Ommaviy qabullarda qanday muammolarga yechim topilyapti?

Ommaviy qabullarda qanday muammolarga yechim topilyapti?

Prezident Xalq qabulxonalari Buxoro va Kogon shaharlari, Jondor, Qorako‘l, G‘ijduvon, Peshko‘ tumanlarida tashkil qilgan muloqotlarda viloyatning barcha hududi aholisi qamrab olinib, ochiq-oshkora suhbatlarda har bir masalaga qonuniy yechim topish uchun kuch va imkoniyatlar safarbar qilindi.

Ommaviy qabullarda Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi rahbarlari 901 ta masalani ko‘rib chiqib, ularning 423 tasiga joyida yechim topib berdi. Jumladan, qabullar jarayonida Buxoro va Kogon shaharlari, G‘ijduvon, Jondor, Olot, Qorako‘l, Peshko‘, Vobkent, Romitan, Kogon tumanlari sudlari o‘tkazgan sayyor sud majlislarida jami 60 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi.

Buxoro viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 1 nafar shaxsni oqlagan bo‘lsa, 47 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikdan ozod qilindi, bir shikoyat bo‘yicha sud qarori ijrosi to‘xtatildi.

Shuningdek, sudlar 119 nafar murojaatchining arizalari asosida ularga aliment undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarib berildi. 17 nafar murojaatchining yuridik ahamiyatga ega faktlarni belgilash bo‘yicha arizasi qanoatlantirildi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbatlar o‘tkazilib, 42 nafar voyaga yetmagan farzandi bor 27 ta oila yarashtirildi. Iqtisodiy sudlar ko‘rib chiqqan 129 ta ish bo‘yicha tadbirkorlarning foydasiga jami 2,1 mlrd. so‘m undirilishi belgilandi.

Bosh prokuratura mas’ullari kelib tushgan 200 ta masalaning har birini murojaatchi va viloyat prokuraturasi rahbariyati bilan yuzma-yuz muhokama qildi. Ular asosan tergov-surishtiruv, sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish, sud qarorlari ijrosi, tadbirkorlik va boshqa masalalardagi ariza-yu shikoyatlardan iborat. Muloqotlar davomida ko‘pchilik mulkiga zarar yetkazilgan yirik firibgarlik holatlari bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha tergov jarayonlari ustidan ham qat’iy nazorat o‘rnatildi. Deylik, Peshko‘ tumani Kuyovxo‘ja mahallasidan kelgan murojaatchilarning muammosi bitta – ular mehnatsiz daromadga qiziqib, “moliyaviy piramida” domiga tushib qolishgan. Pullarini o‘z qo‘llari bilan hamqishlog‘iga eltib berishgan, firibgar hamqishloq esa ularni aldab ketgan. Aytilishicha, bu “moliyaviy piramida”dan jabr ko‘rganlar – 31 kishi, ular da’vo qilayotgan summa esa 7,1 milliard so‘mdan ziyod. Albatta, ular bu zararga o‘zlari ham aybdorligini inkor qilmayapti, shu bilan birga tergov va sud jarayonlari adolatli o‘tkazilib, firibgarga tegishli mol-mulklar to‘liq xatlanishini so‘rashmoqda. Bosh prokuratura mas’ullari bu borada qonuniylik va adolat ta’minlanishini o‘z nazoratiga oldi.

Muloqotlarda tadbirkorlik sub’yektlaridan kelib tushgan murojaatlarni hal qilishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Kogon shahrida ko‘p yildan buyon faoliyat olib borayotgan «Megastroy» MChJ rahbari Hamza Saidovning arz qilishicha, korxona ishlab chiqargan qurilish materiallarini xarid qilganlardan ayrimlari to‘lovlarni to‘lab bermayapti. Bu masala sud tartibida ko‘rilgan, Buxoro viloyati iqtisodiy sudiining hal qiluv qaroriga asosan «Seying produksion» MChJdan 76 million so‘m asosiy qarzni da’vogar foydasiga undirish belgilangan. Biroq oradan bir yildan ziyod vaqt o‘tsa-da, sud karori ijro qilinmagan. Tadbirkorning Bosh prokuratura mutasaddilariga murojaatidan so‘ng mazkur sud qarori ijrosini ta’minlashga kirishildi.

Ichki ishlar vazirligi mas’ullari ichki ishlar organlariga ishga tiklanish va ishga kirish, surishtiruv va tergov, fuqarolik, pasport-viza, mol-mulk yoki buyumlarni qaytarib olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, jazoni ijro etish va boshqa masalalarga oid 164 ta murojaatni ko‘rib chiqdi. Ularning 76 tasi joyida hal qilindi. Xususan, 33 nafar shaxslarni muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish bo‘yicha sudlarga taqdimnoma kiritildi, fuqaroligi bo‘lmagan 24 nafar shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish yuzasidan hujjatlari rasmiylashtirildi.

Ommaviy qabullar davomida barcha soha mutasaddilarining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida 79 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 18 nafar fuqaroga 1,1 mlrd. so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratildi. Xususan, Shofirkon tumani “Talisafed” qishlog‘ida yashovchi Sherali Hayitovga mebelchilik faoliyatini kengaytirishi uchun 75 mln. so‘m, qorako‘llik Dilnora Hamroyevaga suvni filtrlash uskunasini sotib olishi uchun 33 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratilishi ta’minlandi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj 8 ta oilaga uy-joyini ta’mirlashi uchun 350 mln. so‘mlik qurilish materiallari olib berildi, xuddi shu masalada murojaat qilgan yana 6 nafar fuqaroga 110 mln. so‘m ajratildi, “temir daftar”dagi 9 ta oilaning talaba farzandlari oliy ta’lim olishi uchun 27,8 so‘mlik shartnoma to‘lovlari to‘lab berildi. Murojaatchilarning 106 nafariga shifoxonada, 120 nafariga sanatoriyalarda bepul davolanishi uchun yo‘llanmalar ajratildi.

Umumlashtirib aytganda, Buxoro viloyatida o‘tkazilgan ommaviy qabullarda 2 ming 27 nafar murojaatchining 2 ming 158 ta masalasi ko‘rib chiqildi. Ularning 765 tasi joyida hal etildi, 659 ta murojaat bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan 734 ta masala bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar