“Ommaviy qabullar uch oyligi” davom etmoqda

“Ommaviy qabullar uch oyligi” davom etmoqda

Prezident Administratsiyasi mas’ullari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, qariyb o‘ttizta vazirliklar, qo‘mitalar va tashkilotlar rahbarlarining ommaviy qabullar uch oyligi doirasida O‘rtachirchiq tumani, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Bo‘stonliq tumanlari, Yangiyo‘l va Ohangaron shaharlaridagi ochiq-jonli muloqotlari ham “Inson qadri uchun!” g‘oyasini amalda qaror toptirishga xizmat qildi. Bu esa Toshkent viloyati aholisi muammolari bilan ishlashni samarali tashkil etish, hududlarda yechimini kutayotgan masalalarni “mahallabay” o‘rgangan holda joyida, tezkor hal etish imkonini berdi.

Muloqotlarda Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, viloyat, tuman-shahar sudlari mas’ullari ko‘rib chiqqan 372 ta masalaning 129 tasi ijobiy hal qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan jazodan ozod qilish bo‘yicha kiritilgan taqdimnomalar asosida axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 114 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 97 nafar shaxsning o‘talmay qolgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi, 19 nafar shaxs sud zalidan ozod etildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 50 nafar murojaatchi ayol foydasiga aliment undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarilib, ijroga qaratildi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan 4 ta oila yarashtirildi.

Ohangaronlik Shahnoza Usmonova 26 yil avval uy-joysiz yurganda, unga Ohangaron shahridagi egasiz uylardan biri ajratib berilgan, biroq shu davrda ayolga na uy rasmiylashtirib berilgan, na xususiylashtirilgan. Bu masala 1998 yildan beri chuvalashib, ish sudgacha yetib borgan, hatto fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudining 2016 yil 24 martdagi hal qiluv qarorida Ohangaron tuman hokimligi zimmasiga mazkur uy-joyni Shahnoza Usmonovaga biriktirib berish majburiyati yuklatilgan, biroq bu uy hokimlik balansida turmagani uchun qaror ham ijro qilinmagan.

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 187-moddasida mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka o‘n besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini olishi belgilangan. Shahnoza Usmonova esa 26 yildan beri shu uyda yashab kelmoqda. Shu bois ommaviy qabulda Shahnoza opa Oliy sud mas’ullari bilan muloqotdan so‘ng Fuqarolik kodeksining 187-moddasiga asosan egalik qilish huquqini belgilashni so‘rab sudga yangidan da’vo arizasi kiritdi. Shuningdek, onkologik xastalikdan qiynalib kelayotgan ayolga davolanishi uchun ham ko‘mak ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

Bosh prokuratura mas’ullari ko‘rib chiqqan 530 ta masalaning 54 tasiga joyida yechim topildi.

Bir necha yil avval yangiyo‘llik aka-uka tadbirkor Nurmatovlarning Yangiyo‘l shahar buyum bozoridagi do‘konlari buzilgach, ularga kompensatsiya to‘lanmaydi. Bu masala bir necha bor sud tartibida ko‘rilgan, xususan, Yangiyo‘l shahar ma’muriy sudining 2019 yil 4 iyuldagi, Chinoz tuman ma’muriy sudining 2019 yil 31 iyuldagi hal qiluv qarorlarida Yangiyo‘l shahar hokimligi mas’ullarining xatti-harakatlari-yu harakatsizligi qonunga xilof, deb topilgan. Biroq shunda ham kompensatsiya masalasi hal qilinmaydi. Bu galgi ommaviy qabulda aka-uka tadbirkorlarning murojaatlari ijobiy hal qilinib, Yangiyo‘l shahar hokimligi tomonidan kompensatsiya pullari to‘lab berilishi haqida kelishildi.

Bo‘kalik tadbirkor Dilbar Karimova biznes hamkori bilan ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish maqsadida 194 mln. so‘m kredit oladi, biroq sheriklik osh tatimas deganlaridek, kredit summasining 91 mln. so‘mini yo‘qotadi. Hamkor bu pulni qaytarib ham bermaydi, nima uchun sarflaganini ham aytmaydi. Orada ayolning ishlari orqaga ketadi. Bu ish Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudida ham ko‘rilib, Dilbar Karimova da’vosi qanoatlantiriladi, biroq sud qarori ijrosi kechikadi. Ayolning Bosh prokuratura mas’ullariga murojaatidan so‘ng unga 91 mln. so‘m qarz undirib berildi.

Muloqotlar davomida avvalgi ommaviy qabullardagi murojaatlar ijrosi ham o‘rganildi. Aytaylik, yangiyo‘llik 42 yoshli Umida Tojiboyeva boquvchisini yo‘qotgach, ikki farzandini yolg‘iz o‘zi ulg‘aytirmoqda. Bu ayol avvalgi qabulda og‘ir ahvoldagi uy-joyini ta’mirlash masalasida murojaat qilgan edi, Yangiyo‘l shahridagi Xalq qabulxonasi va 2-sektor ma’sullari Umida Tojiboyevani “Ayollar daftari”ga kiritib, ichki imkoniyatlar hisobidan ayolning xonadoni to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Shu bois u bugungi ommaviy qabulga minnatdorlik bildirish uchun keldi.

Ichki ishlar vazirligi mas’ullariga surishtiruv va tergov, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jazodan muddatidan avval ozod etish, fuqarolik, pasport-viza, mol-mulkni olib qo‘yish va qaytarmaslik kabi yo‘nalishlarda kelib tushgan 297 ta masalaning ham 84 tasi joyida hal qilindi.

Yangiyo‘llik Zulfiya To‘rakeldiyevaning 4 yillik muammosiga ham yaqinda murojaatidan so‘ng yechim topildi. Gap shundaki, bu ayol bir tanishiga yaxshilik qilib, o‘z nomiga kredit olib beradi. Ammo tanish deganlari bir necha marta Zulfiya opaning hujjatlaridan foydalanib, yana kredit chiqaradi va kreditni to‘lamay yuradi. Qarzni to‘lash esa ayolning gardaniga tushadi. Uning avvalgi murojaatlaridan so‘ng yaqinda Yangiyo‘l shahar ichki ishlar bo‘limi surishtiruv ishlarini olib borgach, aybdor topildi. Shu bois Zulfiya opa mazkur qabulda mas’ullarga minnatdorlik bildirdi.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash, oila, xotin-qizlar, mehnat va bandlik kabi yo‘nalishlardagi o‘nlab murojaatlarga ham shu muloqotlar maydonida yechim topildi. Ko‘p yillar o‘qituvchi bo‘lib ishlagan ohangaronlik Hikmatxon Yo‘ldosheva Xalq ta’limi vazirligi mas’ullaridan tumanda joylashgan, o‘zi ishlagan va farzand-u nevaralari o‘qigan 17-maktabning eskirgan binosini yangilab berishda amaliy yordam so‘radi. Mas’ullar esa bu masalani joyiga chiqib o‘rganib, kelgusi yilgi dasturlarga kiritish uchun taklif ishlab chiqadigan bo‘ldi.

Qabullar davomida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida shartnoma asosida tahsil olayotgan yangiyo‘llik Nodira Normuhammadova singari ijtimoiy himoyaga muhtoj ko‘plab talabalarning kontrakt pullarining kamida yarmi to‘lab berilishi ta’minlandi.

Muloqotlarda nogironligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj Hasan va Husan Mahmedovlar singari o‘nlab ehtiyojmand insonlarga protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari topshirildi.

Qabullar davomida ko‘plab nuroniylarga bepul yo‘llanmalar, davolanish uchun orderlar taqdim etildi. Mamlakatimizda keksalarga qaratilgan bu e’tibordan 77 yoshli Yo‘ldosh ota Ergashev ham mamnun bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Toshkent viloyatidagi olti kunlik ommaviy qabullarida 4 ming 250 nafar murojaatchining 4 ming 617 ta masalasi ko‘rib chiqildi. Ularning 1 ming 438 tasi joyida hal qilinib, 1 ming 302 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, 1 ming 877 ta murojaatni hal qilish bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar