O‘rganishlar davomida alohida e’tibor aholi bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir bo‘lgan himoyaga muhtoj aholi qatlamiga amaliy ko‘mak ko‘rsatishga qaratilmoqda.
Xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tumanda mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib 51 ta loyihaga 1,2 mlrd. so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi, 50 nafar fuqarolarga 178 mln. so‘m subsidiya mablag‘lariga asbob-uskuna va mehnat qurollari olib berildi.
Yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida 7 nafar yoshlarga 21 mln. so‘m beg‘araz yordam ko‘rsatildi. Jumladan, “Yangi yo‘l” mahallasida yashovchi H.Tojixonovga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun payvandlash uskunasi topshirildi.
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan 3 nafar xotin-qizlarga 5 milliondan ziyod yordam ko‘rsatildi. Jumladan, “Jomiy” mahallasida yashovchi M.Abduhamidova, “Chorbog‘” mahallasida yashovchi M.Ashurova hamda “Bog‘i baland” mahallasida yashovchi N.Xayitovalarga homiylik asosida kerakli yordamlar ko‘rsatildi.
Shu bilan birga, 395 nafar fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan 25 nafar bemorlar tuman, viloyat shifoxonalariga yotqizilib, 4 nafari repsublika shifoxonalariga davolanish uchun navbatga qo‘yildi. 30 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga reabilitatsiya vositalari, elektron va oddiy nogironlik aravachalari bepul yetkazib berildi.
Xalq ta’limi vazirligi hamda Sportni rivolantirish vazirligi tomonidan Mahdumi A’zam mahallasidagi sport maktabida “Boks” va “Taekvando” bilan shug‘ullanuvchi yoshlarga sport jihozlari taqdim etildi.
Shu kunga qadar Kosonsoy tumanining 59 ta mahallasida 24 minnga yaqin xonadon o‘rganilib, 3,8 mingdan ziyod muammolar aniqlandi. Ularning 40 foizi o‘z ichimi topdi, qolgan masalalar bo‘yicha ishlar nazoratga olindi.
Ishlar davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish