O‘zbekiston suv xo‘jaligida amalga oshirilgan ishlar va sohani rivojlantirish istiqbollari

O‘zbekiston suv xo‘jaligida amalga oshirilgan ishlar va sohani rivojlantirish istiqbollari

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Hasan Boboyevning fikricha, suvdan foydalanish koeffitsiyentini yanada oshirish uchun irrigatsiya tarmoqlaridagi yo‘qotiladigan suv miqdorini kamaytirish kerak bo‘ladi. Buning uchun cug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, irrigatsiya-melioratsiya ob’yektlarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash-tiklash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash zarur.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda barcha sohalar kabi suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Respublikamizda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’yektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Suv xo‘jaligi sohasidagi mavjud muammolar (suv tanqisligi va suv resurslariga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar, jumladan, iqlim o‘zgarishi, aholi sonining o‘sishi, suvga bo‘lgan talabning oshib borishi)ni aniqlash, ularni o‘z vaqtida bartaraf qilish va chora-tadbirlar ishlab chiqish anchagina mashaqqatni talab etadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, global iqlim o‘zgarishi natijasida so‘nggi 50–60 yil davomida Markaziy Osiyoda muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. 2050 yilgacha Sirdaryo havzasida suv resurslari 5 foizga, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Natijada O‘zbekistonda 2030 yilga borib suvga bo‘lgan talab 7 mlrd. kub metrni, 2050 yilga borib esa, bu ko‘rsatkich ikki barobarga ortishi mumkin. Aholi sonining keskin oshib borishi, suvdan foydalanish samaradorligi pastligi hisobiga oxirgi 15 yil ichida aholi jon boshiga suv ta’minoti taxminan ikki barobarga (3048 m3 dan 1589 m3 ga) qisqargan. Natijada 2030 yilga borib keskin o‘sib borayotgan aholining sifatli suvga bo‘lgan talabi 18–20% (2,3 mlrd. m3 dan 2,7–3,0 mlrd. m3) ga ortishi kutilmoqda. Bu holat suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash va irrigatsiya ob’yektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish kabi bir qator chora tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

2019–2020 yillarda suv xo‘jaligi sohasini tartibga soluvchi jami 30 ga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6024-sonli Farmoniga muvofiq tasdiqlangan Konsepsiya sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish va suv xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha qator dolzarb vazifalar hamda ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan.

Mazkur hujjatda 2030 yilga qadar quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish ham nazarda tutilgan:

  • sug‘orish tizimlarining foydali ish koeffitsiyentini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish;
  • suv ta’minoti past darajada bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlarini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish;
  • sho‘rlangan sug‘oriladigan yer maydonlarini 226 ming gektarga kamaytirish;
  • Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi iste’molini 25 foizga kamaytirish;
  • barcha irrigatsiya tizimi ob’yektlariga “Aqlli suv” suv o‘lchash va nazorat qilish qurilmalari o‘rnatilib, suv hisobini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy etish;
  • 100 ta yirik suv xo‘jaligi ob’yektida suvni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish;
  • suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 50 ta loyihani amalga oshirish.

Shuningdek, Konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha 37 banddan iborat bo‘lgan “Yo‘l xaritasi” va konsepsiyani amalga oshirish natijasida erishiladigan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar va indikatorlar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida belgilangan vazifalarni 2020–2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash

Respublikamizda 2020 yilda 133,6 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Shu tariqa o‘tgan yillar davomida tejamkor sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan maydonlar 291,2 ming gektarga yetkazilib, jami sug‘oriladigan yerlarning 7 foizga yaqinini tashkil qilmoqda.

Jumladan, 43 ming 40 gektar, shundan 20 ming 650 gektar paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish, 2 ming 210 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish, 4 ming 249 gektar maydonda diskret (pulsar) sug‘orish texnologiyasi qo‘llanilgan bo‘lsa, 84 ming 162 gektar maydonda ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish ishlari amalga oshirilgan.

Irrigatsiya-melioratsiya ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash-tiklash

Suv xo‘jaligi tizimida jami 28,4 ming km irrigatsiya tizimi mavjud bo‘lib, ularda 54 432 ta har xil gidrotexnika inshooti qurilgan. Tizimda umumiy hajmi 19,4 mlrd. m3 bo‘lgan 70 ta suv ombori va sel omboridan foydalanib kelinmoqda.

Ekspluatatsiya mablag‘lari hisobidan xo‘jaliklararo sug‘orish tarmoqlarini tozalash ishlari 5942,0 km (101%)ga, ulardagi gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash 6306 dona (101%)ga va gidropostlarni ta’mirlash 6059 dona (102%), shuningdek, suv iste’molchilari uyushmalari va fermer xo‘jaliklari hisobidagi ichki ariqlarni mexanizm yordamida tozalash ishlari 16705 km (101%) va qo‘l kuchi yordamida tozalash ishlari 84831 km (101%), gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash ishlari 15302 dona (101%) va gidropostlarni ta’mirlash ishlari 16249 dona (101%)ni tashkil etgan. Mazkur tadbirlarni amalga oshirish natijasida irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti o‘tgan yilga nisbatan 0,64 foizga oshirilishiga erishilgan.

Hisobot davrida jami 735 ta, jumladan, 338 ta irrigatsiya, 151 ta melioratsiya ob’yektlarida qurish va rekonstruksiya qilish hamda 246 ta melioratsiya ob’yektlarida ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi. Shundan 621 ta ob’yektda (260 ta irrigatsiya, 131 ta melioratsiya ob’yektlarida qurish va rekonstruksiya qilish hamda 230 ta melioratsiya ob’yektlarida ta’mirlash-tiklash ishlari) qurilish-ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlangan.

Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash

Respublikada o‘ziga xos suv xo‘jaligi tizimi barpo qilingan bo‘lib, uning maqsadi iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, qishloq xo‘jaligini suv bilan ishonchli ta’minlash, shuningdek, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan. Hisobotga ko‘ra, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun umumiy uzunligi 142,9 ming km, shundan 106,2 ming km ochiq va 36,7 ming km yopiq gorizontal kollektor-drenaj tarmog‘i, shuningdek, 172 ta meliorativ nasos stansiyasi, 3 897 ta vertikal drenaj quduq ishlatilmoqda. Bu sug‘orish inshootlarining texnik holati yomonligi va aksariyati ancha eskirganligi tufayli ularni almashtirish va rekonstruksiya qilish talab qilinadi.

Foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini qayta foydalanish (oborot)ga kiritish masalalari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5742-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida respublika bo‘yicha fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomonidan jami 39,7 ming gektar yerlar qayta foydalanishga kiritilgan. Ushbu yerlarni qayta foydalanishga kiritish uchun jami 170,0 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘lar sarflangan. Qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan sug‘oriladigan yer maydonlarini qayta foydalanishga kiritish 2020 yilning oxirigacha 58,2 ming gektar rejalashtirilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 21 apreldagi 03/1-775, 03/1-952-sonli yig‘ilish bayoniga 143 ta irrigatsiya loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan 158,4 mlrd. so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi hisobiga 38,0 ming gektar yer maydonlarni foydalanishga kiritilgan.

Suv xo‘jaligi tarmog‘ida energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar

Paxta va g‘alla yetishtirish xarajatlarining yana bir katta ulushi nasos stansiyalarini faoliyatini ta’minlab beruvchi elektr energiya xarajatlari hisoblanadi. Hisobotga ko‘ra, suv resurslarining nomutanosib taqsimlanishi va sug‘oriladigan yerlarning murakkab relefga ega ekanligi natijasida sug‘oriladigan yerlarning 60 foiziga yaqin qismiga 1 687 ta nasos stansiya yordamida suv yetkazib berilib, ularning yillik elektr energiyasi iste’moli 8 mlrd kVt.s ni tashkil etadi. 2,5 million gektar maydonni sug‘orish uchun 2,4 trln. so‘m byudjet mablag‘lari sarflanmoqda. Bir gektar maydonga suvni nasoslar orqali yetkazib berish uchun byudjetdan o‘rtacha 800 ming so‘m xarajat qilinyapti. Egatlab sug‘orish oqibatida yiliga qariyb 5-6 milliard m3 yëki 20 foiz suv dalada behuda sarflanmoqda. Bu muammoni hal qilish maqsadida energiya samarador texnologiyalarni joriy qilish va tarmoqda energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha bir qancha ishlar olib borilmoqda.

Suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan ilmiy loyihalar va xalqaro grantlar

2020 yilda 21 ta mavzudan iborat jumladan, Suv xo‘jaligi vazirligining byudjet mablag‘lari hisobidan 12 ta hamda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 9 ta mavzudagi ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Buxoro filiali, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Axborot-tahlil va resurs markazi tomonidan bajarilgan.

Axborot-tahlil va resurs markazi tomonidan Yuqori Chirchiq tuman irrigatsiya bo‘limiga qarashli sug‘orish tarmoqlari BAV-6, BAV-13, Ag‘anay, Toshto‘g‘izoq, BAV-3 va IK qo‘shimcha-1 kanallarining suv olish nuqtalariga “Aqlli suv” qurilmalari o‘rnatilgan.

Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashqi muhitning agressiv ta’siriga uchragan beton va temir-beton kanallari, suv omborlari hamda boshqa gidrotexnika inshootlarining filtratsiyaga chidamliligini gidroizolyasion kompozit materiallar yordamida oshirish talablari ishlab chiqilgan. Takomillashtirilgan kompozit material “Toshkent” suv ombori to‘g‘oni bosimli qismining 16 m2 maydonida qo‘llanilib, ishlab chiqarishga tavsiya etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4087-son qarorida belgilangan ilmiy-tadqiqot ishlariga muvofiq, Toshkent va Surxondaryo viloyatining sharoitida yangi rayonlashtirilgan va istiqbolli ildiz tizimi tomchilatib sug‘orishga mos, kamsuvlikka, garmselga chidamli g‘o‘za navlarini parvarishlashda samarali agrotexnologiyalarni ishlab chiqilgan. G‘o‘zani tomchilatib sug‘orishda maqbul sug‘orish me’yorlari ilmiy asoslandi. Egatlab sug‘orishga nisbatan tomchilatib sug‘orishda 34-37 % suv tejalishiga erishilgan.

Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Respublika davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 5 ta fundamental, 13 ta amaliy loyihalar bajarilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 noyabrdagi 744-son qarori bilan Xorazm viloyatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgan.

Davlat-xususiy sheriklikni joriy etish masalalari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6024-son Farmonida vazirlik tomonidan 2030 yilga qadar 50 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

2020 yilda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 29 ta loyiha shakllantirilib, 2020 yilga rejalashtirilgan 5 ta o‘rniga haqiqatda 8 ta loyiha (160,0 foiz) bo‘yicha bitimlar imzolangan.

Hasan Boboyev,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Batafsil tahlil «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnalining 2021yil №4 (256) – sonida chop etiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar