1 martdan boshlab O‘zbekistonga koronavirus COVID-19 kasalligining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha tartiblar tasdiqlandi.
Tartibga muvofiq, epidemiya xavfi yuqori bo‘lgan davlatda bo‘lib, O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki boshqa davlatlar orqali kirib kelayotgan har qaysi davlat fuqarosi karantinga olinadi. Agarda, fuqarolar COVID-19 koronavirus kasalligi qayd etilmagan boshqa davlatlarda 14 sutkadan ortiq vaqt mobaynida istiqomat qilib, so‘ngra O‘zbekistonga kirib kelayotgan bo‘lsa, ularga nisbatan karantin va cheklovlar joriy etilmaydi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi axborotiga ko‘ra, oxirgi ikki hafta mobaynida Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, Eron Islom Respublikasi, Italiya, Afg‘oniston Islom Respublikasi, Yaponiyada bo‘lib, O‘zbekistonga kirib keluvchi barcha fuqarolar karantinga olinadi.
Ammo ushbu tartibda istisno ham mavjud: rasmiy va hukumat delegatsiyalari a’zolari, shuningdek, xizmat va diplomatik pasport egalari, aviakompaniyalar uchuvchilari va ekipaj a’zolari, lokomotiv brigadalar, temir yo‘l transportining transport faoliyati bilan bog‘liq shaxslar va xalqaro avtoulovlarda yuk tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchilar qayd etilgan davlatda bo‘lganda ham karantinga olinmaydi.
Karantinga olingan shaxslar 14 kun mobaynida jamiyatdan to‘liq ajratib olinadi. Karantin tugagandan keyin (shifoxonadan chiqqandan keyin), 10 kun mobaynida tibbiyot xodimi tomonidan telefon orqali so‘rash o‘tkazadi.
Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Italiya, Afg‘oniston, Yaponiya, Fransiya, AQSh, Germaniya, Singapur, Ispaniya, Gonkong, Makao, Tayvandan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki boshqa davlatlar orqali uyushmagan holda kirib kelgan fuqarolar, agar oxirgi tashrifidan 14 kundan kam vaqt o‘tgan bo‘lsa, uy karantiniga olinadi. Ular ikki hafta yashash joyida (uy, mehmonxona, yotoqxona va boshqa) doimiy ravishda izolyasiyada bo‘lishi lozim, oila a’zolaridan tashqari kishilar bilan muloqotda bo‘lmasliklari, aholining ommaviy to‘planadigan joylariga borishiga ruxsat etilmaydi.
Tailand, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Malayziya, BAAdan kelgan fuqarolar, xususan, ekipaj a’zolari, lokomotiv brigadalari, temiryo‘l transporti faoliyati bilan bog‘liq shaxslar va xalqaro avtoulovlarda yuk tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchilar yashash joylaridagi davolash-profilaktika muassasalari shifokorlari tomonidan 14 kun mobaynida tibbiy kuzatuvga olinadi. Ularga aholi ommaviy to‘planadigan joylarga bormaslik, odamlar bilan muloqotni mumkin qadar kamaytirish tavsiya qilinadi.
Bahrayn, Kuvayt, Armaniston, Belarus, Ummon, Pokiston, Gruziya, Chexiya, Iroq, Livan, Kanada, Litva, Estoniya, Ruminiya, Gretsiya, Niderlandiya, Norvegiya, Avstriya, Daniya, Shvetsiyadan kelgan fuqarolarning sog‘lik holati yuzasidan esa distansion monitoring olib boriladi — agar ularning oxirgi tashrifidan 14 kundan kam vaqt o‘tgan bo‘lsa, ulardan telefon orqali xabar olinadi. Ayni vaqtda, ularga ham aholi ommaviy to‘planadigan joylarga bormaslik, odamlar bilan muloqotni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.
Karantindagi shaxslar tomonidan intizomni buzish holatlari kuzatilsa, qonuniy javobgarlikka tortish belgilangan. Masalan, ularning tartibbuzarligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi («epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish») va Jinoyat kodeksining 195-moddasi («mansabdorlar tomonidan atrof tabiiy muhitning ifloslanishi oqibatlarini bartaraf qilish choralarini ko‘rmaslik»), 257−1-moddasida («sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish») nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Izoh qoldirish