O‘zbek va turk tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum tashkil etiladi

O‘zbek va turk tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum tashkil etiladi

19 yanvar kuni O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay bilan telekonferensaloqa shaklida muzokaralari o‘tkazdi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar investitsiya, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama shartnomalarni amalga oshirishning joriy holati hamda ularni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish bo‘yicha kelgusi chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yil fevral oyida Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»ga kiritilgan loyihalarni ruyobga chiqarish bilan bog‘liq qator masalalar ko‘rib chiqildi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar qo‘shma loyiha va tashabbuslarni hayotga joriy qilishda har ikki mamlakat tadbirkorlarini amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.

Turkiyaning hududlarda sanoatni rivojlantirish borasidagi tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash va maxsus iqtisodiy zonalarning samarali faoliyatini tashkil etishning amaliy jihatlariga to‘xtalib o‘tildi.

Ikki mamlakat tegishli vazirliklari tomonidan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi Bitimni qisqa muddatda kelishish hamda tasdiqlash borasida birgalikda olib borilayotgan ishlarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muloqot chog‘ida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkiya hukumatlararo komissiyasi (HK)ning 6-yig‘ilishini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi.

Shu o‘rinda, tadbir doirasida o‘zbek va turk tadbirkorlari ishtirokida har ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rag‘batlantirish va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi loyihalarni shakllantirishga qaratilgan biznes-forum tashkil etishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashga qaratilgan yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar