Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqish Prezidentning 7.12.2020 yildagi «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan.
Mazkur hujjat tadbirkorlik va professional faoliyat sub’yektlarini o‘z-o‘zini tartibga colish bilan bog‘liq jamoatchilik bilan munosabatlarini tartibga solishi, o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilotlarni tashkil etish va faoliyat yuritish, ularga a’zolik (ishtirok etish) va ularning huquqiy maqomini, davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini belgilashi rejalashtirilmoqda.
Loyihada quyidagi tushunchalar berilgan: o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot a’zosining shaxsiy manfaati, professional faoliyat, professional faoliyat sub’yektlari, o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot, o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot qoidalari va standartlari va boshqalar.
O‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot – tadbirkorlik sub’yektlarining ixtiyoriy a’zoligiga (ishtirokiga) asoslangan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan assotsiatsiya (ittifoq), jamoat birlashmasi yoki boshqa tashkiliy-huquqiy shakldagi notijorat tashkilot.
O‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot ixtiyoriy yoki majburiy a’zolik shaklida tashkil etiladi.
O‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilotlarga nisbatan quyidagi talablar qo‘yiladi:
- agar o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilotlarga nisbatan qonunlarda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot tarkibida kamida 25 ta tadbirkorlik sub’yektining yoki ma’lum bir turdagi kamida 100 ta professional faoliyat sub’yektlarining a’zolari sifatida birlashish;
- o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilotning barcha a’zolari uchun majburiy bo‘lgan tadbirkorlik yoki professional faoliyat uchun standartlar va qoidalarning mavjudligi;
- o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilot tomonidan uning har bir a’zosining ishlab chiqarilgan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) iste’molchilari va boshqa shaxslar oldida qo‘shimcha mulkiy javobgarligini ta’minlashi.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Izoh qoldirish