Obod manzillar yana bittaga ko‘paydi

Obod manzillar yana bittaga ko‘paydi

Ana shunday manzillardan biri Surxondaryo viloyatining olis, tog‘li manzili Boysun tumanidagi “Duoba” mahallasida yangidan qad rostlagan maktab, poliklinika va mahalla idorasi binolari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bayrami arafasida ana shu manzillarda qurilish-ta’mirlash ishlari o‘z yakuniga yetkazildi va foydalanishga topshirildi.

O‘zgarish-u yangilanishlarning guvohi, ishtirokchisi va eng muhimi undan bahramand bo‘layotgan qishloq ahli uchun bu kun bayram ko‘rinishini oldi. Uzoq yillar davomida kutilgan e’tibor va qisqa muddat ichida ro‘y bergan obodlik to‘y-u tantana bilan qarshilandi.

San’atga ixlosmand Boysun eli bugun nomoddiy madaniy merosi, qadimiy udum va an’analari, shonli tarixi bilan kelajakka yuz tutmoqda. Purviqor tog‘lar qo‘ynidagi “Duoba” mahallasi voha markazidan qariyb 180 kilometr olisda joylashgan. Hududda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari joriy etilgach, aholining bir umrlik orzusi ushaldi. Hududda qisqa fursatda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, infratuzilmasi tubdan yaxshilandi. Jumladan, 2,1 milliard so‘m mablag‘ evaziga 180 o‘rinli maktab, qiymati 1,9 milliard so‘mlik 50 qatnovga mo‘ljallangan shifokorlik punkti barpo etildi. Shuningdek, mahallaning og‘ir ahvoldagi eski binosi 500 mln so‘mga tubdan qayta ta’mirlanib, bir yo‘la mo‘’jazgina kutubxona va xotin-qizlar uchun tikuvchilik o‘quv markazi ham tashkil etildi.

Shu kungacha faqatgina yuk mashinalari yoki yo‘l tanlamas avtoulovlar harakatlanishi mumkin bo‘lgan o‘nqir-cho‘nqir tog‘ yo‘li tekislanib, 7 ta sel-suv toshqinlari zarar yetkazgan yo‘llar betonlandi. Ikkita transformator punkti qurilib, 1,6 kilometr havo elektr uzatish tarmoqlari tortildi. “Qayroq” va “Gumatak” qishloqlari aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Suyultirilgan gaz ballonlarini saqlash va aholiga yetkazib berish uchun servis markazi qurildi. Sport maydonchasi, “Pastki Duoba” qishlog‘ida esa 1 milliard so‘mga 80 o‘rinli maktab filiali barpo etildi. Turli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridan iborat mikromarkaz qad rostladi. Yangidan bunyod etilgan shifokorlik punktiga esa zamonaviy tez tibbiy yordam mashinasi topshirildi.

Tadbir asnosida mahallada amalga oshirilgan qurilish-obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan bir guruh fidoyi insonlarga ehtirom ko‘rsatildi. Tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev ishtirok etib, bugungi kunda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida so‘z yuritishdi. Bayram ko‘rinishini olgan tadbirlar turli sport musobaqalari va qiziqarli konsert dasturi bilan yanada yanada fayzli o‘tdi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar