O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining birinchi tomi ishlab chiqildi. AOKAda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida sohaga oid ma’lumotlar taqdim etildi.
2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 220 ta mahalliy korxona faoliyat yuritmoqda. (100 ta dori vositalari, 29 ta tibbiy texnika, 80 ta tibbiy buyum, 11 ta dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish korxonalari).
2020 yil yakunlari bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlarining hajmi 2,47 trln. so‘mni tashkil etdi, 2019 yilga nisbatan mahsulot ishlab chiqarish 9,3 foizga ortdi, deydi Agentlik axborot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatova.
Shuningdek, mamlakatda farmatsevtika sohasi bo‘yicha umumiy qiymati 144,4 mln. dollarlik 30 ta loyiha ishga tushirilib, 1625 ta ish o‘rni yaratilgan.
Bundan tashqari, Prezident qaroriga asosan, barcha ishlab chiqarilgan dori vositalariga referent narx shakllantirish tizimi joriy qilindi.
«Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri tarkibida o‘z infratuzilmasiga ega Farmatsevtika texnik universiteti tashkil etildi. “Mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risidagi xalqaro doiraviy kelishuv”larga asosan, Buyuk Britaniyaning Sanderlend universitetida 5 nafar farmatsevtika mutaxassislari malakalarini oshirishni boshladilar.
Izoh qoldirish