“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Qonun loyihasida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda:
- 2005 yil 1 yanvardan avvalgi davr uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasida (elektron mehnat daftarcha)gi mavjud yozuvlar asosida hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblash. Bunda, 2021 yil 1 iyundan boshlab yangi pensiya tayinlashda 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblash tatbiq etilishi nazarda tutilgan;
- ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi berish va ish stajiga qo‘shib hisoblash. Mazkur tizim amaliyotga joriy etilsa, oilada bola parvarishi va boshqa yumushlar bilan band bo‘lgani yoki turmush o‘rtog‘ining xohishiga asosan ishlamagan turmush o‘rtog‘ini kelajakda pensiya bilan ta’minlash imkoniyati beriladi;
- pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlash va to‘lash. Buning natijasida fuqarolarga doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatga olingan turar joyi bo‘yicha pensiya (nafaqa) tayinlash va to‘lash uchun murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Fuqaro viloyatda doimiy yashayotgan (propiska), biroq Toshkent shahrida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, pensiya tayinlash yoki to‘lash uchun viloyatga borish bilan bog‘liq ovoragarchiligi bartaraf etiladi;
- uch yil va undan avval tayinlangan yoki qayta hisoblangan pensiyalar tekshirilishiga hamda pensiya miqdoridan ortiqcha pullar to‘langanligi aniqlangan holatlarda ortiqcha to‘langan summalarni ushlab qolishga yo‘l qo‘ymaslik;
- fuqaroning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiyalarni uni olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga to‘liq oy uchun to‘lash tizimini joriy etish taklif etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil yakuniga qadar 100 ming, kelgusi yilda yana 200 ming fuqaro ortiqcha sarson bo‘lmay pensiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ish staj yetarli bo‘lmaganda ham pensiya tayinlanishi mumkin. Ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalar bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi. Bundan tashqari, pensioner olishi lozim bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli meros tarkibiga kiritilmasdan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadigan shaxslar doirasiga kiruvchi oila a’zolariga to‘lanadi.
Izoh qoldirish