanki, bu qarorga kelishim, ya’ni o‘rnimga hammaga ma’qul fe’l-atvorli, oqil va zukko shogirdimni tavsiya etganim hayotimda qabul qilgan eng to‘g‘ri qarorlarimdan biri bo‘ldi.

Aslida biz biznesga olib kirgan ayollarning soni o‘zimizdagi sanoqdan ancha baravar ko‘p. Chunki biz 10 mingdan ziyodroq ayolni o‘z tadbirkorligini ochishiga zamin tayyorlagan bo‘lsak, ularning har biri yana o‘nlab, ba’zilari yuzlab ayollarni bu sohaga jalb etdi.

Albatta, faol jamoasiz bunday zalvarli yutuqlarga erisha olmasdik. Biz qo‘rqmasdan yoshi, bilimi, ish tajribasi hatto mendan-da kattaroq bo‘lgan ayollarni ham ishga olardik. Chunki ularning har biri o‘z ortidan qanchadan-qancha yoshlarni tadbirkorlikka olib kirardi.

Bir paytning o‘zida iqtidorli, xorijiy tillarni biladigan yoshlarga ham alohida e’tibor berardik. Ular zamonaviy biznes texnologiyalarini tezroq o‘zlashtirishar va tengdoshlariga namuna bo‘lishardi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ayollarni biznesga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan qaysi tadbirlarni muvaffaqiyatli deb hisoblaysiz? Yaratilgan ishbilarmonlik muhitini qanday baholaysiz? Bu sohada boshqa muammolar bormi va yana nimalarni yaxshilash kerak?

– Samarali faoliyatning siri menimcha, mamlakatimizda bugun ayollarga bo‘lgan alohida hurmat va e’tiborda deb bilaman. “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi kabi tashkilotlarning maqsad va vazifalarini amalga oshirishda hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Keyingi yillarda Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishidagi ishlarining hajmi va ko‘lami keskin kengaymoqda.

Ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirish uchun mamlakatimizda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlari bilan bog‘liq muammolarni baholash, inson resurslarini rivojlantirish va malakalarini oshirishni takomillashtirish, ayollar tomonidan boshqariladigan biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun yaxlit tizimni yaratish muhim, deb o‘ylayman. Shuningdek, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytiradigan gender jihatlarni hisobga olgan holda, siyosat, qonunlar, qoidalar va amaliyotlar uchun qulay muhit yaratilsa, bu boradagi ishlar yanada muvaffaqiyatli bo‘ladi. Iqtisodiy dasturlarda genderli sezgirlik, ya’ni ayollarning biznesdagi o‘ziga xos muammolari hisobga olinishi shart. Marginallashtirish, ayollarga nisbatan kamsitishlar jamiyat barqarorligini kamaytiradi.

Uyda va tug‘ruq ta’tiliga ketganda maoshsiz ishlash ayollarning ushbu bozorda to‘liq ishtirok etish qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi, ko‘pincha ularni ishdan ketishga majbur qiladi. Ayollarga barcha iqtisodiy huquqlardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ularning mehnat qilish huquqlarini huquqiy himoya qilish, ayollarni fan, muhandislik va matematikaga yanada kengroq jalb qilish zarur. Yana qizlar o‘zlari uchun “noan’anaviy” sohalarda muvaffaqiyat qozona olmaydi, degan stereotiplarni yo‘q qilish kerak.

Yaqinda xorijlik tanishlarimdan biri o‘zaro suhbatda ayollarimizdan hayratda qolganini aytdi. “Mamlakatingizda o‘z taqdirini o‘zi belgilaydigan qancha ayollar bor! Ular mustaqil, muvaffaqiyatlarga erishgan, o‘zlarini juda qadrlashadi”, dedi u. Haqiqatan ham shunday – o‘zbek ayollari ro‘zg‘or ishlarini, farzandlar tarbiyasini va biznesni birvarakay muvaffaqiyatli olib bora olishadi.

Byevosita o‘z biznesingiz haqida gapirib bersangiz.

– Men dunyoning yarmini kezib chiqdim, yevropalik va osiyolik ayollarni ko‘rdim. Sharq ayollari haqida gapirganda, O‘zbekiston ayollarini nazarda tutyapman, millatidan qat’i nazar, ular Yevroosiyo ayollari ekanligini ta’kidlash lozim. Ular Yevropa va Osiyo madaniyatining eng qimmatli insonlaridir, deb bemalol ayta olaman.

Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Sayyohlik va turizm iqtisodiy rivojlanishning muhim drayveri ekanligi ma’lum. Turizmda yangi ish o‘rinlari yaratilishi ijtimoiy rivojlanishga ham esh bo‘ladi. U ko‘plab kishilar va sohalarni o‘z ichiga oluvchi ijobiy sikldir. Turizm xizmat ko‘rsatishga asoslangan iqtisodiyotni yaratish va rivojlantirishni rag‘batlantiradi hamda Toshkentdagi yirik mehmonxonalardan tortib, Samarqanddagi kichik xostellar, xalqaro aeroportlardagi butiklar, Buxoro va Xivaning xushmanzara ko‘chalaridagi kichik hunarmandchilik do‘konlarigacha qamrab oladi. U ko‘nikmalarni oshiradi, ham mehmonlar, ham mezbonlarning bilim ufqlarini kengaytiradi.

Bugungi kunda aksariyat mamlakatlarda, jumladan, eng rivojlangan mamlakatlarda ham ulkan sa’y-harakatlar chet ellik sayyohlarni yanada ko‘proq jalb etishga qaratilmoqda. Turizm rivojlanayotgan mamlakatlar uchun, ayniqsa, pul oqimini oshirishda foydali bo‘lishi ma’lum.

Hozirda mening ham “Yayra tur” sayyohlik agentligim faoliyat yuritadi. Biz ham mamlakatimizda ichki turizmga jiddiy e’tibor qaratganmiz. Nafaqat xorijiy davlatlarga, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva kabi qadimiy shaharlarimizga ham doimiy ravishda do‘stlarim, qarindoshlarim va barcha qiziqqanlarga sayohatlar uyushtiramiz.

Siz juda keng qamrovli insonsiz. Tadbirkorlik, uni tashkil etishdan tashqari adabiyot, san’atga juda qiziqasiz, she’rlar yozasiz, kitoblaringiz chop etilgan. Ayting-chi, shuncha ishga qanday ulgurasiz?

– Bolaligimdan san’at va adabiyot jonu dilim. Do‘stlarimning ham ko‘pchiligini san’atkorlar, shoiru yozuvchilar, adabiyot, madaniyat ahli tashkil qiladi. Raqs tushish, mumtoz va lirik qo‘shiqlarni tinglash, ulug‘ shoir va adiblarimizning sara she’rlari va asarlarini o‘qish eng sevimli mashg‘ulotlarim hisoblanadi. Qolaversa, o‘zim ham kezi kelganda ichki kechinmalarimni, qalb tug‘yonlarimni she’r qilib yozaman. Aytganingizdek, hayotim, faoliyatim haqida kitobim ham nashr etilgan. Albatta, bular mening qalb ehtiyojlarimdir. Inson istagi – buyuk kuch, u istasa vaqt topadi, qolaversa, men hozir nafaqadaman va bemalol sevimli mashg‘ulotim bilan shug‘ullanish imkoniyatim bor.

Assotsiatsiyaning bevosita rahbari bo‘lib ishlagan vaqtimda ham tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ayollarimiz uchun O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashda ularni, eng avvalo, sohaga oid qonun hujjatlari va adabiyotlar bilan tanishtirish uchun metodik qo‘llanmalar yaratganmiz. Tadbirkorlik faoliyatini boshlamokchi bo‘lgan ayollarimiz uchun “Korxonalar tashkil etishda “A”dan “Ya”gacha”, “Ayollar tadbirkorligining muvaffaqiyatli tashabbuslari”, O‘zbekistonda ayollarning iqtisodiy mavqeini oshirishda ko‘mak ko‘rsatish loyihasi doirasida “Ayollar tadbirkorligining tahliliy sharhi”, tadbirkorlar uchun “Mahsuldorlik va raqobatbardoshlilik” kabi o‘quv qo‘llanmalari tayyorlaganmiz va chop ettirganmiz. Biznes bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan qishloq yoshlari uchun sodda va ravon tilda “Tadbirkorlik alifbosi”ni yaratganmiz.

Albatta, bu qilgan mehnatlarim, chekkan zahmatlarim beiz ketgani yo‘q. 2021 yil 25 avgustda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim. Bugun ko‘ngimning tub-tubida ichki bir xotirjamlik bilan ayta olamanki, avvalambor, onajonimning kechayu kunduz menga qilgan duolari, ulug‘ zotlarning duosi va mehnatlarimni qadrlagan odamlarning sa’y-harakatlari bilan Prezidentimizning mukofotiga sazovor bo‘ldim. Allohim hammani murodu maqsadi sari yo‘lini ochsin, shu qatori meni va farzandlarimni ham hamisha o‘z panohida asrasin!

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni niyat qilgan yosh qizlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

– Bu sohaga kirmoqni niyat qilgan yosh qizlarga eng asosiy maslahatim, yetarli bilimga ega bo‘lmasdan o‘z biznesingizni boshlamang. Qay sohada biznes ochmoqchi bo‘lsangiz, shu sohani o‘zingiz chuqur o‘rganing, o‘zingizda jamoani nazorat qilish va boshqarish ko‘nikmalarini shakllantiring. Asosiy omillardan yana biri: ishchilarni ijtimoiy muhofaza qilishni unutmang, daromad topganda savob ishlarni ko‘proq qiling, sizga buning ajri katta bo‘ladi.

Hech qachon jamoangizdagi ayrim xodimlarga qo‘shilib, g‘iybatga berilmang. Zero, g‘iybat jamoani ruhan buzadi, qolaversa, u katta gunoh hamdir.

“Biznes” deb nomlangan o‘yinda muvaffaqiyat qozonishni istasangiz, uning qoidalari asosida harakat qilishingiz lozim. Bugun tadbirkorlik uchun barcha sharoitlar yaratilgan, imkoniyatlar eshigi lang ochiq. Chinakam dorilomon kunlarda yashayapmiz. Bu imkoniyatlardan unumli foydalaning. Siz aziz yoshlarga vaqt g‘animat, har bir daqiqangizni qadrlang degan bo‘lardim!

So‘nggi so‘z o‘rnida. Yuqorida Dildor Mahmudovnaning ajoyib shoira ekanligi haqida yozdik. Maqolani nashrga tayyorlash jarayonida u kishining bir she’rini ko‘rib qoldim. Suhbatimizni qahramonimizning quyidagi misralari bilan yakunlaymiz:

Umid gulshanining nurbog‘idamiz,
Yangi O‘zbekiston gulbog‘idamiz.
Tog‘dek cho‘ng ishonch bor qalblarimizda,
Buyuk kelajakning qirg‘og‘idamiz!


Odil Olimjonov, CERR

Yangi O‘zbekiston tadbirkori bilan suhbat

"Iqtisodiy sharh" jurnali №6/2024

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar