— Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi, uning ortidan barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?
— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “mahallabay” ish tizimi va hokim yordamchisi lavozimi mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, daromadini ko‘paytirish, tadbirkorlikka keng yo‘l berish, shu orqali kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida katta qadam bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, hokim yordamchisi davlatimizda olib borilayotgan islohotlarni mahalla darajasida hayotga tatbiq qilish, shuningdek, aholining muammolarini bevosita joyida hal qilib berish bilan shug‘ullanadi. Bu mas’uliyatli tizim doirasidagi ishlarga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan mamnunman.
— O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalar tanish edingiz? Ilgarigi qanday ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga imkon bermoqda?
— Men o‘zim Samarqand shahrida tug‘ilib o‘sganman. Yoshligim ham shu yerlarda o‘tgan. Ma’lumotim – oliy. Ish faoliyatimning asosiy qismi ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda kechgan. Hokim yordamchisi lavozimiga o‘tgunga qadar esa shu mahallaning o‘zida mahalla raisi bo‘lib ishlaganman. Mahalla raisi bo‘lib ishgaganim sababli xalqning kundalik hayoti, dardu-tashvishlari bilan yaqindan tanish edim va bu menga ishimda juda qo‘l keldi.
— Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanday, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, mahalla aholisi, asosan, qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi? Mahallada qanday ijtimoiy infrastruktura ob’yektlari bor (maktab, bog‘cha, tibbiy punkt va h.k.)?
— Qir mahallasi shaharning qadimiy mahallalaridan bo‘lib, 2012 yilda Samarqand shahri tarkibiga kirgan. Mahalla, asosan, yakka tartibdagi uylar — hovlilardan iborat, shuningdek, bu yerda ko‘p xonadonli uylar ham bor. Hududda jami 523 ta xonadon joylashgan. Hududimiz katta, ishlab chiqarish korxonalarimiz ko‘p. Aholi, odatda, savdo sotiq va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Uchta lider tadbirkorlik sub’yektlari bor. Bular SAM ANTEP GILAM qo‘shma korxonasi, Bionur medservis klinikasi va “Samarqand Afrosiyob parranda” korxonasi. Mahalla hududida 60 dan ziyod granit va tratuar plitkalari ishlab chiqarish korxonalari ham mavjud. Jahonga mashhur Ulug‘bek observatoriyasi, shuningdek, avtomobillar ehtiyot qismlari sotiladigan yirik bozor ham bizning mahalla hududida joylashgan bo‘lib, bu ham tadbirkorlik uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Masalan, ko‘plab xonadonlarda mashhur Samarqand nonlari yopilib, sotuvga chiqariladi.
— Hududda aholining qaysi ijtimoiy guruhlari ko‘pchilikni tashkil qiladi, qancha kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qo‘llab-quvvatlashga muhtoj? Mahallangizning “ijtimoiy portreti”ni raqamlar bilan ko‘rsatish mumkinmi?
— Mahalla aholisining aksariyatini shu yerda tug‘ilib o‘sgan kishilar tashkil etadi. Shundan kelib chiqqan holda, mahallada yashovchilarning ko‘pchiligini doimiy ishi bor yoki tadbirkorlikning biron-bir turi bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar tashkil etadi. O‘z navbatida, hududda birovning qo‘liga qarab qolgan kambag‘al oilalar yo‘q hisobi. Boshida mahallada istiqomat qilib, yordamga muhtoj bo‘lganlar ro‘yxatiga 23 kishi kiritilgan edi. Tizimli ravishda olib borilgan ishlar natijasida bugunga kelib ularning hammasi doimiy ishlarga joylashtirildi. Zarur hollarda bozorda talabgir bo‘lgan yangi kasblarga o‘qitildi. Bugungt kunda mahallada ishsizlar yo‘q. Shuningdek, mahallada istiqomat qiluvchilar orasida boshqa mamlakatlarda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar ham bor. Ular bilan ham doimiy aloqa yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mahallani obod qilish ishlariga jalb etib turamiz.
— Mahalla aholisi bilan qanday aloqa o‘rnatdingiz, ular bilan yaqindan tanishish qiyin kechmadimi?
— Bunda menga oldingi amaliy tajribam katta ish berdi. O‘zim shu yerda istiqomat qilganligim sababli hammani yaxshi bilaman. Shuning uchun bu masalada qiyinchilik tug‘ilmadi. Faoliyatimning birinchi kunidanoq mahalla raisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va uchastka noziri bilan birgalikda bir jamoa bo‘lib ishlamoqdamiz. Ertalab mahalladagi 7 mas’ul bir joyga yig‘ilib, kundalik amalga oshiriladigan ishlarni kelishib olamiz. Ya’ni bahamjihatlikda ishlaymiz. Bu ham ishimizning samarasiga ijobiy ta’sir qilmoqda. Shuningdek, aholi mahallaning Telegram kanali orqali ham o‘z muammolarini mutasaddilarga yetkazishlari mumkin.
— O‘tkazilgan tadqiq va o‘rganishlar natijasida mahalla aholisi orasida kambag‘allikning qanday asosiy sabablari aniqlandi? Ularni bartaraf etish va mavjud muammolarni hal qilish uchun qaysi yondashuvlarni ishlab chiqdingiz?
— O‘z tajribamdan kelib chiqib bitta narsani ishonch bilan aytishim mumkin. Hozirgi paytda mamlakatimizda harakat qilgan, ishlagan odam daromad topishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Harakat qilgan odam kam bo‘lmaydi. Masalan, oddiy non yopib ham oila tebratish uchun yetarli daromad olish mumkin. O‘zim ham bir necha fuqarolarga nonvoylik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yordam berdim. Mahalla orqali ularga savdo rastalarida joy ham ajratib berildi. Masalan, subsidiya asosida Vohidnazar Bozorov, Asad Botirovlarga motokultivator, Zulayho Boymatovaga kosmetologiya saloni ochish uchun kredit ajratildi. Shuningdek, kredit asosida tikuvchilik sexi, xususiy bolalar bog‘chasi ochish istagini bildirgan va kasanachilik bilan shug‘ullanishni istagan fuqarolarga ham kredit mablag‘lari berilib, ular faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda bu korxonalar muvaffaqiyatli biznes yuritmoqda. Mazkur korxonalarning har birida 5-10 kishi doimiy ish joyiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, mahalladagi ishsizlikni bartaraf etishda mahallamizdagi lider tadbirkorlarning ham hissasi katta bo‘layapti. Mahallada darvoza yasovchi korxonalar, tunukaga ishlov beruvchi korxonalar ham bir nechtani tashkil etadi. Mahalla “drayveri” savdo-sotiq sohasi hisoblanadi.
Bugunga kelib mahallada o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 53 kishini tashkil etdi, 6 kishiga motoroller olib berildi. Ular foydali ish bilan shug‘ullanib, o‘z oilasini moddiy jihatdan ta’minlamoqda.
— Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada qanday ishlar olib boryapsiz?
— Mahallamiz Samarqand shahriga taalluqli bo‘lgani uchun bu yerda infrastruktura bo‘yicha muammolar mavjud emas. Chunki hudud aholisi elektr energiyasi, tabiiy gaz va toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlangan. Bir necha yillik sa’y-harakatlarimiz natijasida mahalladagi barcha yo‘llar, hatto ichki ko‘chalar ham 100 foiz asfalt qilindi. Bundan tashqari, mahalla hududidagi hovlilar ham markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulandi. Mahalla ko‘chalariga tungi yoritgichlar o‘rnatildi, tibbiyot punktining eskirib qolgan binosi qayta ta’mirlandi.
Jinoyatchilikning oldini olish maqsadida mahallada istiqomat qiluvchi tadbirkorlar ko‘magi bilan ko‘chalarimizga 30 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Shu mahalladan chiqqan tadbirkor Rustam Murodov tomonidan mahalladagi 5 xonadon qaytadan qurib, obod qilindi.
Endi navbat aholi va yoshlarga bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga keldi. Masalan, yaqinda mahalla bolalari uchun boks va voleybol sport maktablari ochdik. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi kasb egallashni istagan fuqarolar uchun avtomobil ta’mirlashga o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etdik. Bu yerda qo‘shni mahalla yoshlari ham yangi kasblarni egallashlari mumkin.
— Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
— Faoliyatimizda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida faoliyatimizni shaffoflik va ochiqlik prinsiplari asosida tashkil etishga harakat qilmoqdamiz. Bunda, avvalo mahalla faollari, aholining o‘ziga tayanaman. Qilinayotgan har bir ish bo‘yicha xalq, deputatlar, mas’ul mahalliy hokimiyat organlari vakillari oldida hisobot beriladi. Har bir ishni xalq bilan bahamjihatlikda, maslahatlashgan holda amalga oshiramiz. Bunda ham gap ko‘p.
— Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi?
— Albatta, xalqning turmush darajasi, mahalla obodonligi, xalq farovonligi oshgani sayin fuqarolarning davlatga, undagi islohotlarga bo‘lgan ishonchi ham osha boradi. Mahallamiz fuqarolari shu yerning o‘zida ish bilan ta’minlangan, deyarli boshqa joylarga borib ishlamaydi. Bu ham ko‘p narsani bildiradi. Hamma o‘z ishi bilan band. Odamlar hayotidan rozi.
Hokim yordamchisi lavozimining tashkil etilganligi mahallalarni har taraflama rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash, daromadini oshirish ishiga salmoqli hissa qo‘sha boshladi, deb ishonch bilan aytish mumkin. Biroq hali qiladigan ishlarimiz bisyor. Asosiy maqsad – odamlarni rozi qilish, xalqning duosini olish. Toki bizdan yaxshi nom qolsin.
Jamoliddin Turdimov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish