Bugun, 13 sentyabr kuni AOKAda O‘zbekistonda olib borilayotgan moliyaviy-iqtisodiy siyosat mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev, Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayevlar ishtirok etishdi.
O‘zbekistonni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yo‘nalishida 2017 yildan boshlab o‘tgan 4 yil davomida katta ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2017-2020 yillarda mamlakatimizning iqtisodiy o‘sish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, YaIM 60 mlrd. dollarga yetdi. Tashqi savdo aylanmasi 2016 yildagi 24 mlrd. dollardan 2020 yilda 36 mlrd. dollarga ko‘paydi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 369 trln. so‘mni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 23,4 foizga o‘sdi. Natijada sanoat mahsulotlarining YaIMdagi ulushi 19,5 foizdan 27,4 foizga ko‘tarildi.
Bugungi matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan oldinga qo‘yilgan vazifalar to‘g‘risida so‘z bordi. Anjumanda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbari Obid Hakimov iqtisodiy o‘sishda nimalarni e’tiborga olish kerakligi va YaIMning o‘sish tensiyasi haqida gapirdi.
Bizning iqtisodiyotimiz oxirgi 5 yilda juda katta tarkibiy o‘zgarishlari olib bordi. Sanoatda YaIM ulushining 19 foizdan 27 foizgacha o‘sishi va qishloq xo‘jaligining YaIMdagi 30 foizdan yuqori qismidan pastga, ya’ni 25 foizgacha kamayishini aytishimiz mumkin.
Demak, iqtisodiyotda resurslar samarali ravishda iqtisodiy samarasi yuqori bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi sektorlarida, ya’ni iqtisodiy samarasi yuqori bo‘lgan sanoat sektorlariga o‘tish mana shu 5 yilda kuzatildi.
Bu degani, mana shu iqtisodiyotda samaradorlikni oshirish, kam resurs sarflab, aholining turmush farovonligini oshirishga erishishga qadamlar tashlanganligini aytishimiz mumkin. Bundan keyingi 5 yilda iqtisodiyotimiz faqatgina O‘zbekistondagi holat emas, butun regiondagi O‘rta Osiyo va global iqtisodiyotdagi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda o‘zini rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab olishi kerak.
Birinchi o‘rinda Respublikamizda 35 mln. nafar aholi yashayotgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib aholi soni 38 mln kishiga yetadi. Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni davlatlarimiz Qozog‘istonni olamizmi, Qirg‘izistonni olamizmi har bitta mamlakatda mana shunday iqtisodiy aholining o‘sish tendensiyalari kuzatiladi.
Aholining o‘sish tendensiyalarining kuzatilishi bir tomondan yaxshi, chunki ishchi kuchi resurslari oshadi, ikkinchi tomondan ularni ish o‘rinlari bilan ta’minlash, turmush farovonligini oshirish bo‘yicha ko‘pgina harakatlarni talab qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasida hozirda 14 mlnga yaqin ishchi kuchi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, har yili 600 mingga yaqin yangi resurslar kirib kelayapti. Biz ularni oylik maoshi samaradorli bo‘lgan ish bilan ta’minlashimiz kerak.
Hozir butun dunyoda ko‘rilayotgan eng katta tendensiyalardan bittasi iqtisodiy o‘sishda ishchi kuchi va kapitalni o‘stirish orqali, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash emas, bilimlarga asoslangan iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha harakatlarni olib bormasak, hayotimizning kelajakdagi raqobatbardoshligini ta’minlab berolmaymiz.
Yana bir narsani aytib o‘tadigan bo‘lsak, ayni vaqtda mintaqada suv resurslar va energiya resurslar bilan bo‘layotgan taqchilliklar. Bu taqchilliklar ham O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga ta’sir qiladigan faktorlardan bittasi. Prognozlarga ko‘ra 2050 yilda Amudaryo-Sirdaryo havzalaridagi suvning taqchilligi va bu taqchillik orqali qishloq xo‘jaligining samaradorligi pasayib ketishi va undan tashqari hududdagi barcha mamlakatlarning YaIMga keskin ta’sir qilishi mumkin.
Mana shu barcha faktorlarni inobatga olgan holda 2022-2026 yildagi o‘sish tendensiyalarini qaraydigan bo‘lsak, yaqinda Davlatimiz rahbari belgilab berganlaridek, u yerda eng asosiy ko‘rsatkich 60 mlrd dollar deydigan bo‘lsak, demak YaIMni 2026 yilga kelib 107 mlrd. dollarga yetkazish asosiy reja hisoblanadi.
Qisqacha qilib aytadigan bo‘lsak, YaIMning bunday o‘sish tensiyasida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM hozirgi 1750 dollardan 2026 yilgacha 2800 dollargacha va 2030 yilgacha 4000 dollargacha ko‘tarilishi rejalashtirilgan.
Obid Hakimov aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM va aholi daromadlarining bir-biridan farqlarni ham tushuntirib o‘tdi.
Ko‘pgina odamlarda savol tug‘ilyapti, tushunmovchiliklar bo‘lyapti. Shu borada bitta narsani aytishim kerakki – YaIM deganda biz 1 yil davomida mamlakat ichkarisida yaratilgan barcha tovar va xizmatlarni umumiy bozor qiymatini tushunamiz. Masalan, mamlakatda 60 mlrd YaIM yaratgan bo‘lsak, uni qaysidir qismi odamlarni ish haqi bo‘lgan, qaysidir qismi asbob-uskunalarning egalarini haqi bo‘lgan. Va har bitta ishlab chiqarishda qatnashayotgan omillar o‘zini hissasini oladi. Demak xuddi shunday YaIMni umuman aholi jon boshiga, respublikamizda 35 mln aholi yashayotgan bo‘lsa, o‘shanga bo‘ladigan bo‘lsak, bunda biz aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM summasini olamiz. Mana shu 1750 dollar – shu hisob – kitoblardan kelib chiqadi.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM aholi daromadlari bilan chalkashtirishlar bo‘ladi. YaIM O‘zbekistonda hozir nominal bo‘yicha 1750 dollar atrofida bo‘ladigan bo‘lsa, o‘rtacha oylik ish haqimiz 2,6 mln oxirgi ko‘rsatkichimiz bo‘yicha. Toshkent shahrida 4,2 mln. Ko‘rib turibsizki, ikkalasini o‘rtasida farq bor.
YaIMni 2800 dollarga oshirish natijasida biz 2030 yilgacha 4000 dollarga o‘tadigan bo‘lsak, biz o‘shanda Xalqaro standartlarga ko‘ra yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlar qatoriga kiramiz. Xalqaro standartlarni oladigan bo‘lsak, 1000 dollargacha daromadi past mamlakatlarga kiradi, 1000 dollardan – 4000 dollargacha past-o‘rta daromadli mamlakatlar qatoriga kiradi. 4000 dollardan yuqorilari yuqori o‘rta daromadli mamlakatlarga kiradi. 10000 dollardan yuqorilari yuqori daromadli mamlkatlar qatoriga kiradi.
YaIMni hisoblayotganda nominal kurs bo‘yicha hisoblanishi bor, yoki o‘zbek so‘mida real sur’atlarda hisoblanishi bor.
Izoh qoldirish