O‘zbekiston va Rossiya tomonidan qiymati 5,8 milliard dollarga teng 100 dan ortiq yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda

O‘zbekiston va Rossiya tomonidan qiymati 5,8 milliard dollarga teng 100 dan ortiq yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda

Joriy yilning 12 oktyabr kuni Buxoro shahrida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya Hukumatlararo komissiyasining (HK) yigirma birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri M.Reshetnikov hamraisligi ostida bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy sohalarda ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati, shuningdek, sheriklikni rivojlantirish uchun yangi istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot va fikr almashish davomida sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, sog‘liqni saqlash sohalarida hamda bank-moliya sektorida va ta’lim sohasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga har ikkala tomonning qat’iy sodiqligi bildirildi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo aylanmasining sezilarli o‘sishi ta’kidlandi, so‘nggi 3 yil ichida uning hajmi 58%ga oshgan. Shu bilan birga, ushbu sohada foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlandi va shu munosabat bilan yaqin kelajakda o‘zaro tovar aylanmasining 10 mlrd dollarlik hajmiga erishish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarini chuqurlashtirish bo‘yicha birgalikda amalga oshiriladigan tadbirlar muhokama qilindi. Shu nuqtai nazardan, savdo sohasida mavjud to‘siqlarni olib tashlash hamda O‘zbekiston va Rossiya kompaniyalari tomonidan tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish uchun sharoitlarni optimallashtirish bo‘yicha aniq takliflar ham bildirildi.

Investitsiya sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi - hozirgi vaqtda neft-kimyo, tog‘-metallurgiya, energetika, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik sanoati va meva-sabzavot mahsulotlarni qayta ishlash sohalarida umumiy qiymati 16 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, tomonlar eng istiqbolli sohalarda sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish orqali investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish uchun bir qator shart-sharoitlar mavjudligini ta’kidladilar va ushbu yo‘nalishda yaqin hamkorlikda ish olib borishga kelishib oldilar.

Shu nuqtai nazardan, joriy yilning avgust oyida Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida ochilgan Loyiha ofisining amaliy ahamiyati qayd etildi. Tomonlar sanoat kooperatsiyasi sohasida umumiy qiymati 5,8 mlrd dollarga teng bo‘lgan 104 ta yangi investitsiyaviy loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar va har bir loyiha kelishilgan muddatlarda sifatli va o‘z vaqtida bajarilishining birgalikda samarali monitoringini olib borishga kelishib oldilar.

2021 yil aprel oyida Toshkent shahrida Rossiya va O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va sanoat kooperatsiyasi sohasida yangi istiqbolli loyihaviy takliflarni birgalikda ishlab chiqish imkonini beradigan “Innoprom” xalqaro investitsiya va sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazishga kelishib olindi.

Hududlararo hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bunda hududlar ma’muriyatlari va biznes missiyalari rahbarlarining har ikkala mamlakat viloyatlari o‘rtasida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha sheriklikning yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirish uchun O‘zbekiston va Rossiya hududlariga muntazam ravishda o‘zaro tashriflari tashkil etiladi.

Madaniy-gumanitar sohasidagi o‘zaro hamkorlik ikki tomonlama sheriklikning muhim tarkibiy qismlaridan biri ekanligi tilga olindi - qator qo‘shma tadbirlar, xususan, ikki mamlakatning yetakchi OTMlari va ilmiy-o‘quv markazlari rektorlari ishtirokida “O‘zbekiston-Rossiya” Ikkinchi Ta’lim forumini o‘tkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Mehnat migratsiyasi sohasini tizimlashtirish bo‘yicha hamkorlik masalalari alohida tartibda ko‘rib chiqildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishda birgalikda olib borilgan ishlarda erishilgan sezilarli yutuqlarni qayd etdilar va Rossiya Federatsiyasida yashayotgan va mehnat faoliyatini yuritayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlash, ularni ijtimoiy, moliyaviy va huquqiy muhofaza qilish masalalarida yordam ko‘rsatish mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha keyingi harakatlarni muhokama qildilar. Shuningdek, ikkala tomon ham O‘zbekiston Respublikasi hududida Rossiya Federatsiyasining ko‘p funksiyali migratsiya markazini (KFMM) tashkil qilish bo‘yicha loyihani amalga oshirishni jadallashtirish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishga tayyor ekanligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya Hukumatlararo komissiyasining 21-yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi, unda tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlar va ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari o‘z aksini topdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar