Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 noyabr kuni Orolbo‘yi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Hujjatga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan 2031 yil 1 yanvargacha Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlik sub’yektlari uchun foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, ijtimoiy soliq, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha o‘rnatilgan soliq stavkalarini 1 foiz etib belgilanmoqda.
Mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida belgilash ko‘zda tutilgan.
2025 yil 1 yanvargacha Xorazm viloyatining Tuproqqal’a, Yangiariq, Yangibozor tumanlarida yangi tashkil etiladigan va shu tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlik sub’yektlari (klasterlar bundan mustasno) bo‘yicha foyda solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalarini 50 foizga kamaytiriladi.
Ular tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan o‘z ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) ehtiyojlari uchun olib kiriladigan xomashyo, materiallarni bojxona bojidan ozod qilinadi.
Xorazm viloyatida yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlarga, daraxtlarning qator oralaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun foydalanilishidan qat’i nazar, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lash bo‘yicha imtiyozli davri besh yil etib belgilanadi.
Qoraqalpog‘iston uchun zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanadigan investitsiya loyihalari qiymati kamida 50 mlrd so‘m miqdorida belgilanadi.
Ushbu tartib bo‘yicha 50 mlrd so‘mdan 200 mlrd so‘mgacha bo‘lgan investitsiya loyihalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar loyihalar qiymatining 20 foizidan oshmasligi lozim.
Xorazm viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ortda qolayotgan va ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan 98 ta mahalla uchun 2022−2026 yillar davomida Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida «mahallabay» ishlash tizimini joriy etish maqsadida 200 mlrd so‘m va aholini tadbirkorlikka o‘qitish va jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan NTTlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 50 mlrd so‘m miqdorida kredit resurslari ajratiladi. Ushbu mahallalarning infratuzilmasini rivojlantirish uchun 50 mlrd so‘m miqdorida kredit resurslari ajratilishi ham ko‘zda tutilgan.
2022 yil 1 yanvardan 2027 yil 1 yanvargacha Orolbo‘yi mintaqasida faoliyat yuritayotgan kichik tadbirkorlik sub’yektlariga korxona qurilishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va texnikalarni respublikaning boshqa hududlaridan olib kelish hamda ular tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni respublikaning boshqa hududlariga yetkazib berish bilan bog‘liq temir yo‘l transportida tashish xarajatlarining 50 foiz qismini qoplab beradi.
Ushbu muddat ichida mahalliy eksportchilar tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilishda, ularning Kaspiy dengizigacha tashish bilan bog‘liq transport xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibi joriy etiladi.
Farmon bilan ikki oy muddatda Qoraqalpog‘istonda 45 ta va Xorazm viloyatida 40 ta yangi kichik sanoat zonalarini belgilangan tartibda tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish