O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 aprel kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarifni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi ahvoli va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan murakkab sharoitlarga qaramay O‘zbekiston-Eron munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Vazir Muhammad Javad Zarif, o‘z navbatida, samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda iqtisodiy hamkorlik masalalariga, savdo aloqalarini rivojlantirish va yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, xususan, Eronning dengiz portlaridan samarali foydalanish hamda O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon transport yo‘lagini rivojlantirish muhim ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning tomonlarni qiziqtirgan dolzarb jihatlari, shu jumladan mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va Afg‘onistonda tinchlik jarayonini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Eron tashqi siyosiy idorasi rahbari O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha tinchlik muzokaralariga ko‘maklashish, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikka jalb etish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Izoh qoldirish