“Obod mahalla” dasturi ijrosi Prezident Xalq qabulxonalari nazoratida

“Obod mahalla” dasturi ijrosi Prezident Xalq qabulxonalari nazoratida

Respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab keng quloch yozgan bunyodkorlik ishlari poytaxtimiz mahallalarida o‘z aksini topmoqda. Xususan, Toshkent shahridagi Prezident Xalq qabulxonasi boshchiligida “Obod mahalla” dasturi doirasida Chilonzor tumanida ham katta ko‘lamdagi ishlar boshlab yuborilgan.

Ikkinchi sektordagi “2-Katta Chilonzor” mavzesida 225-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi 1960 yilda qurilgan bo‘lib, bosh-oyoq eskirib bitgan edi. Dastur doirasida qariyb 1,4 milliard so‘m ajratilgach, bu yerda ham katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari boshlanib ketdi. Ayni paytda 120 o‘rinli muassasaning tomi, eshik-romlari to‘liq almashtirilmoqda. Yo‘laklar betonlanib, kanalizatsiya tizimi yangilanayotir. Bolalar ayvonchalari ham tez orada yangidan bunyod etiladi.

Shu hududdagi 215-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilganiga 61 yil bo‘ldi. Yillar to‘zoni o‘z kuchini ko‘rsatib, bu muassasa binosi-yu jihozlari, muhandislik kommunikatsiya tizimi, umuman, bog‘chadagi butun infratuzilma og‘ir ahvolga kelib qolgan edi. Mazkur muammolarni hal qilish uchun dastur doirasida 1 milliard 631 million so‘m ajratilgach, mazkur muassasada ham qurilish-ta’mirlash ishlariga kirishildi. Jumladan, bino tomlari yangilanmoqda, eshik-romlar yangisiga almashtirilmoqda. Bog‘chada guruh va sanitariya-gigiyena xonalari, tibbiyot xonasi, musiqa zali, oshxona, o‘yin maydonchalari, yozgi ayvonchalar barpo etilmoqda.

“Katta Chilonzor” mahallasidagi 34-oilaviy poliklinikada hududdagi 29,2 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Muassasa binosida ham ayni paytda joriy ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Bu maqsadlar uchun ajratilgan 1 milliard 876 million so‘m mablag‘ evaziga poliklinikada shifokorlarning zamonaviy sharoitda ishlashi uchun katta imkoniyat yaratiladi.

Shu hududdagi 6-sonli musiqa va san’at maktabida ham ishlar qizg‘in. Maktab binosining eskirgan fasadi yangilangach, muassasa chiroyli ko‘rinishga keldi.

To‘rtinchi sektordagi “Fidokor” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 359-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi joriy ta’mir ko‘rgan, issiqlik tizimidagi muammolar bartaraf etilib, deraza romlar yangilangan bo‘lsa-da, bolalar maydonchasi talab darajasida emas edi. Masala hal qilinib, bolajonlar uchun maxsus zamonaviy maydoncha bunyod etilyapti.

“Obod mahalla” dasturi bilan ikkinchi sektordagi “Charx Kamolon” mahallasining ham butkul ta’mirtalab ko‘chalari ravon yo‘llarga aylantirilmoqda. Ayni paytda mahallaning Zavqiy ko‘chasidagi 1,9 ming kvadrat metr qismi asfaltlanmoqda.

Navbatdagi manzilimiz – “Katta Qozirobod” mahallasi. Kichik halqa yo‘lida joylashgan ko‘p qavatli uchta uyning fasadi ham, atrofi ham oldin ko‘p abgor edi. Mahallani obodonlashtirish uchun yetarlicha mablag‘ ajratilgach, uylarning fasadi yangilandi, yo‘laklar betonlandi. Ichki yo‘llarning 3,2 ming kvadrat metr qismi asfaltlandi. Bolalar maydonchasi, vork-autlar bunyod etildi.

Bu kabi bunyodkorlik ishlarini birinchi sektorda joylashgan “Sharq tongi” mahallasidagi 84-, 85-uylar atrofida ham kuzatish mumkin. Uylarning oldi asfaltlanib, bolajonlar uchun maydoncha, vork-autlar barpo qilingan. Kirish yo‘laklari beton qilinib, obodonlashtirilgan.

Mahallalarni obodonlashtirish borasidagi amaliy ishlar natijalari “Sharq” mahallasida ham ko‘zga ko‘rinib qolgan. Ko‘p qavatli uylar oldidagi so‘lim saylgoh odamning bahri dilini ochadi. Bunday maskanlar nafaqat bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, balki salomatligini mustahkamlash, ularni jismonan chiniqtirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maydonchada o‘nga yaqin o‘yin qurilmasi, ochiq suv havzasi bunyod qilinib, shinam o‘rindiqlar o‘rnatilgan.

Mavsumiy yog‘ingarchiliklar oqibatida “Zarqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 23-, 24-uylar atrofida cho‘kish hosil bo‘lgani haqida Prezident Xalq qabulxonasiga murojaat kelib tushgach, vaziyat joyiga chiqib o‘rganildi. Bu cho‘kishning yonginasida bolalar maydonchasi borligi uning xavfliligini yanada kuchaytirayotgan ekan. Shundan so‘ng zarur texnika va ishchi kuchi jalb qilinib, muammoni joyida hal qilishga kirishildi.

Shu hududdagi 3-a uy aholisidan esa bolalar maydonchasi qurib berish bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Tumandagi obodonlashtirish ishlari jarayonida ushbu masalaga ham yechim topildi. Ayni paytda bu yerda zamonaviy maydoncha qurilmoqda.

“Guliston” mahallasiga esa yangi asfaltlangan yo‘llar orqali kirib bordik. Belgilangan rejaga ko‘ra hududdagi 5.5 ming kvadrat metr yo‘l asfalt qilinadi va hozirgacha 4 ming kvadrat metrda ishlar yakunlanibdi. Bunday ravon yo‘llar bilan piyodalar va avtomobillar harakatlanishiga katta qulaylik yaratilmoqda.

“Bekto‘pi” mahallasida ayni paytda mahalladagi uylar atroflari obodonlashtirilmoqda.

Ikkinchi sektordagi “Novza” mahallasida esa eskirib ketgan yo‘laklar ta’mirlanib, yangilanmoqda. Hududdagi uylar oldida piyodalar harakatlanishi va velosipedda sayr qilish uchun yo‘laklar qurilmoqda.

To‘rtinchi sektorga o‘tamiz. “Botirma” mahallasi katta qurilish maydoniga aylangan. Ko‘p qavatli 4 ta uy oldida 3 ta ekskavator, 3 ta kran, 4 ta yuk mashinasi va 200 nafardan ziyod ishchilar hududni obodonlashtirish bilan band. Bu yerda bolalar maydonchasi, vorkautlar quriladi. Hozirgacha 120 kvadrat metr ichki yo‘laklar barpo qilindi va bu raqam tez orada ikki barobarga oshiriladi. Shu bilan birga 200 kvadrat metr maydonda avtoturargoh bunyod etiladi. Irrigatsiya tarmoqlari ham yangilanib, qor-yomg‘ir suvlari chiqib ketishi uchun sharoit yaratilmoqda. Uylarning fasadi bo‘yalmoqda. Aholi uchun noqulaylik keltirib chiqarayotgan sim to‘siqlar olib tashlanayotir.

Bunday bunyodkorlik ishlari Prezident Xalq qabulxonalari boshchiligida poytaxtimizning boshqa mahallalarida ham davom etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar