O‘zbekistonda “to‘xtash” va “to‘xtab turish” qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori qanchaga pasayishi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda “to‘xtash” va “to‘xtab turish” qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori qanchaga pasayishi ma’lum qilindi

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari Farhodbek Ashmatov va Kozim Tojiyev tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ayrim moddalariga o‘zgartirishlar kiritish taklifi berildi. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Alisher Qodirovning ma’lum qilishicha, tashabbus birinchi o‘qishda ma’qullangan.

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ayrim huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazolar yengillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritilishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.

O‘zgarishlar quyidagilar:

  • Kodeksning 54-moddasida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun belgilanadigan jarima bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 30 baravaridan (6,69 million so‘m) 20 baravarigacha (4,46 million so‘m) pasaytirilmoqda;
  • 128-moddaga 6-qo‘shimchada transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini birinchi marta buzganlik uchun ko‘zda tutilgan BHMning 3 baravari (669 ming so‘m), yil davomida ikkinchi marta sodir etsa 5 baravari (1 million 115 ming so‘m), takror sodir etsa 10 baravari (2 million 230 ming so‘m), keyingilari 15 baravaridan (3 million 345 ming so‘m) jarimalar zanjiri bekor qilinib, bitta jarimaga, ya’ni BHMning 2 baravari (446 ming so‘m) miqdoridagi jarimaga o‘zgartirilmoqda;
  • Kodeksning 137-moddasida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolganlik uchun BHMning 30 baravari (6 million 690 ming so‘m) miqdorida jarima yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan 2 yil muddatga mahrum etish yoxud 15 sutkagacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan edi. Yangi normada jarima huquqbuzarlik darajasidan kelib chiqib uchta toifaga ajratiladi, ya’ni jiddiy oqibatlar bilan bog‘liq qoidabuzarlik joyidan ketib qolish uchun jarimalar shu miqdorda saqlanib qolinadi, nisbatan yengil oqibatlar bilan bog‘liq bo‘lsa BHMning 15 baravari miqdorida jarima va 1 yil muddatga transportni boshqarish xuquqidan mahrum qilinadi, jiddiy bo‘lmagan qoidabuzarlik joyidan ketib qolganlik uchun BHMning 3 baravari (669 ming so‘m) miqdorida jarima belgilanishi taklif qilinmoqda;
  • 141-moddada korxona va tashkilotlarga tegishli transportdan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanganlik uchun jarima BHMning 5 baravaridan (1 million 115 ming so‘m) 2 baravarigacha (446 ming so‘m) kamaytirilmoqda;
  • 147-moddada yo‘llar, yo‘l inshootlari, yo‘l harakatini tartibga soluvchi texnik vositalarga shikast yetkazish, ularni saqlash qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori BHMning 3 baravaridan (669 ming so‘m) 1 baravarigacha (223 ming so‘m) kamaytirilmoqda.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi jarimalar fuqarolarning daromadlari va yo‘llarda yaratilgan sharoitlarga mutanosib darajada belgilanishi tarafdori. Lekin eng to‘g‘risi qoidalarga amal qilish orqali ehtimoliy jarimalardan saqlanish, mablag‘larni oilamiz daromadlarini orttirishga yo‘naltirishdir», — deb yozadi Alisher Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning sentyabrida O‘zbekistonda avtomobilning sug‘urtasi yo‘qligi uchun jarima maydonchasiga joylashtirish amaliyoti bekor qilingan edi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar