Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritish taklif qilinmoqda

Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritish taklif qilinmoqda

“O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi normativ-huquqiy xujjatlar loyihalari muhokamasi portali regulation.gov.uz portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun chiqarildi.

Qonun loyihasiga ko‘ra:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 yanvardagi

PQ-4940-son “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 369-moddasiga qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda.

Bunda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida aniqlanadigan olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari orasidan bakalavr yoki magistraturani tamomlagandan so‘ng uch yil davomida qabul qilingan xodimlarga to‘lanadigan bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joy ijarasi uchun har oylik pul kompensatsiyasi jismoniy shaxslarning jami daromadiga kiritilmaydigan daromadlari toifasiga kiritiladi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi

PF-6155-sonli “2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Soliq kodeksining 408 va 483-moddalariga quyidagicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda:

a) ishlamaydigan turmush o‘rtoqlariga ishlayotgan fuqarolar tomonidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliq to‘langanda mehnat staji hisoblanishi belgilanmoqda (O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasi);

b) 2022 yil 1 yanvarga qadar 2020 yil 31 dekabr holati bo‘yicha soliq qarzini majburiy undirish, shuningdek penya hisoblash choralari ko‘rilmasligi belgilanmoqda (O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasi).

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2021 yil 4-5 fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Soliq kodeksining 4801 va 4802-moddalariga quyidagicha qo‘shichalar kiritish taklif qilinmoqda:

a) O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar hududida joylashgan eksklavlari hududida soliqqa tortishning yangi tartiblari belgilanmoqda.

Bunda, O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar hududida joylashgan eksklavlari uchun (Farg‘ona viloyatining So‘x tumani, Rishton tumaning Cho‘ng‘ara mahalla fuqarolar yig‘ini, shuningdek Farg‘ona tumanining Shoximardon va Yordon mahalla fuqarolar yig‘ini) Soliq kodeksida belgilangan soliq stavkalaridan qat’i nazar soliq stavkalarini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari nazarda tutilmoqda:

foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq (byudjet tashkilotlari bundan mustasno), aylanmadan olinadigan soliq turlari bo‘yicha 1 foiz miqdorida soliq stavkasi qo‘llaniladi;

qat’iy belgilangan miqdorlardagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i amalda har oyda to‘lanadigan 25 000 so‘m o‘rniga, har chorakda 25 000 so‘m miqdorida to‘lanadi;

yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi amalda har oyda to‘langan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdori o‘rniga, yiliga bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida to‘lanishini belgilash taklif qilinmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi bilan batafsil tanishib o‘z takliflaringizni qoldirishingiz mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar