Anjuman iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri hisoblangan Qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va yerdan foydalanish sohalarini (AFOLU) chuqur dekarbonizatsiya qilish bo‘yicha ssenariylarni ishlab chiqish maqsadida o‘tkazildi.
O‘zbekistonda ilk bor Qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va yerdan foydalanish sohalarini (AFOLU) past uglerodli transformatsiya qilish imkoniyatlari kompleks tarzda ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur yo‘nalish iqtisodiy barqarorlik, oziq-ovqat xavfsizligi hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish nuqtai nazaridan strategik ahamiyatga ega hisoblanadi.
Seminar ishtirokchilariga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor o‘rinbosari Xurshed Asadov murojaat qilar ekan, shuni ta’kidladi:
«O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik suv iste’molchisi hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun yiliga o‘rtacha 38–42 km³ suv sarflanadi, bu esa mintaqa bo‘yicha umumiy agrar suv iste’molining qariyb 40 foizini tashkil etadi».
Qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va yerdan foydalanish sohalari (AFOLU )sektorining barqaror rivojlanishi suv resurslaridan samarali foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda mamlakatning uzoq muddatli ekologik barqarorligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega».
Shuningdek, dekarbonizatsiya bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida hukumat tomonidan aniq maqsadlar belgilab olingani ta’kidlandi. Jumladan, 2035 yilga qadar zararli gazlar intensivligini 50%ga qisqartirilishi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40%ga yetkazilishi, shuningdek, yiliga 200 million tup daraxt ekilishi rejalashtirilgan.
Iqtisodiyotni past uglerodli transformatsiya qilishda tizimli yondashuvning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sho‘’ba rahbari Abdurashid Bozorov shunday ta’kidladi:
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi har yili aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM o‘sishini 1–2% punktaga kamaytirmoqda. So‘nggi 20 yil ichida mintaqada o‘rtacha harorat 1,5 gradusga oshgan (ushbu ko‘rsatkich jahondagi o‘rtachaga nisbatan ikki barobarga tezroq), Amudaryoda suv hajmi 30%ga, Sirdaryoda esa 10%ga kamaygan».
Mutaxassislar ta’kidlashicha, O‘zbekiston iqtisodiyotida issiqxona gazlari chiqindilarining asosiy manbalari sifatida energetika sektori (76%), qishloq xo‘jaligi (18%), sanoat (5%) va chiqindilar (1%) ajralib turadi.
Seminarda yetakchi xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirok etdi. Xalqaro ishtirokchilar qatorida Barqaror rivojlanish va xalqaro munosabatlar instituti (IDDRI), Dekarbonizatsiya bo‘yicha ekspertlar alyansi (DEXA), Bask iqlim o‘zgarishlari tadqiqot markazi (BC3), BMTning Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN), Finlyandiya tabiiy resurslar instituti (LUKE), Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari qatnashdi.
O‘zbekiston tomonidan seminarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita, O‘rmon xo‘jaligi agentligi hamda Markaziy Osiyo Yashil universitetining va Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetining professorlari ishtirok etdi.
Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, shuningdek yerdan foydalanish masalalari yuzasidan so‘z yuritilar ekan, ishtirokchilar ushbu sohalarning O‘zbekiston uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Xususan, qishloq xo‘jaligi mamlakat YaIMining 18%ini shakllantiradi, aholining 24%i bandligini ta’minlaydi hamda suv resurslarining qariyb 90%ini iste’mol qiladi. Shu bois, iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslarga bosimning ortishi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish zarurati kuchayib borayotgan sharoitda dekarbonizatsiya masalalari barqaror rivojlanish hamda iqtisodiyotning uzoq muddatli raqobatbardoshligini ta’minlashning muhim shartiga aylanmoqda.
Muhokamalar davomida xalqaro ekspertlar dekarbonizatsiya ssenariylarini ishlab chiqish bo‘yicha ilg‘or tajriba bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, oziq-ovqat va yer resurslari tizimlarini prognozlashda Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, bioxilma-xillik, yerdan foydalanish va energetika (FABLE) modelini qo‘llash hamda o‘rmon xo‘jaligi samaradorligini oshirish va uglerodni yutish salohiyatini kengaytirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi.
Anjumanda ishtirok etgan o‘zbekistonlik mutaxassislar mazkur sohalarning joriy holati bo‘yicha o‘z baholarni taqdim etdilar. Shuningdek, past uglerodli rivojlanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, suv resurslarini boshqarish masalalari hamda yaylov yerlarini tiklash yo‘nalishidagi ishlar muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: FABLE (oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, bioxilma-xillik, yerdan foydalanish va energetika) — oziq-ovqat tizimlari, yerdan foydalanish, bioxilma-xillik hamda iqlim siyosati rivojlanishi ssenariylarini baholash uchun qo‘llaniladigan xalqaro analitik modellashtirish instrumenti hisoblanadi.
Muhokamalarda o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda amalga oshiriladigan amaliy qadamlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2026–2030 yillar uchun quyidagi vazifalar belgilab olindi: milliy darajada chuqur dekarbonizatsiya ssenariylarini ishlab chiqish, FABLE analitik instrumentlarini strategik rejalashtirish tizimiga integratsiya qilish hamda ustuvor tarmoqlar bo‘yicha dastlabki tashabbuslarni amalga oshirish.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan o‘simlikchilik, chorvachilik va o‘rmon xo‘jaligida barqaror yechimlarni keng joriy etish choralari muhokama qilindi. Bundan tashqari, 2060 yilgacha bo‘lgan davrda o‘rmonlarning uglerodni yutish bo‘yicha tabiiy mexanizm sifatidagi rolini kuchaytirish masalasiga alohida urg‘u berildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha tahliliy sessiya o‘tkazildi. Unda ekspertlar muhokamalar davomida ko‘rib chiqilgan sohalarni rivojlantirishning ehtimoliy ssenariylarini birgalikda ishlab chiqdilar, shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotini “yashil” transformatsiya qilishni ilgari surish bo‘yicha kelgusi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish