Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida birinchi yarim yillik natijalari asosida yil oxiriga qadar hududlar va tarmoqlarda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha aniq choralar belgilab olinmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘tgan 6 oyda yalpi ichki mahsulot 6,2 foizga o‘sgan. Bunga asosan sanoat 8,5 foiz, investitsiyalar 5,9 foiz va xizmatlar hajmi 8 foizga oshgani hisobiga erishildi. Inflyasiya darajasi 10,9 foizni tashkil etdi.
Ushbu davrda jami 200 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Sanoatda yuqori o‘sish sur’atlari Qashqadaryoda 26 foiz, Sirdaryoda 23, Jizzaxda 15, Toshkent shahrida 14 va Namanganda 12 foizni tashkil etdi.
Oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi respublikada jami 14,7 foizga oshgan.
Hududiy investitsiya dasturlari doirasida birinchi yarim yillikda prognozga nisbatan 2,5 barobar ko‘p yoki 5 ming 246 ta loyiha amalga oshirilgan.
Hisobot davrida mamlakatda jami 53 ming yangi kichik tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilib, o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga oshgan.
Joriy yil birinchi yarim yillikda esa 190 ming gektar qo‘shimcha yer maydonlari o‘zlashtirildi.
2020 yilning birinchi yarmiga nisbatan xizmatlar ko‘rsatish hajmi 18,3 foizga oshdi.
Izoh qoldirish