O‘zbekistonga xorijdan so‘ngi olti yil davomida qancha pul o‘tkazilgan?

O‘zbekistonga xorijdan so‘ngi olti yil davomida qancha pul o‘tkazilgan?

O‘zbekiston Markaziy bankining yaqinda e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda chet eldan jismoniy shaxslar tomonidan respublikaga yuborilgan pul o‘tkazmalari miqdori 6 mlrd. dollarni tashkil qilgan va 2018 yilga nisbatan 17.5 foizga oshgan.

Avvalgi yillari bu ko‘rsatkich 4.5 foizga (2018 yilda) va 29.4 foizga (2017 yilda) o‘sgan edi. Ushbu ma’lumotlar Markaziy bankning 27 mart kuni e’lon qilgan “O‘zbekiston Respublikasining to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi” hisobotida keltirilgan. Bu mablag‘larning aksariyat qismini o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining o‘z oilalariga yuborgan pul o‘tkazmalari va aholining chet elda istiqomat qiladigan qarindoshlari amalga oshirgan o‘tkazmalar tashkil qiladi. Albatta, amaliyotda bunday pul o‘tkazmalar tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha hisob-kitoblar maqsadida ham amalga oshiriladi. Masalan, nisbatan kichik hajmdagi tovar va xizmatlar eksportida. Ammo, mazkur pul o‘tkazmalarining umumiy hajmida ushbu eksport operatsiyalaridagi hisob-kitoblar nisbatan kam qismini tashkil qiladi.

Uzanalytics.com sayti quyida ushbu pul o‘tkazmalarining 2014-2019 yillardagi dinamikasi, bunda kuzatilgan tendensiyalar va bu transfertlarning aholi daromadlari tarkibidagi ulushi haqida qisqacha tahlil qildi.

Jismoniy shaxslarning chet eldan O‘zbekistonga yuborgan pul o‘tkazmalari miqdori O‘zbekistondan xorijga jo‘natilgan pul o‘tkazmalari miqdoridan ancha yuqori. Bu degani, respublika ushbu shaxsiy transfertlar bo‘yicha katta ijobiy saldoga ega. Oxirgi 6 yillik dinamika shundan dalolat beradiki, bu transfertlarning “kirim” va “chiqim” ko‘rsatkichlarida bir-biridan farqli tendensiyalar kuzatilgan. “O‘zbekistonga yuborilgan o‘tkazmalar” ko‘rsatkichida ijobiy o‘zgarish, ya’ni o‘sish tendensiyasi 2017 yildan boshlab kuzatilgan bo‘lsa, “O‘zbekistondan jo‘natilgan pul o‘tkazmalari” bunday o‘zgarish bir yil keyin – 2018 yildan boshlangan. Bu ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi farq – ushbu pul o‘tkazmalarining “netto miqdori”da o‘sish tendensiyasi esa 2016 yildan boshlab kuzatilgan. 2019 yilga kelib shaxsiy transfertlarning ijobiy saldosi 2014 yilgi ko‘rsatkichga juda yaqin miqdorda. Bunday hol ushbu transfertlarning “kirim” va “chiqim” ko‘rsatkichlarida ham kuzatilgan.

Mazkur davr mobaynida jismoniy shaxslarning O‘zbekistonga yuborgan pul o‘tkazmalarining davlatlar kesimidagi tarkibiy o‘zgarishlari e’tiborga loyiqdir. 2014 yilda respublikaga chet eldan yuborilgan po‘l o‘tkazmalari tarkibida Rossiya va Qozog‘istondan tashqari boshqa davlatlardan amalga oshirilgan tranfertlar ulushi atigi 7 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib bu ko‘rsatkich 17 foizgacha oshgan. Bunday tarkibiy o‘zgarishlar sezilarli darajada 2015 yildan boshlangan. Bundan 6 yil oldin “kirim” transfertlarining 93 foizi faqat 2 ta mamlakatdan (Rossiya va Qozog‘iston) amalga oshirilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalarining xuddi shu 93 foizi 5 davlatdan yuborilgan (Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, AQSh va Janubiy Koreya).

2014-2019 yillarda chet eldan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari dinamikasi davlatlar kesimida olib qaralganda bir necha mamlakatlar bo‘yicha qiziqarli tendensiyalarni kuzatish mumkin. 2019 yilda respublikaga yuborilgan pul o‘tkazmalari umumiy miqdorida ulushi 1 foizdan ortiq bo‘lgan mamlakatlarga e’tibor qaratsak, oxirgi 6 yilda AQSh, Turkiya, Koreya va Isroildan amalga oshirilgan transfertlar miqdori yuqori sur’atlarda o‘sgan. Jumladan, ushbu davr mobaynida pul o‘tkazmalari hajmi AQShdan 2,3 barobarga, Turkiyadan 4,5 barobarga, Koreyadan qariyb 3 barobarga, Isroildan esa deyarli 6 barobarga oshgan. Shuningdek, Shvetsiyadan yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi nisbatan kam bo‘lsada, barqaror o‘sish tendensiyasiga ega. So‘nggi 6 yilda ushbu mamlakatdan O‘zbekistonga amalga oshirilgan shaxsiy transfertlar miqdori 6,9 mln. dollardan (2014 yilda) 34,8 mln dollargacha (2019 yilda) oshgan, ya’ni 5 barobarga.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda respublika tashqarisidan kelib tushgan pul o‘tkazmalarining aholini umumiy daromadlari tarkibidagi ulushi 15,4 foizni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 14,4 foiz bo‘lgan, ya’ni 1 foizga o‘sgan. Respublika hududlari bo‘yicha aholi daromadlari tarkibida pul o‘tkazmalarining ulushi quyidagicha:

Hozirgi vaziyatda, ya’ni koronavirusning dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida yuqori sur’atlarda

tarqalishi, uning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’siri va natijada kutilayotgan global retsessiya kabi asosiy omillarning yuqorida ko‘rsatilgan tendensiyalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. Ushbu omillarning xorijdan O‘zbekistonga yuboriladigan pul o‘tkazmalari miqdoriga ko‘rsatadigan ta’siri jahon hamjamiyatini koronavirus pandemiyasini qisqa vaqt ichida “jilovlash” qobiliyati va global iqtisodiyotda kutilayotgan retsessiyaning davomiyligiga bevosita bog‘liqdir.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar