Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importi va realizatsiyasi uchun qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) berilgan imtiyozlar muddati uzaytirilishi mumkin. Hukumat tegishli qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritdi.
Deputat Doniyor G‘aniyevning yozishicha, u Byudjet loyihasi muhokamasi davomida hukumat vakillari, jumladan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovdan imtiyozlarni uzaytirish masalasini ko‘rib chiqishni so‘ragan.
Qonun loyihasiga asosan 2022 yil 30 aprelga qadar quyidagilar QQSdan ozod qilinadi:
- O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish;
- o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma;
- go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek ularni mamlakat hududiga olib kirish.
Doniyor G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, go‘sht, yog‘ va kartoshka mahsulotlari aholi iste’mol savatchasi tarkibida yuqori vaznga ega ekanligi inobatga olinsa, ushbu mahsulotlar narxlarini barqaror saqlanishi boshqa iste’mol tovar va xizmatlar narxlari o‘sish sur’atlarini pasaytirishga ham ijobiy ta’sir qiladi.
«O‘ylaymanki, hukumat tomonidan ko‘rilayotgan ushbu fiskal choralar bozorlarimizda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini nafaqat barqaror saqlashga, balki ularni pasaytirishga hamda aholini ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirishga xizmat qiladi. Mazkur qonun loyihasi kelgusi parlament yalpi yig‘ilishida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilib, ma’qullanadi hamda Senatga yuboriladi», - deya qo‘shimcha qilgan deputat.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 1 mayidan 31 dekabrigacha O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish, o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQSdan ozod qilingandi.
Prezident qarori bilan 10 oktyabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma va O‘zbekistonga olib kirish QQSdan ozod qilingan edi.
Izoh qoldirish