O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarini amalga oshirish doirasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori O.Xakimov boshchiligidagi delegatsiya Boku shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mavjud salohiyatni o‘rganish maqsadida tashkil etildi.
Tashrif doirasida Markaz direktori Obid Xakimov Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti rektori, professor Adalat Murodov bilan uchrashdi. Uchrashuvda iqtisodiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik qilish, tajriba almashish va qo‘shma ilmiy loyihalar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish va ta’lim sohasidagi tashabbuslarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma dasturlar yaratish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdilar. Uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishishda axborot-tahliliy yordam muhimligini ta’kidladilar.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi delegatsiyasi O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha mavjud salohiyatni tahlil qilish va yangi tashabbuslarni ishlab chiqishga qaratilgan faoliyatini davom ettiradi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish