— Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi, uning ortidan barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?
— “Hokim yordamchisi” lavozimi, “mahallabay” ish tizimi – Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan sharoitlar orqali mahallalarda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro va davlat o‘rtasida muloqot o‘rnatish, fuqarolarning fikri, muammolari va kamchiliklari bilan yaqindan tanishish hamda ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash imkoniyatini yaratgan tizim bo‘ldi. Ushbu tizimni Yurtboshimiz tomonidan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlar natijasi deb bilaman.
— O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalar tanish edingiz? Ilgarigi qanday ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga imkon bermoqda?
— Men 1989 yilda Buxoro viloyati, Buxoro shahrida ishchilar oilasida tug‘ilganman, mutaxassisligim muhandis – iqtisodchi. Hokim yordamchisi lavozimi joriy qilinguniga qadar Buxoro viloyat Davlat aktivlarini boshqarish boshqarmasining davlat aktivlarini boshqarish bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, ichki nazorat va komplayens xizmati sho‘’ba mudiri lavozimlarida faoliyat yuritganman. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan tashkil etilgan ushbu yangi lavozim orqali yurtimizda olib borilayotgan islohotlar ko‘makchisi bo‘lish maqsadida hokim yordamchisi lavozimi uchun tanlovlarda qatnashdim va Buxoro viloyati, Buxoro tumani Rabotak MFYda hokim yordamchisi bo‘lib ishlash nasib qildi. Avval boshqa sohada ishlaganim sababli bu ish va hudud menga yangilik edi. Biroq ustozlarimizdan o‘rgangan bilim va ko‘nikmamiz o‘zimizga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish imkonini berdi.
— Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanday, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, mahalla aholisi, asosan, qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi? Mahallada qanday ijtimoiy infrastruktura ob’yektlari bor (maktab, bog‘cha, tibbiy punkt va h.k.)?
— Mahallamiz tuman markaziga yaqin joyda joylashgan qishloq bo‘lib, jami 1 828 xonadonda 1 920 ta oila istiqomat qiladi, umumiy aholimiz soni 6 665 nafarni tashkil qiladi. Hududimiz aholisi istiqomat qilayotgan uy-joylarning asosiy qismi qishloq-qurilish loyihasi asosida qurilgan zamonaviy ko‘p qavatli hamda yakka tartibdagi uy-joylarga to‘g‘ri keladi, hududimiz kattaligi bo‘yicha tumanda yetakchi o‘rinlarda turadi. Fuqarolarimizning asosiy qismi idora va tashkilotlarda ish bilan band bo‘lsa-da, ular qo‘shimcha ravishda issiqxonada poliz mahsulotlari yetishtirish va dehqonchilik bilan ham shug‘ullanadi. Shundan kelib chiqib, mahallamiz “drayveri”ni issiqxona va dehqonchilik yo‘nalishida tanlab olganmiz. Ijtimoiy infrastrukturalarga to‘xtaladigan bo‘lsak hududimizda 2 ta maktab, 1 ta davlat va 5 ta davlat – xususiy sherikchilikda tashkil etilgan maktabgacha ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, yaqinda mahallada tuman tibbiyot birlashmasi, piyodalar yer osti o‘tish tunneli ham qurilib, foydalanishga topshirildi.
— Hududda aholining qaysi ijtimoiy guruhlari ko‘pchilikni tashkil qiladi, qancha kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, tadbirkorlik qay darajada rivojlangan? Mahallangizning “ijtimoiy portreti”ni raqamlar bilan ko‘rsatish mumkinmi?
— Yuqorida ta’kidlaganimizdek hududimiz aholisining ko‘p qismini ishchi-xodimlar tashkil qilganligi bois, ularni ijtimoiy guruhga ajratadigan bo‘lsak, aholining asosiy qismini ish bilan band va qo‘shimcha ish bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolar tashkil qiladi. O‘z navbatida, nogironligi bor fuqarolar soni 65, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi 45, ishsiz fuqarolar soni esa 223 nafarni tashkil qilgan. Muhtaram Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyatlardan foydalanib, ushbu fuqarolarimizning bilim, malaka va ko‘nikmasidan kelib chiqqan holda asalarichilik, issiqxona, chorvachilik, tikuvchilik va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarini rivojlantirishga imtiyozli kreditlar ajratildi. Bu orqali 68 nafar, dehqon xo‘jaliklari uchun mo‘ljallangan yerlarni auksion orqali ajratib berish yo‘li bilan 78 nafar, bo‘sh – vakant ish joylariga ishga joylashtirish orqali 63 nafar, subsidiya ajratish tufayli 12 nafar, jamoat ishlariga jalb qilish orqali esa 2 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlanib, 122 nafar fuqaro o‘z-o‘zini band qilish orqali ro‘yxatdan o‘tkazildi.
— Mahalla aholisi bilan qanday aloqa o‘rnatdingiz, ular bilan yaqindan tanishish qiyin kechmadimi?
— Mahallamiz aholisi bilan aloqa o‘rnatishda mahallaga mas’ul “beshlik” bilan birgalikda ishlashni xonadonbay tashkil qilganimiz har bir oilaning yashash sharoiti bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Ular tomonidan bildirilgan talab va takliflarni inobatga olgan holda Telegram kanalida mahallamiz guruhini ochdik. Bu guruh ham bizga aholini qiynab kelayotgan muammo va takliflardan tezkor xabardor bo‘lish, ular bilan tezkor ishlarni tashkil qilish imkonini berdi. Endilikda har bir fuqaro o‘z uyidan chiqmagan holda bizga murojaat qilishi mumkin. Biz esa ushbu murojaatda ko‘tarilgan masalani hal qilish choralarini ko‘ramiz.
— Hokim yordamchisi sifatida mahallangizda bir qator tadqiq va so‘rovlar o‘tkazgansiz. Iltimos, ularning natijalari haqida bizga batafsil ma’lumot bering, nimalarni aniqladingiz?
— Mahallamizning ishsiz qatlami bilan ishlash jarayonida men, avvalo, ularning qiziqishi, istagi, orzusi bilan yaqindan tanishdim va ular bilan yakka tartibda treninglar o‘tkazdim. Uning mazmun-mohiyati shundan iboratki – har bir inson o‘z qiziqishi ortidan ish bilan band bo‘lib, moddiy manfaatdorlik ko‘ra oladi, buning uchun esa asosiy harakat bosqichma-bosqich rejalashtira olish ekanligiga ular o‘z faoliyati davomida guvoh bo‘lishdi.
— O‘tkazilgan tadqiq va o‘rganishlar natijasida mahalla aholisi orasida kambag‘allikning qanday asosiy sabablari aniqlandi? Ularni bartaraf etish va mavjud muammolarni hal qilish uchun qaysi yondashuvlarni ishlab chiqdingiz?
— Aholi bilan muloqot qilish davomida yashash sharoiti og‘irlashib qolgan fuqarolarning o‘zlari, yaqinlari va ularni biladiganlar orqali o‘zim uchun shuni bildimki, kambag‘allikning kelib chiqish sabablari turlicha holatlarda vujudga kelishi mumkin ekan. Bular, asosan:
- oilaning biror a’zosida davolash davomiyligi uzun bo‘lgan og‘ir xastaliklarning mavjudligi yoki oila boquvchisining yo‘qotilishi;
- pul ishlab topish va uni sarflash munosabatining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi;
- farzand tarbiyasiga yetarlicha e’tibor bermaslik kabilardir.
— Aytingchi, mahalla ahlini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida qanday ishlar amalga oshirildi?
— Mahallamizda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu xonadonlar sektor rahbarlarimiz tomonidan ham alohida nazoratga olingan. Salomatligi bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan fuqarolarga doimiy bepul dori-darmonlar, nogironligi bor fuqarolarga maxsus vositalar, sayyor tibbiy ko‘riklar, oziq-ovqat mahsulotlari berib borilayotgan bo‘lsa, ishlash imkoniyatiga ega fuqarolarimiz subsidiya asosida issiqxonalar, tikuv mashinalari bilan ta’minlanib, ularning daromad topishiga ko‘maklashilmoqda.
— Ishingizda kambag‘al uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday innovatsion va tayyor usullarni qo‘lladingiz? Misollar keltiring va ushbu uy xo‘jaliklari bilan ishlash natijalari haqida batafsil ma’lumot bering.
— Mahallamizning kambag‘al uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashda qo‘llangan usullardan biriga to‘xtaladigan bo‘lsak, hududimiz dehqonchilik yo‘nalishida o‘z maktabiga ega. Shunga ko‘ra, Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyatlaridan foydalanib, 78 nafar fuqaroga 9,3 ga yer maydoni ajratish orqali ularning bandligi ta’minlandi. Ushbu ajratilgan yer maydonlaridan unumli foydalanish maqsadida ajratilgan yer maydonlariga mirishkor usta dehqonlarni biriktirdik. Misol uchun, 17 ta 15-20 sotixdan ajratilgan yerlarga usta dehqon sifatida Gulsara Qudratovani biriktirdik. Ajratilgan yer maydonlariga 25 ta mavsumiy kichik issiqxonalar o‘rnatilib, ostiga Hindistondan olib kelgan sabzi navi ekildi va yetishtirilgan mahsulotlarni bozor qiymatida sotib olish kelishuvi bilan xaridor topib berildi.
— Tajribangizdan kelib chiqib aytingchi, mahallada qayd etilgan kambag‘allik holatlari qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqmoqda? Sizningcha, mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun yana nimalar qilish kerak?
— Yuqorida kambag‘allik holatlari sabablariga to‘xtalib o‘tdik. Davlatimiz rahbari tomonidan mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan, shunga ko‘ra chora-tadbirlar reja dasturini tasdiqlab olganmiz. Aniq hisob-kitoblar asosida belgilangan vazifalarni o‘z muddatida bajarish choralarini ko‘ryapmiz. Farzandining kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir ota-ona bilan yosh avlodni ulg‘aytirish davomida ularga pul bilan bog‘liq bo‘ladigan munosabatni to‘g‘ri o‘rgata olsak, yaxshi natijalarga albatta erisha olamiz. Aytishadiku, keraksiz narsalarni sotib olaverarkanmiz – yaqinda kerakli narsalarni sotishga majbur bo‘lamiz, deb.
— Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada mahallangizdagi muammolarni qanday tavsiflab bera olasiz va ularni hal etish, mahallangizni obodonlashtirish borasida qanday ishlar olib boryapsiz?
— Mahallamiz Buxoro shahri va tuman markazi bilan yondosh hududda joylashgani hamda M-37 yo‘li hududimiz orqali o‘tgani aholimizning transportga bo‘lgan talabini to‘liq qondiradi. Mamlakatimizda olib borilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish loyihasi asosida qo‘shimcha daromad topish imkoniyati aholiga katta qiziqish uyg‘otdi va natijada mahallamiz quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha tumanda birinchilar qatoridan joy oldi. Bundan tashqari mahallamiz aholisi tomonidan bildirilgan takliflar asosida:
- Ø yangi yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi qurib foydalanishga topshirildi;
- Ø aloqa sifatini yaxshilash bo‘yicha Beeline va Ucell kompaniyalarining yangi antennalari o‘rnatildi,
- Ø mahallamiz ichki yo‘llarini shag‘allashtirish, asfaltlashtirish, tungi ko‘cha chiroqlari o‘rnatish, ikkita maktab va bitta maktabgacha ta’lim muassasini ta’mirlash bo‘yicha “Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” loyihasiga kiritildi.
— Siz mahallangizning iqtisodiy rivojlanishini eng yaxshi ta’minlay oladigan asosiy “o‘sish nuqtalari” (drayverlari), tarmoq yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazdingizmi? Agar o‘tkazilgan bo‘lsa, ushbu so‘rov nimani ko‘rsatdi? Bu haqda, shuningdek, aniqlangan “o‘sish nuqtalari”ni rivojlantirish uchun nima qilayotganingiz haqida ko‘proq gapirib bering.
— Haqiqatan ham, har bir hududning iqtisodiy rivojlanishini yaxshi ta’minlay oladigan asosiy “o‘sish nuqtalari” bo‘ladi, bizda bu borada issiqxonalarda sabzavot, ko‘katlar yetishtirish juda rivojlangan. Bugungi kunga qadar mahallamizda 3 nafar fuqaroga subsidiya asosida issiqxonalar qurib berilgan bo‘lsa, 42 ta kichik va katta issiqxonalar kredit asosida o‘z egalariga yetkazildi. Bundan tashqari, o‘z-o‘zini ish bilan band qilish borasida berilgan tushuntirishlarga ko‘ra 68 nafar fuqaro o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobiga issiqxonalar qurib, ulardan foydalanib kelmoqda. Yuqoridagilardan tashqari, mahallamizga yaqin hududda joylashgan dehqon xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan “Milmaxtrade” MChJ tomonidan hududimizda yetishtirilgan mahsulotlarni bozor bahosida xarid qilish taklifi olindi.
— “Mahallabay” tizimi mahalliy darajada hal qilib bo‘lmaydigan muammolarni hal qilishda barcha darajadagi boshqaruv organlarining yaqin o‘zaro hamkorligini ko‘zda tutadi. Bu hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilgan? Amaliyotingizda shunday holatlar bo‘lganmi? Qanday muammoga yordam berilgani, qaysi tashkilotdan va bu muammo qanday hal qilinganiga aniq misollar keltiring.
— Bugungi kunga qadar aholi muammolarini bartaraf etish bo‘yicha soliq, kadastr, arxitektura, davlat xizmatlari, tijorat banklari, suvoqova, elektr tarmoqlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, barcha masalalar yuqoridagi tashkilotlar tomonidan malakali mutaxassislar yordamida hal qilingan. Misol tariqasida, hududimizda joylashgan ko‘p qavatli xonadonlar kanalizatsiya tarmog‘ida yuzaga kelgan muammo bo‘yicha viloyat “Suvoqava” tashkilotiga murojaat qilganimizda, tegishli muaxassislar tezkor ravishda holat joyiga yuborildi va muammo bartaraf etildi.
— Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
— Mahallamiz “beshligi” tomonidan aholi o‘rtasida olib boriladigan o‘rganishlar, so‘rovlar va tushuntirishlar bilan bir qatorda Telegram kanalida mahalla guruhi ochilgan bo‘lib, ushbu guruhga hukumat tomonidan chiqarilayotgan qarorlar, yuristlar tomonidan berilayotgan huquqiy axborotlar bilan bir qatorda, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot materiallari joylashtirib boriladi. Bundan tashqari, fuqarolar bilan uchrashuv davomida korrupsiya oqibatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tiladi.
— Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi? Kelajak rejalaringiz haqida so‘zlab bering.
— Faoliyatim davomida shuning guvohi bo‘lyapmanki, mahallamiz aholisining yashash sharoitlari yaxshilanib bormoqda, bu esa yurtimizda olib borilayotgan “Inson qadri” uchun tamoyilining mahsuli desam, adashmayman. Chunki bizga bildirilgan ishonch – mahalladagi ishsiz aholini ish bilan ta’minlash, ularga doimiy daromad manbaini yaratish borasida ko‘maklashish, tadbirkorlik sub’yektlari bilan hamkorlikda faoliyatimizni olib borish bilan bir qatorda ehtiyojmand va boquvchisini yo‘qotgan oila qatlami bilan ishlash hamda Prezidentimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlarni to‘g‘ri va shaffof yetkazilishida o‘z natijasini bermoqda. Endilikda biz ish bozoriga yangi kirib kelayotgan yoshlarimiz va chet eldan qaytadigan migrantlarimizni ish bilan band qilish uchun ular bilan birgalikda ishlab, imtiyozli kredit, dehqon xo‘jaligi yo‘nalishida ijara asosida yer, subsidiya asosida asbob-uskuna ajratish bilan bandligini ta’minlab, tadbirkorlarimiz faoliyatini kengaytirish hisobiga qo‘shimcha bo‘sh ish o‘rinlari yaratishni o‘z oldimizga vazifa qilib olganmiz. Xullas, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimiz ulkan. Quvonarlisi, barcha ishlarimda xalq qo‘llab-quvvatlashini his qilib turaman.
"Iqtisodiy sharh" jurnali №8/2023
Izoh qoldirish