«O‘zkomnazorat» ogohlantiradi: O‘zbekistonda firibgarlar Telegram foydalanuvchilarini aldashga urinmoqda

«O‘zkomnazorat» ogohlantiradi: O‘zbekistonda firibgarlar Telegram foydalanuvchilarini aldashga urinmoqda

«O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi O‘zbekistonda Telegramda turli telefon raqamlariga maxfiy kodlar vositasida axborotlarni o‘g‘irlash maqsadida firibgarlarning hujumlari kuzatilgani haqida xabarlar tarqalganiga munosabat bildirdi.

«O‘zbekistonda Telegram foydalanuvchilarining akkauntlariga kirib olib, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash yoki akkauntni qaytarib berish evaziga mo‘may pul ishlashga urinayotgan mobil firibgarlar paydo bo‘lgan va bu kabi vaziyatlar haqida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham ma’lum qilgan.

Firibgarlik sxemasiga ko‘ra foydalanuvchiga mobil aloqa operatorining rasmiy raqamidan qo‘ng‘iroq qilinib, COVID-19 koronavirus infeksiyasi haqida o‘ta sodda va javobi oson savollar beriladigan qisqa viktorina o‘tkaziladi. G‘olibga pul o‘tkazib berish va’da qilinadi. Foydalanuvchi yutug‘ini olishi uchun Telegramga kelgan maxfiy kodni aytishi lozim. Messenjerga kelgan sirli raqamni oshkor qilish, firibgarlarning akkauntga kirib olishiga sharoit yaratadi. Bloger yoki kanal administratorining akkauntiga kirib olgan firibgar u yerdagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik uchun pul talab qila boshlaydi. Oqibatda o‘zini viktorina g‘olibi bo‘ldim, deb o‘ylagan foydalanuvchi firibgarlik qurboniga aylanadi», deyiladi inspeksiya xabarida.

Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, bu kabi holatlarning oldini olish uchun Telegramda ikki tomonlama autentifikatsiyani o‘rnatish zarur. Bu Telegramdan kelgan maxfiy raqamdan tashqari akkaunt parolini ham kirishni so‘raydigan himoya tizimi.

Inspeksiya xabariga ko‘ra, shunga o‘xshash firibgarlik sxemalari MDHga a’zo boshqa mamlakatlar hududlarida ham kuzatilgan.

Inspeksiya Telegram foydalanuvchilaridan axborot xavfsizligi bo‘yicha tavsiyalarga rioya qilishni, telefon orqali begona raqamdan qo‘ng‘iroqlar bo‘lib, shubhali viktorinalar o‘tkazilish holatlari kuzatilganida messenjer orqali maxfiy kod yuborilib, uni aytish so‘ralganida begona shaxslarga ma’lumotni oshkor etmaslikni, firibgarlik sxemalaridan ogoh bo‘lishni so‘ragan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar

So'nggi yangiliklar