Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi: O‘zbekistonda pandemiyani yengib o‘tish uchun hamkorlikni chuqurlashtirish

Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi: O‘zbekistonda pandemiyani yengib o‘tish uchun hamkorlikni chuqurlashtirish

OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini bilan intervyu.

Bu yil OTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikga 25 yil bo‘ldi. Ushbu hamkorlik tarixidagi eng yorqin voqealarni va yirik loyihalarni ko‘rsatish mumkinmi? 2017 yilda O‘zbekistondagi islohotlarning yangi bosqichi boshlanishi bilan hamkorlikda yangi xususiyatlar va jihatlar paydo bo‘ldimi?

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda 1995 yildan beri faoliyat yuritib kelyapti. Bunda biz rivojlanish sohasida O‘zbekistonning asosiy hamkori bo‘lib qolyapmiz.

OTB kam va o‘rtacha daromadli qishloq oilalari uchun 56000 dan ortiq uylar qurilishiga o‘z hissasini qo‘shdi. Amaldagi dastur doirasida biz yana 14,5 mingta uyning qurilishida yordam beryapmiz.

OTB qishloq joylarda 793 oilaviy tibbiyot poliklinikasini ochishda va jihozlashda yordam berdi. 37,900 dan ortiq kichik va o‘rta korxonalar (ularning 32 foizini ayollar boshqaradi) OTB bilan hamkorlikda bo‘lgan moliya institutlaridan tijorat kreditlari oldi.

Energiya sohasida OTB Talimarjon va Taxiatosh elektr stansiyalarini bug‘-gaz uskunalarini qurishda va elektr uzatish tarmoqlarini takomillashtirishda qo‘llab-quvvatlamoqda. Shuningdek, u milliy elektr engergetika kompaniyasiga avtomatlashtirilgan hisoblagich tizimlarini o‘rnatish orqali moliyaviy barqarorlikni yaxshilashga yordam bermoqda.

OTB Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) yo‘laklari bo‘ylab avtomobil va temir yo‘llar bilan bog‘liq loyihalarini moliyalashtirmoqda.

Suv ta’minoti va sanitariya xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya dasturi doirasida 4800 dan ortiq uy xo‘jaliklari ishonchli suv ta’minotiga ulandi va 170 ming kishi sifatli oqava suv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ayni paytda OTB Qoraqalpog‘istondagi 116 qishloq aholi punktlaridagi 388 ming aholini xavfsiz suv bilan ta’minlash, Jizzax shahridagi kanalizatsiya tizimini kengaytirish va Toshkent viloyatida yangi ichimlik suvi tozalash inshootini qurish bo‘yicha ish olib bormoqda. Shuningdek, biz 220 mingdan ortiq odam foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarida suv ta’minoti tizimini kengaytirishda ko‘maklashmoqdamiz.

Besh viloyatdagi 3,2 milliondan ortiq aholi qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ta’minlaydigan sug‘orish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatiga ega. OTB shuningdek, ekinlarni diversifikatsiyalashda, hamda O‘zbekistonning bog‘dorchilik sohasidagi ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlarida va infratuzilmasida va chorvachilikda qo‘shilgan qiymat zanjirlarida xususiy sektorning ishtirokini oshirishda yordam bermoqda.

OTB davlat va xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda va bunday loyihalar jumlasiga Surxondaryo viloyatida quyosh energiyasi, Toshkent shahrida markazlashgan isitish tizimini modernizatsiya qilish va davlat maktablarini rekonstruksiya qilish, Namanganda suv va kanalizatsiya infratuzilmasini takominlashtirish loyihalari kiradi.

Biz qo‘llab-quvvatlayotgan har bir loyihada OTB Hukumat bilan O‘zbekistonning atrof-muhit va ijtimoiy himoya choralarini kuchaytirish va xalqaro xaridlar, moliyaviy boshqaruv, korrupsiyaga qarshi kurash va gender tengligi borasidagi xalqaro amaliyot bilan muvofiqlashtirish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilmoqda.

2017 yilda boshlangan islohotlar O‘zbekiston bilan hamkorligimizni kengaytirdi. Endi bizning yordamimiz o‘z ichiga ilgarigidan ham ko‘proq islohotlar bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. Energetika, avtomobil va temir yo‘llar, suv ta’minoti va kanalizatsiya, qattiq chiqindilarni boshqarish, suv resurslarini boshqarish va qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, davlat moliyasi, kapital va ipoteka kreditlash bozorlarini rivojlantirish sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashimizda O‘zbekiston bizga ishonadi.

Osiyo taraqqiyot bankining mezonlari va yondashuvlariga muvofiq 2017 yilda qabul qilingan rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qanday baholaysiz? Sizningcha, u O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishining hozirgi bosqichi muammolarini yechishga qanchalik mos keladi? Uni ishlab chiqishda OTB mutaxassislari ishtirok etganmi?

Aytib o‘tganingizdek, 3 yil oldin Hukumat keng qamrovli va juda muhim iqtisodiy islohotlarni boshladi. 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qabul qilish orqali Hukumat O‘zbekistonning ushbu islohotlarga sodiqligini namoyish etdi. Garchi OTB strategiyani ishlab chiqishda bevosita ishtirok etmagan bo‘lsada, u o‘z faoliyatini belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bilan muvofiqlashtirdi.

OTB qarz taqdim etish uchun loyihalarni qanday mezonlar asosida tanlaydi?

Loyihalarimizni rejalashtirishda / loyihalar dasturlarini tayyorlashda biz suveren moliyalashtirish (davlatga taqdim etiladigan qarz asosida) uchun yangi loyihalarning qaysi biri ustuvor bo‘lishini quyidagi bir necha mezonlar asosida aniqlaymiz:

  • Sektorni rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyoj.
  • Biz qo‘shish mumkin bo‘lgan qo‘shimcha qiymat va imkoniyatlarimiz.
  • Loyihani amalga oshirish uchun ma’sul tegishli vazirlik va idoralarning o‘zlashtirish salohiyati.
  • Tashqi qarz olishda Hukumatning cheklovlari.
  • Taklif etilayotgan loyihalarning amalga oshirishga tayyorligi.
  • Loyihaga xususiy sektorni jalb qilish usullari.

Iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish OTB dasturlarida ustuvor yo‘nalish bo‘lib hisoblanadi va biz bu masalalarni o‘z loyihalarimizda inobatga olishga harakat qilamiz. Masalan, biz iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirishga qaratilgan suvni boshqarish bo‘yicha loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Bandan tashqari, energetika sohasini isloh qilish dasturimiz chiqindilarni va qazib olinadigan yoqilg‘idan foydalanishni kamaytirish bo‘yicha aniq siyosatni o‘z ichiga oladi.

OTB O‘zbekistonga kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun muntazam ravishda karzlar ajratib turadi. Ushbu yo‘nalish haqida batafsilroq ma’lumot bering.

OTBning O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga ko‘magi borasida gapirar ekanmiz, 1996 yildan beri OTB O‘zbekistondagi kichik va o‘rta korxonalarga (shu jumladan mikrofirmalarga) beshta moliyaviy vositachilik qarzi, salohiyatini oshirish bo‘yicha beshta texnik ko‘mak loyihasi va "Ipak Yo‘li Bank" ga o‘z kapital qo‘yilmalari orqali ko‘mak ko‘rsatdi. Ushbu chora-tadbirlar quyidagi maqsadlarda amalga oshirilmoqda: qishloqlarda bandlikni oshirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish; aylanma mablag‘larni va asosiy vositalarni moliyalashtirish; ishtirok etuvchi moliya institutlari/ banklarining kichik va o‘rta korxonalarga xizmat ko‘rsatish uchun kredit berish salohiyatini va xatarlarni baholash imkoniyatlarini oshirish. Ushbu loyihalar kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan me’yoriy, institutsional va moliyaviy islohotlarni jadallashtirish uchun siyosiy dialogda ishtirok etishning va ishtirok etuvchi moliya institutlarining subproyektlarni baholash va nazorat qilish, kredit xatarlarini boshqarish, moliyaviy axborotni oshkor qilish va korporativ boshqaruv bo‘yicha salohiyatini oshirish zarurligini ko‘rsatadi.

OTB hukumatga yangi kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish dasturini tayyorlashda ko‘mak bermoqda. Ushbu dastur mamlakatning umumiy rivojlanish strategiyasiga muvofiq kichik va o‘rta korxonalarlar iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatli ish o‘rinlarini yaratish uchun katalizatorga aylanishi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan. Taklif etilayotgan dastur soddalashtirilgan va moslashuvchan tartibga solish siyosati va institutsional bazani, diversifikatsiyalangan va arzon moliyaviy vositalarni, raqamli infratuzilmani, malakali ishchi kuchini yaratishga va kichik va o‘rta korxonalarning moliyaviy savodxonligi va malakasini oshirishga yordam beradi.

Bir yil oldin OTB 2019-2023 yillar uchun O‘zbekiston bilan hamkorlikning besh yillik strategiyasini qabul qildi va mazkur strategiya inklyuziv va bozorga asoslangan iqtisodiy o‘sishga o‘tishda ko‘maklashishga qaratilgan. Iltimos, ushbu hamkorlik strategiyasi haqida batafsilroq ma’lumot bering. Uning asosiy jixatlari qanday? Oldingisidan qanday farq qiladi? U qanday zarurat asosida qabul qilindi va u ayniqsa hozir, pandemiya muammolari mavjud bo‘lgan sharoitda qanchalik muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda?

O‘zbekistondagi islohotlarning umumiy maqsadi va jadvaliga muvofiq tarzda OTB O‘zbekiston bilan 2019–2023 yillarda hamkorlik qilish strategiyasini qabul qildi. Ushbu strategik asoslarni belgilovchi hujjat doirasida OTB O‘zbekistonga o‘tish davrida siyosiy maslahatlar, investitsiyalar va salohiyatni rivojlantirish orqali quyidagi uchta strategik yo‘nalish bo‘yicha yordam bermoqda: xususiy sektorni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash; iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish; mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani rivojlantirish. Oldingi strategiyadan farqli o‘laroq, biz o‘z faoliyatimiz uchun aniqroq mamlakat bo‘yicha maqsadlarini qabul qildik va bunda siyosatni isloh qilish bo‘yicha maslahatlarni kuchaytirdik va bilimga asoslangan va tahliliy yechimlarning foydaliligini oshirdik. Hozircha biz 2023 yilga qadar strategiyaning kutilgan natijalariga erishish sari intilyapmiz. COVID-19 barcha mamlakatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatdi va O‘zbekiston ham bundan istisno bo‘lmadi. Biroq, hukumat pandemiya davomida izchil yondashuvni qo‘lladi va islohotlarga sodiqligini isbotladi. Xuddi shunday tarzda OTB ham rejalashtirilgan faoliyatini davom ettiradi va COVID-19 sharoitida islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Pandemiya boshqa ko‘plab mamlakatlar singari O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga ham juda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Pandemiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini (agar iloji bo‘lsa, boshqa mamlakatlar bilan qiyoslab) va uning oqibatlarini minimallashtirish bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘rilayotgan choralarni qanday baholaysiz?

COVID-19, eksport tovarlariga talab va narxlarning pastligi O‘zbekiston iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Pandemiya va tabiiy gaz va misga sust talab iqtisodiy o‘sishni to‘xtatdi. Zarur cheklovlar xizmat ko‘rsatish, transport va savdo sohalaridagi faoliyatni susaytirdi. Qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalari o‘sib bormoqda, bu esa ma’lum darajada sanoatdagi pasayishni qoplaydi. O‘z navbatida, nafaqat O‘zbekiston iqtisodiy pasayish va ish o‘rinlarining qisqarishini kechiryapti. Biroq, O‘zbekiston hukumati pandemiyaning iqtisodiyotga ta’sirini minimallashtirish va odamlar daromadlarining kamayishini oldini olish uchun tegishli choralar ko‘ryapti.

Pandemiyaning dastlabki bosqichlarida hukumat epidemiyani kuzatib borish va aholining xabardorligini oshirish, xalqaro tashkilotlar va yuqumli kasalliklarni boshdan kechirayotgan mamlakatlar bilan aloqalarni o‘rnatish, sog‘liqni saqlash muassasalarining imkoniyatlarini kengaytirish va virusga qarshi kerakli dorilar va uskunalarni xarid qilish uchun Maxsus respublika komissiyasini tuzdi. Hukumat sog‘liqni saqlash sohasida strategik tayyorgarlik ko‘rish va javob berishni ta’minlash milliy rejasini e’lon qildi. Rejaning maqsadi: COVID-19 bilan kasallanganlarni aniqlash, ajratish va ularga yordam berish orqali va shu tarza kasallanish va o‘lim holatlarini kamaytirish orqali COVID-19 bilan bog‘liq favqulodda vaziyatni bartaraf etish; sog‘liqni saqlash tizimining intensiv terapiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli salohiyatini kuchaytirish; jamoatchilik o‘rtasida COVID-19 bilan bog‘liq favqulodda vaziyatni qanday hal qilish to‘g‘risida samarali tushuntirish ishlarini olib borish; rasmiy sektor ishchilari uchun ishsizlik nafaqalarini kengaytirish; ishdan bo‘shatilgan ishchilarning ish haqi uchun kompaniyalarga subsidiyalar berish; zaif uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslarga pul o‘tkazmalarini kengaytirish. Hukumat bir mlrd. AQSh dollarlik Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etdi va sog‘liqni saqlash, iqtisodiyotni barqarorlashtirish va ijtimoiy himoya qilish sohalarida choralar ko‘rdi.

Biz COVID-19ning salomatlik va iqtisodga bo‘lgan ta’sirini kamaytirish bo‘yicha hukumatning harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. OTB hukumatning inqirozga qarshi choralari uchun byudjet yordamini taqdim etdi va tibbiyot sohasidagi yangi shoshilinch loyihani tasdiqladi. Ushbu mablag‘lar sog‘liqni saqlash tizimining salohiyatini kuchaytiradi, ish joylarining yo‘qolishini minimallashtirish uchun tadbirkorlikni barqarorlashtiradi va kam ta’minlangan uy xo‘jaliklari va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud ijtimoiy xavfsizlik choralarini kengaytiradi.

Mintaqa (Markaziy Osiyo) nuqtai nazaridan O‘zbekistonning rivojlanishini qanday tasavvur qilasiz? Ushbu yo‘nalishda hamkorlik kanday shakllarda rivojlanadi deb o‘ylaysiz?

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) dasturining asosiy ishtirokchisidir. O‘z navbatida OTB MOMIH kotibiyati vazifasini bajaradi. MOMIH natijalarga asoslangan amaliy mintaqaviy loyihalar va mintaqada barqaror iqtisodiy o‘sish va umumiy farovonlik uchun muhim bo‘lgan siyosiy tashabbuslarning faol koordinatoridir.

MOMIH dasturining maqsadi bo‘lib "yaxshi qo‘shnilar, yaxshi sheriklar va yaxshi istiqbollar" tamoyili asosida hamkorlik orqali a’zo davlatlarda ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash xisoblanadi. MOMIH-2030 strategiyasi umumiy va barqaror rivojlanishga erishish maqsadida odamlar, siyosat va loyihalar o‘rtasidagi aloqani yaxshilash orqali mintaqada iqtisodiy hamkorlik ufqlarini kengaytirishga qaratilgan.

MOMIH-2030 besh operatsion klasterga qaratilgan: (i) iqtisodiy va moliyaviy barqarorlik; (ii) savdo, turizm va iqtisodiy yo‘laklar; (iii) infratuzilma va iqtisodiy aloqalar; (iv) qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish; (iv) inson salohiyatining rivojlanishi. MOMIH faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning integratsiyasi ham alohida ustuvor vazifa sifatida belgilangan. MOMIH mamlakatlari savdo va tijorat markaziga aylanish, iqtisodiy o‘sishning yuqori darajalariga erishish va qashshoqlikni kamaytirish uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatga ega. Ushbu istiqbollar kengroq global tendensiyalar, shu jumladan Yevroosiyo qit’asining qayta integratsiyalashuvi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bunday integratsiya Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yaxshi aloqalarga bo‘lgan real va o‘sib borayotgan talabning bir qismidir.

Koronavirus kasalligining (COVID-19) tarqalishi jiddiy mahalliy, mintaqaviy va global iqtisodiy muammolarni keltirib chiqardi. COVID-19 jiddiy muammolarni yuzaga keltirgan bo‘lsa-da, ayni vaqtda inqiroz MOMIHga a’zo davlatlar uchun koordinatsiyani yaxshilash, ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar uchun xarajatlarni kamaytirish va soliqqa tortiladigan daromadlarni ko‘paytirish uchun misli ko‘rilmagan rag‘bat beradi.

25 iyun kuni Osiyo taraqqiyot banki Direktorlar kengashi koronavirus pandemiyasining mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida O‘zbekistonga 500 mln. AQSh dollari miqdorida mablag ajratilishini ma’qulladi. Iltimos, bu haqda batafsilrok ma’lumot bering. Ushbu mablag‘lar qaysi maqsadlarga yo‘naltiriladi? OTB 2020 yilda qancha miqdorda va O‘zbekiston iqtisodiyotining qaysi sohalariga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda?

Men yuqorida byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan ushbu karz haqida aytib o‘tdim. 13 aprel kuni OTB a’zo davlatlari uchun COVID-19 pandemiyasini yengish va uning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini yumshatish uchun yordam berish uchun COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash choralari doirasida 20 mlrd. dollarlik yordam paketini tasdiqladi.

Ushbu yordam paketi doirasida OTB O‘zbekistonga 500 mln. dollar miqdorida karzni tasdiqladi va shu tarzda u pandemiyaga qarshi kurashda mamlakat bilan yaqin hamkorlik qilishga sodiqligini namoyish etdi.

Asosiy maqsad – O‘zbekiston hukumatiga COVID-19 pandemiyasining sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va jamiyatga salbiy ta’sirini o‘z vaqtida va samarali ravishda yumshatish uchun byudjet yordamini taqdim etishdir. Dasturning maqsadi bo‘lib sog‘liqni saqlash tizimining salohiyatini kuchaytirish, ish o‘rinlarini yo‘qotilishini minimallashtirish uchun tadbirkorlikni barqarorlashtirish va inqirozga qarshi choralarni moliyalashtirishga yordam berish va kam ta’minlangan uy xo‘jaliklari va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud ijtimoiy himoya choralarini kengaytirish xisoblanadi.

OTB yordamining muhim komponentlaridan biri – bu hukumatning sog‘liqni saqlash sohasidagi javob berish rejasini qo‘llab-quvvatlash bo‘lib, u sog‘liqni saqlash sektorining salohiyatni oshirishga qaratilgan va unga COVID-19ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siriga uchragan tibbiyot xodimlariga xavfli sharoitda ishlash uchun to‘lovlar ko‘rinishidagi ish haqi mukofotlari kiradi.

2020 yildagi boshqa yangi loyihalarimizga energetika, transport, moliya va sog‘liqni saqlash kabi strategik sohalardagi loyihalar kiradi.

Iyun oyida OTB 2020 yildagi O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishini 1,5% darajasida prognoz qildi va sentyabr oyida ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha prognoz 0,5%ga tushirildi. O‘z navbatida, sentyabr oyidagi prognozga muvofiq, yalpi ichki mahsulot, ilgarigi – iyun oyidagi prognozdagidek, 2021 yilda 6,5% gacha o‘sadi. Joriy yil prognozining pasaytirilishiga nima sabab bo‘ldi va qanday omillar kelgusi yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining bunday dinamik o‘sishini kutishimizga asos bo‘ladi?

Yilning birinchi yarmi uchun iqtisodiy ma’lumotlar ko‘ra, pandemiya va u bilan bog‘liq cheklovlar iqtisodiyotga biz kutganimizdan ko‘ra jiddiyroq ta’sir ko‘rsatdi. Natijada biz 2020 yil bo‘yicha o‘sish prognozimizni pasayish tomon qayta ko‘rib chiqdik. Cheklovlar, talabning pastligi va uglevodorodlarning arzonlashuvi o‘sishni deyarli to‘xtab qoldi va bunda sanoat va xizmatlar sektorlari eng katta zarar ko‘rdi. 2021 yil uchun o‘sish suratlarini prognoz qilishda biz fiskal rag‘batlantirish choralari to‘plamini, avgust oyida cheklovlarning yumshatilishini va 2020 yil oxiriga qadar korxonalarda, ayniqsa davlat korxonalarida ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq tiklashga qaratilgan harakatlarni inobatga oldik. Bundan tashqari, biz bu yil YaIMning past darajasini va kelgusi yil uchun o‘sish prognozlarimizda ishlab chiqarish va xizmatlar sohasida kutilayotgan tiklanishni hisobga oldik. Biz iqtisodiy ko‘rsatkichlarni kuzatishni davom ettirmoqdamiz va prognozlarimizni shunga mos ravishda to‘g‘rilab boramiz.

Video-intervyu davomida siz O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan 2020-2021 yillarda iqtisodiy o‘sishni tiklash va islohotlarni davom ettirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi borasida fikringizni bildirar ekansiz, pandemiya davomida va u tugaganidan keyingi davrda O‘zbekiston iqtisodiyotini tiklashda bank qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanligini ta’kidladingiz. Ushbu yo‘nalishda ayni qanday loyihalar rejalashtirilmoqda?

Keyingi uch yil uchun biz malaka oshirish, xalq ta’limi, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, moliya bozorlarini rivojlantirish, energetika, transport, suv xo‘jaligi, suv ta’minoti va kanalizatsiya, shaharsozlik va sog‘liqni saqlash sohalarida loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirdik. Infratuzilma loyihalari fuqarolarning hayotini yaxshilaydi va xususiy sektorni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratib, iqtisodiy o‘sishga yordam beradi. Kichik va o‘rta tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va moliyaviy bozorlarni rivojlantirish loyihalari COVID-19 holatiga javoban iqtisodiy o‘zgarishlarni bevosita tezlashtirishga qaratilgan.

Koronavirus (COVID-19) pandemiyasi mavjud bo‘lgan sharoitda dunyo iqtisodiyotining hozirgi holatiga qanday baho berasiz? OTB faoliyat yuritayotgan qaysi mamlakatlarga pandemiyaning ta’siri kuchliroq bo‘ldi va qaysi birllariga kamroq bo‘ldi? Shuningdek, jahon iqtisodiyoti va O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy sheriklari iqtisodiyotining qisqarishi O‘zbekiston iqtisodiyotidagi tiklanish jarayonlariga qay darajada to‘sqinlik qilishi mumkin?

Biz global iqtisodiyotda keskin pasayish yuz berishiini kuzatmoqdamiz, biroq kelasi yil uning tiklanishi extimoli katta. Yevrozona mamlakatlari iqtisodiyoti o‘tgan yilga nisbatan 14,7 foizga, AQSh iqtisodiyoti esa 9,1 foizga qisqardi. Rivojlanayotgan Osiyo mamlakatlaridagi o‘sish ham keskin pasayib ketdi va mintaqaning bir qator mamlakatlarida 1997-1998 yillardagi Osiyo moliyaviy inqirozidan beri birinchi marta choraklik qisqarish qayd etildi. Pastga tushish alomatlari asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yaxshilanishi bilan namoyon bo‘ldi. Biroq ular aksariyat mamlakatlarda pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatgichlardan pastroq darajadadir. Mintaqada iste’molchilar va investorlarning ishonchi susaygan bo‘lib qolmoqda. Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlaridagi inflyasiya talabning pasayishi va oziq-ovqat narxlarining pasayishi hisobiga ushlab turilmoqda.

Osiyo taraqqiyot bankining "Osiyo taraqqiyoti istiqbollari" nashrining sentyabr oyidagi yangilagan ma’lumotlariga ko‘ra, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida 2020 yilda YaIM o‘sishi eng past bo‘lgan mamlakatlar - bu Maldiv orollari (-20,5%), Fidji (-19,8%) va Qirg‘izistondir. (-10.00%). O‘z navbatida, bu yil YaIM o‘sishining eng yuqori sur’atlari Bangladesh (5,2%), Turkmaniston (3,2%) va Butanda (2,4%) kuzatildi.

Jahon yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar va pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar tufayli O‘zbekiston COVID-19 pandemiyasi oldida ayniqsa zaifdir, chunki u mintaqaviy savdo va tijorat markazi sifatida o‘z mavqeidan foyda ko‘radi. Bundan tashqari, chet elda, ayniqsa Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istonda ishlayotgan ko‘plab xalqaro sayohatchilar va mehnat muhojirlari mavjud. Uzoq davom etadigan global pandemiya O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatishni davom etadi, ammo hukumat, yuqorida aytib o‘tganimdek, pandemiyaning iqtisodiyot va sog‘liqqa salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini ko‘rmoqda.

Sizningcha, global iqtisodiyot qancha vaqt ichida tiklanadi?

Menimcha, bu savolga hech kim javob berolmaydi. Dunyoda COVID-19ning ikkinchi to‘lqini boshlandi va u qachon tugashini biz bilmaymiz. Iqtisodiy tiklanish ko‘plab omillarga bog‘liq bo‘lib, bular jumlasiga pandemiyaning tugashi, uning intensivligi, hukumatlarning ikkinchi to‘lqinga qarshi kurashishda qanday choralar ko‘rishlari (cheklovlarni qaytadan o‘rnatilishi yoki boshqa choralar), vaksinalarning paydo bo‘lishi va ularndan foydalanish imkoniyatining mavjud bo‘lishi kiradi.

Ziyoda Rizayeva suhbatlashdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar