Raqamli iqtisodiyot rivojlanishi uchun eng muhim omillardan biri telekommunikatsiya infratuzilmasining barpo etishdir. Shu kunga qadar O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni 27 milliondan oshdi, shundan 25 milliondan ko‘prog‘i mobil internet foydalanuvchilari hisoblanishadi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatovning ma’lum qilishicha, 2021 yilda Telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida 50 ming kilometr optik-tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 118 ming kilometrga yetkazilgan. Buning natijasida aholi maskanlarining 67 foiziga mazkur tarmoq kirib borgan.
Ta’kidlanishicha, optik tarmoqni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar kelgusi yillarda ham mana shunday jadal sur’atlarda davom ettirilishi belgilangan.
“Aholiga yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini ko‘rsatish qurilmalarining umumiy sig‘imi 3,6 mln.ga yetkazildi.
Bugungi kunda xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik imkoniyatini 1 800 Gigabit/sekundni tashkil etib, 2022 yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 3 200 Gigabit/sekundgacha kengaytirilishi rejalashtirilgan”, deydi Sh.Ahmatov.
2021 yilda ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat va tuman markazlari darajasida 1,5 barobarga oshgan. Operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,9 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s uchun 30,0 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Bugungi kunga kelib 95 foiz aholi maskanlari mobil internet bilan qamrab olingan, 54 foiz uy xo‘jaliklariga yuqori tezlikdagi internetga ulanish imkoni yaratilgan.
“Mobil aloqa xizmatlarini rivojlantirish maqsadida mobil internet tezligi 1,5 barobar oshirildi va 2021 yilda 14 150 ta qo‘shimcha tayanch stansiyalari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 45 890 taga yetkazildi.
Shuni alohida qayd etishimiz kerakki, bugungi kunda internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 27,2 milliondan oshgan, shundan mobil internet foydalanuvchilari soni 25,3 million kishini tashkil etmoqda”, deya so‘zini davom ettirdi ATKR vazirligi axborot xizmati rahbari.
Shuni aytib o‘tish kerakki, respublikada raqamli infratuzilmani jadal rivojlantirish, shahar va qishloq hududlari o‘rtasidagi “raqamli tafovut”ni bartaraf etish hamda taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, vazifalar belgilab olingan.
Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida yirik ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari quriladi.
Respublikada telekommunikatsiya operatorlarining raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ishlarini qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini imkon qadar maqbullashtirish va imtiyozlar berish ishlari amalga oshiriladi.
Olib kiriladigan telekommunikatsiya uskunalari va qurilmalarini, noutbuklarni bojxona to‘lovlaridan ozod etish, jalb qilinadigan chet el kreditlari bo‘yicha Davlat kafolatini berish choralari ko‘riladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu yo‘nalishga berilayotgan e’tibor bir maqsadga yo‘naltirilgan – aholiga sifatli va zamonaviy telekommunikatsiya va raqamli xizmatlarni ko‘rsatish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi.
Shunga ko‘ra,telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishning quyidagi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Jumladan:
- xalqaro ma’lumotlar uzatish kanalining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 3,5 marotaba oshiriladi;
- 150 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurilish hisobiga ma’lumotlar uzatish tarmog‘i kengaytiriladi;
- xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarini mobil aloqa tarmoqlari bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlash;
- optik tolali aloqa liniyalari barcha aholi punktlariga yetkazilib, uy xo‘jaliklarining kamida 80 foizi Internetga keng polosali simli ulanish imkoniyati bilan ta’minlanadi.
Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari 2022 yil 1 yanvardan boshlab Internet jahon axborot tarmog‘iga keng polosali ulanish tarmoqlarini loyihalash va qurishda quyidagilar nazarda tutiladigan bo‘ldi:
- ma’muriy binolar va ko‘p kvartirali uylarni kamida 1 Gigabit/sekund o‘tkazuvchanlik qobiliyati bilan;
- ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash muassasalari va boshqa davlat tashkilotlarini kamida 100 Megabit/s o‘tkazuvchanlik qobiliyati bilan ta’minlash.
Bugungi kunda dunyo tajribasi aholi turmush farovonligini ta’minlash, ular uchun qulayliklar yaratish hamda davlat xizmatlaridan to‘siqsiz, shaffof va adolatli foydalanishda eng to‘g‘ri yondashuv Elektron hukumat ekanligini ko‘rsatmoqda.
Izoh qoldirish