"OTP Bank Group" o‘zbek tijorat banklaridan birini xususiylashtirish orqali O‘zbekistonga kirib kelishi mumkin

Joriy yilning 16 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Vengriya Savdo-sanoat palatasi (CCP) prezidenti Lazlo Parrag va “OTP Bank Group” banki raisi va ijrochi direktori Shandor Chani bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

L.Parrag bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida chorvachilik, qishloq xo‘jaligi, kimyo, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati kabi istiqbolli sohalarda muvaffaqiyatli sheriklik uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash imkonini berdi. Ikkala tomon umumiy bahosiga ko‘ra, xususiy kompaniyalar bilan birgalikda amalga oshirish uchun yetarli salohiyat va istiqbollarga ega bo‘lgan bir qator aniq loyiha takliflari belgilandi. O‘zbekistonlik va vengriyalik tadbirkorlar hamda sarmoyadorlar orasidan bo‘lajak hamkorlarni jalb etish bo‘yicha birgalikda ish olib borish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tomonlar o‘zaro savdo missiyalarini tashkil etish, ikki mamlakat bozorlarida xaridorgir bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatini o‘zaro almashish hamda O‘zbekiston va Vengriya tadbirkorlarini har ikki mamlakatda o‘tkazilayotgan sanoat ko‘rgazmalari va yarmarkalarida faol ishtirok etishga chorlash orqali tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish dolzarbligi to‘g‘risida bitta yakdil fikrga keldilar. O‘zbekiston – Vengriya biznes-forumini o‘tkazish va istiqbolli investitsiya loyihalarini atroflicha muhokama qilish uchun Vengriya ishbilarmon doiralari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.

Sh.Chani bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida bank-moliya sohasidagi O‘zbekiston – Vengriya hamkorligining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Vengriya tomoni O‘zbekiston moliya bozori rivojlanishining ijobiy tendensiyalari va bu borada xorijiy investorlarni jalb qilish uchun ochilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlarni e’tirof etdi. O‘zbekiston tomoni bank sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, valyuta bozorini liberallashtirish, davlat ulushiga ega bo‘lgan o‘zbek tijorat banklarini xususiylashtirish, shuningdek, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etdi.

Shu nuqtai nazardan, "OTP Bank Group"ning O‘zbekiston bank xizmatlari bozoriga o‘zbek tijorat banklaridan birini xususiylashtirish orqali kirib kelish istiqbollari hamda ushbu yo‘nalishdagi ikki tomonlama aloqalar masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ushbu tashabbusni amalga oshirish yuzasidan navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar