– Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi, co‘ng barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada?
– Prezidentimizning tashabbusi o‘laroq tashkil etilgan bu lavozim xalq manfaatini ta’minlash, ularning og‘irini yengil qilish maqsadida joriy etildi. Har bir mahallaga hokimning oyog‘i yetmasligi mumkin, ammo uning joylardagi yordamchilari mahallalardagi har bitta xonadon muammosi haqida batafsil ma’lumotga ega, bu esa hududlarda aniqlangan kamchiliklarni oz fursatda, ortiqcha qog‘ozbozliksiz yechilishiga imkon beradi. Bu orqali esa fuqarolar davlatdan minnatdorlik tuyg‘usini xis qila olishi eng oliy maqsad sifatida qo‘yilgan. Hamma ishlarimiz inson qadrini ta’minlash uchun qilinmoqda, desam adashmayman.
– O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalar tanish edingiz? Ilgarigi qanday ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga imkon bermoqda?
– O‘tgan yilning iyul oyida ish boshlaganman. Unga qadar shahardagi 22-o‘rta maktabda ingliz tili fani o‘qituvchisi edim. Ushbu yo‘nalishda vakant o‘rin borligini eshitib, nomzodimni qo‘ydim. O‘zim faoliyat yuritayotgan mahalla fuqarolar yig‘iniga 2021 yilda ko‘chib kelganman. Avvalgi ish tajribam fuqarolar bilan kechadigan muloqotimda ham asqotdi. Qolaversa, meni ustoz deya hurmat qilishlari yaxshi imkoniyat yaratib berdi, desam yanglishmagan bo‘laman. Aynan chet tilini bilganim uchun Xitoy tajribasini o‘rganib kelish maqsadida ushbu mamlakatda bo‘lganim ham ayni muddao bo‘ldi.
– Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanaqa, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, aholi, asosan, qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi? Mahallada qanday ijtimoiy infrastruktura ob’yektlari bor?
– Mahalla Nukus shahrining markazida joylashgan bo‘lib, asosan, ko‘p kavatli uylardan iborat, hudud iqtisodiyotining o‘sish “drayveri” xizmat ko‘rsatish sohasi hisoblanadi. Mahallada bitta oliy o‘quv yurti va bitta maktab, 2 ta MTM, 2 ta poliklinika, Respublika bolalar shifoxonasining Nukus filiali, non va non maxsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 3 ta sex, yangi ochilgan mehmonxona, 10 dan ziyod umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda 12 ta kichik ishlab chiqarish korxonalari bor. Aholining ko‘pchiligi shu yerning o‘zida mehnat qiladi.
– Hududda aholining qaysi ijtimoiy guruhlari ko‘pchilikni tashkil etadi, qancha kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bor, tadbirkorlik qay darajada rivojlangan? Mahallangizning “ijtimoiy portreti”ni raqamlar bilan ko‘rsatish mumkinmi?
– Mahallada jami xonadonlar soni 2001 ta bo‘lib, aholi soni 4 123 nafarni tashkil etadi, oilalar soni esa 2 076 ta. Bulardan 1-toifa – 68 ta; 2-toifa – 1044 ta; 3-toifa – 40 ta. Ijtimoiy guruhlarga kirilgan fuqarolar soni 86 nafarga yetib, hozirgi kunda 31 nafar ishsizlar aniqlangan. Ko‘makka muhtojlar toifasiga kiritilgan fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida aniq chora-tadbirlar rejasi tuzildi. Hozirda uni amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
– Mahalla aholisi bilan qanday aloqa o‘rnatdingiz?
– Mahallamda ish boshlagan zahotim uning Telegram guruhini tashkil etdim. Hududda istiqomat qiluvchi barcha fuqarolar unga a’zo bo‘lishdi. Har kuni faol fuqarolar bilan birgalikda mahalladagi muammolarni muhokama qilamiz, uning yechimi ustida fikr almashamiz. Odamlar mahalla idorasiga shaxsan kelolmagan taqdirda ham mana shu guruhlar orqali muloqot qilish imkoniga ega.
– Hokim yordamchisi sifatida mahallangizda bir qator tadqiq va so‘rovlar o‘tkazgansiz. Iltimos, ularning natijalari haqida bizga batafsil ma’lumot bering, nimalarni aniqladingiz?
– Hokim yordamchisi sifatida mahallaning Telegram guruhida “Sizni qiynayotgan qanday muammolar bor?” nomi ostida onlayn so‘rovnoma o‘tkazdim. So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, bolalar o‘yingohlari tashkil etish, kuzatuv kameralarini o‘rnatish va yoritgich chiroqlarini ko‘paytirish kerak, degan javoblar olindi. Hozirda shu masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda. Umuman, ko‘plab masalalar xalq bilan doimiy muloqot doirasida nazoratga olinib, mas’ullar tarafidan yechib borilmoqda.
– O‘tkazilgan tadqiq va o‘rganishlar natijasida mahalla aholisi orasida kambag‘allikning qanday asosiy sabablari aniqlandi? Ularni bartaraf etish va mavjud muammolarni hal qilish uchun qanaqa yondashuvlar ishlab chiqdingiz?
– Xatlov jarayonida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallada yaratilgan ish o‘rni ko‘p bo‘lgani bilan, beriladigan ish haqlari fuqarolarni unchalik qoniqtirmaydi. Fuqarolarning deyarli barchasi o‘ziga to‘q xonadonlarda istiqomat qiladi va ko‘pchiligi, asosan, davlat tashkilotida ishlaydi. Faoliyatim davomida jami 8 nafar ishsiz va “Ayollar daftari”da turuvchi fuqarolarga jami qiymati 60 mln so‘mlik subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi. Bugungi kunda ushbu fuqarolarimiz o‘zini o‘zi band kilish asosida faoliyat yuritmoqda.
– Aytingchi, mahalla ahlini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida qanday ishlar amalga oshirildi?
– Mahalla raisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan birga ishlash va ularga yordam ko‘rsatish maqsadida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. “Yo‘l xaritasi” asosida ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolar tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida yil davomida Mono-markazlarda kasb-hunarga o‘qitilib, ularga subsidiya va yengillashtirilgan kredit asosida asbob-uskunalar olishda yordam ko‘rsatildi.
– Tajribangizdan kelib chiqib aytingchi, mahallada qayd etilgan kambag‘allik holatlari qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqmoqda? Sizningcha, mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun yana nimalar qilish kerak?
– Xatlov jarayonida 31 nafar fuqarolarning ishsizlikdan qiynalib kelayotgani aniqlandi. Ular kasbga yo‘naltirilib, hozirgi kunda yangi kasb bo‘yicha o‘qishini bitirish arafasida. Fikrimcha, fuqarolarimizga kambag‘allik uyat tushuncha ekanligini singdira olishimiz va ularga Xitoy tajribasini qo‘llashimiz kerak. Uyda boqimanda kayfiyatda o‘tirib olgan odamlarni emas, oz bo‘lsa-da oilasini boqishga harakat kilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash tarafdoriman.
– Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada mahallangizdagi muammolarni qanday tavsiflab bera olasiz va ularni hal etish hamda mahallani obodonlashtirish borasida qanday ishlar olib boryapsiz?
– Mahalla Nukus shahri markazida bo‘lganligi uchun gaz, elektr, suv masalalarida umuman muammo yo‘q. Obodonlashtirish ishlarida ham fuqarolar juda faol, har xafta dam olish kunlari hashar tashkillashtiramiz, o‘zimiz iqtiqomat qilayotgan hududni yanada chiroyliroq, qulayroq qilishga harakat qilamiz. Qolaversa, bunda so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani, mazkur ishlarga ulkan mablag‘lar ajratilayotgani ham katta rol o‘ynamoqda.
– Siz mahallangizning iqtisodiy rivojlanishini eng yaxshi ta’minlay oladigan asosiy “o‘sish nuqtalari” (drayverlari), tarmoq yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazdingizmi? Agar o‘tkazilgan bo‘lsa, natijalar nimani ko‘rsatdi?
– Yuqorida aytib o‘tilgani kabi mahalla xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan, aholining aksariyati ushbu yunalishda faoliyat yuritadi. Shuningdek, endilikda ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish orkali yana qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish ham bugun oldimizga qo‘ygan maqsadlardan biridir. Mahallada buning uchun barcha infrastrukturaviy imkoniyatlar yetarli.
– “Mahallabay” tizimi mahalliy darajada hal qilib bo‘lmaydigan muammolarni bartaraf etishda barcha darajadagi boshqaruv organlarining yaqin o‘zaro hamkorligini ko‘zda tutadi. Bu hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilgan? Amaliyotingizda shunday holatlar bo‘lganmi? Ushbu muammo qanday hal qilinganiga aniq misollar keltiring.
– Mahalla 3-sektorda joylashgan bo‘lib, Nukus shahar IIB bilan uzviy hamkorlikda faoliyat yuritamiz. Masalan, A.Shamuratova ko‘chasi 102-B uyda yashovchi fuqarolarning yerto‘la muammosi yuzasidan qilgan murojaati ijobiy hal etildi. Kam ta’minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilib turiladi. Avval jinoiy javobgarlikka tortilib, muddatini o‘tab kelgan fuqarolarimizga qo‘shma qaror asosida oyoqqa turib olingunga qadar amaliy yordam berilmokda.
– Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
– Davlatimiz tomonidan berilayotgan ish haqi va oilamdagi to‘kinchilik ortiqcha korrupsiyaga hojat qoldirmaydi va men bir davlat xizmatchisi sifatida bunday ishlardan nafratlanaman. Shuni ma’qul ko‘rayotgan fuqarolarimizni ham bu yo‘ldan qaytaraman. Bundan tashqari, bajarilgan ishlar, sarflangan mablag‘lar yuzasidan deputatlar, mahalla aholisi oldida doimiy ravishda hisobot berib boriladi. Bu ham korrupsiya holatlarining yuzaga kelmasligiga katta yordam beradi.
– Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi? Kelajak rejalaringiz haqida so‘zlab bering.
– Faoliyatim davomida 10 ta yangi tadbirkorlik sub’yektini yaratdim, ushbu tadbirkorlarimiz mahalladagi ishsiz fuqarolarimizni ishga qamrab olishga harakat qilishmoqda. Albatta, aholi ham buni ko‘rib-bilib turibdi, ayniqsa, ularning “Avvallari kredit olishda, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishda umrimiz bino hovlisida o‘tar edi, hokim yordamchilari kelib, tadbirkorligimizni qiyinchiliksiz boshlab oldik”, — degan so‘zlarini eshitish kishiga quvonch bag‘ishlaydi. Asosiysi, xalqqa foydamiz tegsa bo‘ldi.
Endigi o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarimdan biri shuki, xuddi xitoyliklar singari “Mening mahallamda kambag‘al yo‘q” degan jumlani zarhal harflar bilan yozib, mahallamning eng ko‘rinarli joyiga osib qo‘ymoqchiman. Hozirgi kunda menga ishonib topshirilgan bu lavozimda sidqidildan ishlab, Prezidentimiz va xalqimiz bildirgan ishonchni albatta oqlayman!
Izoh qoldirish