2021 yil II choragida O‘zbekistonning eng faol banklari aniqlandi

2021 yil II choragida O‘zbekistonning eng faol banklari aniqlandi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) tomonidan O‘zbekistonning 31 ta tijorat banki uchun "Banklar faollik indeksi" ishlab chiqilgan. CERR ushbu indeks asosida har chorakda banklar reytingini yangilab bormoqda.

Mazkur tadqiqot bank aktivlari tarkibida xususiy sektor ulushining o‘zgarishini monitoring qilish, shuningdek mamlakatimiz bank sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini baholash maqsadida o‘tkazilib kelinmoqda.

2021 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bank tizimining aktivlari 395 trln. so‘mni (2020 yilning 1 iyuniga nisbatan o‘sish 27,5%), majburiyatlar – 333,6 trln. so‘mni (o‘sish – 30,6%), umumiy kapital – 61,5 trln. so‘mni (o‘sish – 13,1%) tashkil etdi. Hozirgi kunda bank tizimida 56 mingdan ortiq kishi faoliyat olib bormoqda.

Banklar ikki guruhga bo‘linadi — katta va kichik. Reyting har bir guruh uchun alohida tuzildi.

2021 yilning II choragi uchun yirik banklar faollik reytingi

17 ta yirik banklar orasida "Kapitalbank" 2020 yilning II choragidan beri yetakchilikni saqlab qolmoqda.

"Kapitalbank" umumiy reytingdagi o‘rnini mustahkamlab, yana bir bor moliyaviy vositachilik va aktivlar sifati ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori natijalarni ko‘rsatdi. Xususan, bank muddatli depozitlarining kreditlar umumiy hajmiga nisbati 84% ni tashkil etdi.

"Xamkorbank" umumiy reytingda 2021 yilning I choragi bilan taqqoslaganda 2 pog‘onaga ko‘tarilib, 2-o‘rinni egalladi. Bunga bankning moliyaviy vositachilik, aktivlar sifati va boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi yordam berdi.

"Trastbank" umumiy reytingda 3-o‘rinni egallab, bir pog‘ona yo‘qotdi. Bunda, ushbu bank kapital yetarliligi, daromad olish salohiyati va likvidlilik bo‘yicha yetakchi banklardan biri bo‘lib qolmoqda.

Davlat ulushi mavjud yirik banklar orasida "Aloqabank" 3 pog‘ona pastlab, 6-o‘ringa tushdi. Bunga asosiy sabab bankning muammoli kreditlari ulushi va ehtimoliy yo‘qotishlar bo‘yicha zaxiralari hajmining oshishi bo‘ldi. Shunga qaramay, mazkur bank moliyaviy vositachilik va kapital yetarliligi bo‘yicha eng yaxshi beshta banklar qatoriga kiradi.

"Aziya Alyans bank" va "Mikrokreditbank" umumiy reytingda 4 pog‘onadan yo‘qotdi va mos ravishda 9- va 12-o‘rinlarni egalladi.

2021 yilning I choragida kichik banklar faollik reytingi

Joriy yilning II choragida O‘zbekistonning 14 ta kichik banklari faolligi umumiy reytingida birinchi uchlikni mos ravishda "Davrbank", "Universalbank" va "Ziraatbank" egalladi.

* CERR metodologiyasiga ko‘ra, boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlari faqat miqdoriy ko‘rsatkichlarga asoslangan hamda ko‘rsatkichlardan biri sifatida bank sof foydasi/zararini bank xodimlari soniga bo‘lingan. . Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, "Tibisi bank" va "Anor Bank" o‘z faoliyatini 2020 yilning IV choragida boshlagan va hozirgi kunda shakllanish jarayonida joylashgan. Shuning uchun, ushbu banklar bozorga to‘liq moslashmaguncha operatsion xarajatlari yuqori darajada saqlanib qolishi kutilmoqda.

*Batafsil tahlil «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnalida e’lon qilinadi.

*Tadqiqot haqida hisobot, metodologiya va batafsil ma’lumot olish uchun Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga murojaat qilishingiz mumkin. Tel.: (+998) 78 150-02-02

E-mail: k.khamidov@cerr.uz

X.S. Hamidov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Bosh ilmiy xodim

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar