Dasturga muvoffiq joylarda tanlab olingan 56 ta “qizil” toifadagi mahallalarda aholi muammolarini hal etish, ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilash, ko‘makka muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, joylarda sog‘lom ma’naviy-ma’rifiy muhitni shakllantirish kabi qator maqsadlar ko‘zda tutilgan.
Mazkur rejalarni sifatli va tezkor amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, tijorat banklari hamda tegishli vazirlik va idora vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi shakllantirildi.
Qabul qilingan dastur talablaridan kelib chiqqan holda joriy yilning birinchi choragida qanday ishlar amalgan oshirildi? Natijalari qanday bo‘ldi? Ushbu savollarga javob berish maqsadida quyidagi ma’lumotlarga murojaat qilamiz.
Xususan, Respublika ishchi guruhi vakillari viloyat sektorlari hamda hududiy hokimliklar bilan birgalikda aholi muammolarini aniqlash va ularni tezkor hal qilish maqsadida “og‘ir hudud” toifasiga kiritilgan barcha 56 ta mahallada jami 41 mingdan ziyod xonadonda o‘rganishlar o‘tkazdi. O‘rganishlar natijasida aniqlangan muammolar asosida “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Jumladan, obodlik mezonlarini joriy etishda jami 9 mingdan ziyod ijtimoiy soha ob’yektlari hamda xonadonlar ta’mirlandi. Shulardan, 2,2 mingta uy-joyi ta’mirga muhtoj va o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan fuqarolarning turar joylari byudjet va homiylar hisobidan bepul asosda joriy va kapital ta’mirlab berildi.
Mahallalardagi 543 ta ko‘chalarda 200 km dan ziyod yo‘llar asfalt va shag‘allashtirilib, 17 ming m2dan ziyod piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Bundan tashqari, 142 km uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘i tortildi, ichki ko‘chalarga 500 dan ziyod yoritish moslamalari o‘rnatildi, 37 ta yangi transformator o‘rnatilib, 156 tasi kapital ta’mirlandi, 6 mingga yaqin simyog‘och ustunlar beton ustunlarga almashtirildi, 2,3 mingta yangi qo‘shimcha temir-beton ustunlar o‘rnatildi.
Shu bilan birga, gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 81 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi, 121 km gaz tarmog‘i ta’mirlandi. Aholi murojaatidan kelib chiqqan holda 3,1 mingdan ziyod qo‘shimcha suyultirilgan gaz ballonlar yetkazib berildi.
Ichimlik suvi ta’minotini sohasida 88 km uzunlikdagi yangi suv tarmog‘i tortildi, 36 ta ichimlik suvi inshooti (skvajina, minora, rezervuar, nasos stansiyasi) ta’mirlandi.
Bundan tashqari, xalqimiz uchun muqaddas Ramazon oyi kunlari 54 ta qabriston obodonlashtirilib, 6 tasida xonaqosi yangidan qurildi, 10 tasi joriy ta’mirlandi.
Respublika ishchi guruhining e’tibor markazidagi masalalardan yana biri aholining muhtoj qatlamiga ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘ldi.
Jumladan, 119 nafar fuqaroning 373 mln so‘mlik subsidiya olishiga ko‘maklashildi, 31 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 61 nafariga protez-ortopediya vositalari, 3 ming nafariga bepul dori-darmon vositalari, 31 nafariga tikuv mashinasi va 8 nafar fuqaroga asbob-uskunalar va mehnat qurollari olib berildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari ko‘magida 55 mingdan ziyod aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning natijasiga ko‘ra 282 nafariga davolanish uchun bepul orderlar berildi. Mahallalarda 3,5 mingdan ziyod fuqaro bandligini ta’minlash choralari ko‘rildi.
Respublika ishchi guruhi faoliyatinig yana bir muhim yo‘nalishi - joylarda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yaxshilash bo‘ldi.
Ushbu maqsadda mahallalarda 10 mingdan ziyod turli tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, xonadon madaniyatini yuksaltirish, oilalarda farzand tarbiyasi, ota-ona va farzand munosabatlari, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, kasanachilikni rivojlantirish, “Uch avlod uchrashuvlari”, ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish tadbirlari, sport tadbirlari va h.k. Natijada, 544 ta oiladagi notinch va nizoli holatlar jamoatchilik aralashuvi bilan bartaraf etildi.
“Yashil makon” umummilliy dasturi ijrosi doirasida barcha 56 ta mahallada qarovsiz qolib ketgan yerlarga ko‘chatlar ekilib, “mahalla bog‘lari” yaratildi. Ko‘chalar bo‘ylab va uylar atrofiga gullar, mevali va manzarali darahtlar ekildi.
Respublika ishchi guruhi faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri bugunning eng dolzarb masalalaridan hisoblangan kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, va shu orqali oilalarning daromadini oshirishdan iborat bo‘ldi. Bu yo‘lda aholi tomorqa yer maydonlaridan unumli foydalanishini yo‘lga qo‘yish — eng samarali usul sanaladi. Shu bois barcha mahallarda “Tomorqa — daromad manbai” mavzusida seminarlar tashkil etildi.
Seminarlarda tuman va shaharlarda faoliyat yuritayotgan mutasaddilar, sektor rahbarlari, “mahalla yettiligi” vakillari ishtirok etdi. Amaliy seminar shaklida tashkil etilgan tadbir qatnashchilari tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, jarayonlar o‘rganildi. Maqsad aniq — tomorqadan samarali foydalanib, yaxshigina daromad topayotgan oilalar tajribasini ommalashtirish bo‘ldi.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.
Izoh qoldirish