O‘zbekistondagi birinchi ilg‘or muhandislik maktabi Olmaliqda tashkil etildi

O‘zbekistondagi birinchi ilg‘or muhandislik maktabi Olmaliqda tashkil etildi

Ayni kunlarda poytaxtimizda o‘tkazilayotgan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-sanoat hamkorligining muhim tadbiri - "INNOPROM. Markaziy Osiyo" V Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi davomida MISiS Fan va texnologiyalar universiteti rektori Alevtina Chernikova va "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov o‘rtasida mazkur maktab faoliyatini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolandi.

“GeoMetTex” ilg‘or muhandislik maktabini tashkil etishdan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi sanoat majmuasini, shu jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini yangi bilim va ko‘nikmalarni qo‘llagan holda tarmoqlarni istiqbolli rivojlantirishning strategik vazifalarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali muhandis mutaxassislar bilan ta’minlashdan iborat

Ilg‘or muhandislik maktabida “Kon ishi va boyitish”, “Nodir, noyob, kamyob yer va og‘ir metallar metallurgiyasi”, “Raqamli materialshunoslik va yangi texnologiyalar”, “Texnologik jarayonlarning raqamli transformatsiyasi” kabi asosiy yo‘nalishlar qamrab olinadi.

O‘qitish 2025-yil 1-sentyabrdan "Metallurgiya" ta’lim dasturi bo‘yicha boshlanadi. 2025/2026 o‘quv yilida magistratura talabalari ikkita yo‘nalishni tanlashlari mumkin bo‘ladi: "Foydali qazilmalarni boyitish" va "Texnologik jarayonlarni raqamli boshqarish". Kelgusida dasturlar ro‘yxati kengaytiriladi.

Ilg‘or muhandislik maktabi murakkab texnik muammolarni hal qilishga, innovatsion fikrlashga, yangi texnologiyalarni o‘rganish va ishlab chiqishga tayyor mutaxassislarni tayyorlaydi.

Talabalar magistraturaning birinchi kursidan boshlab ishlab chiqarishning muammoli masalalarini tadqiq qilishni boshlaydilar va keyinchalik natijalarni muayyan korxonada joriy etadilar.

Ilg‘or muhandislik maktabida barcha zarur zamonaviy o‘quv laboratoriya jihozlari bilan ta’minlagan "Virtual sinov laboratoriyasi", "Yangi materiallar va texnologiyalar laboratoriyasi", "Kon uskunalarini avtomatlashtirish va ta’mirlash laboratoriyasi", “Loyiha-konstruktorlik byurosi” kabi maxsus ilmiy-ta’lim maydonlarini jamlagan ta’lim fabrikasi ham bo‘ladi.

MISiS Fan va texnologiyalar universiteti rektori Alevtina Chernikova: - "2022-yilda MISiS universiteti yetakchi yuqori texnologiyali kompaniyalar bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash markazlari - ilg‘or muhandislik maktablarini rivojlantirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha federal tanlov g‘olibi bo‘ldi. "Materialshunoslik, additiv va uzluksiz texnologiyalar" nomli ixtisoslashtirilgan maktabimizda sanoat hamkorlarimiz bilan birgalikda ta’lim dasturlarini yaratmoqdamiz, kun tartibini shakllantirayapmiz. Oliy ta’lim muassasamizning eng yaxshi ta’lim va tadqiqot amaliyoti xalqaro loyihalarni amalga oshirishda ommalashtirilmoqda. 2024-yil may oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev universitetning Olmaliq filiali negizida ilg‘or muhandislik maktabini ochishni qo‘llab-quvvatladi va biz ushbu tashabbusni amalga oshirishga kirishdik. Rossiya Federatsiyasi Fan va ta’lim vazirligining topshirig‘iga binoan oliygohimiz OKMK bilan birgalikda "GeoMetTex" IMMni tashkil etish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Ilg‘or muhandislik maktabida Respublika iqtisodiyoti uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi."

Ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yanada chuqurroq tushunish hamda “Olmaliq KMK” AJ va umuman tarmoqning ilmiy, texnologik, konstruktorlik vazifalarini hal etish uchun ishchi kasblarni qo‘shimcha o‘zlashtirish ham maktabning ta’lim modelidagi asosiy xususiyatlaridan hisoblanadi.

Yana bir e’tiborli jihati ta’lim jarayonini boshlash bilan talabalarni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga ishga joylashtirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.

- "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati foydali qazilmalarni qayta ishlash va tayyor mahsulot olishda eng yangi texnologiyalarni qo‘llash, chuqur qayta ishlash mahsulotlari turlarini ko‘paytirish orqali o‘z faoliyatining mutlaqo yangi bosqichiga chiqmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan xomashyoni qazib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirayapmiz. Ushbu ishlab chiqarish zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, to‘liq avtomatlashtirilgan va jahon ekologik standartlariga javob beradi. Ishonchimiz komilki, eng dolzarb zamonaviy vazifalarni hal qilishga qaratilgan oliy va qo‘shimcha kasb-hunar ta’limining yangi dasturlarini joriy etish hisobiga ilg‘or muhandislik maktabini o‘qitishning taklif etilayotgan formati korxonaning mavjud kadrlar bazasini takomillashtirish imkonini beradi. Bizga raqamli texnologiyalarning zamonaviy bilimlariga ega bo‘lgan, OKMK va umuman sanoat oldida turgan murakkab texnik vazifalar va ishlab chiqarishning muammoli masalalarini hal qila oladigan, innovatsion fikrlaydigan, yangi texnologiyalarni o‘rganadigan va ishlab chiqadigan mutaxassislar kerak. Ilg‘or muhandislik maktabi bizga aynan shunday kadrlarni yetishtirib berishiga ishonamiz." - deydi "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar