– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda? Vazifangiz mohiyatini qanday tushunasiz?
– Ushbu vazifada uch yildan beri faoliyat yuritib kelyapman. O‘zim ham shu yerda tug‘ilib o‘sganman. Hokim yordamchisi etib tayinlanishimdan oldin 10 yil davomida fermerlik qilganman. Keyin 5 yil tadbirkorlikda o‘zimni sinab ko‘rdim. Hokim yordamchiligiga tadbirkorlikdan o‘tganman. Mazkur vazifada ishlagan davrda to‘plagan tajriba va ko‘nikmalar hozirgi faoliyatim uchun ham juda qo‘l kelmoqda. Chunki mahalla fuqarolarining barcha muammolari bilan yaqindan tanishman. Asosiy vazifalarimiz qatoriga mahalladagi har bir xonadonni chuqur o‘rganib chiqish, toifalarga ajratib olish, aholi bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kredit va subsidiyalar ajratish kabilar kiradi.
– Mahallangizning joylashuvi, u yerdagi mavjud infratuzilma ob’yektlari (yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari), aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz?
– Mahallamizda jami 1155 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 6450 nafar kishi istiqomat qiladi. “Quyosh” mahallasi Sirdaryo tumani markazidan 8 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hududda 2 ta qishloq vrachlik punkti, 3 ta umumta’lim maktabi, 1 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi, shuningdek, 2 ta nodavlat bolalar bog‘chasi, 50 o‘rinli xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda. Mahallamizdagi infratuzilma aholi talablariga to‘liq javob beradi, deb aytish mumkin. Aholining ko‘pchilik qismi tomorqasida dehqonchilik bilan shug‘ullanadi.
“Quyosh” mahallasidan 4 kilometr masofada oyna zavodi faoliyat yuritadi. Korxona Germaniya bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Ayni paytda bu yerda 230 ga yaqin fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan.
– O‘tkazilgan so‘rovlar davomida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallangiz rivojining asosiy drayveri va ustuvor vazifalari nimalardan iborat edi?
– Ish faoliyatimni 2022 yil yanvar oyida boshlagan bo‘lsam, avvalambor, mahalladagi barcha xonadonlar xatlovdan o‘tkazildi, aholining ijtimoiy-iqtisodiy holati, bandlik darajasi, ishsizlar soni, talab va ehtiyojlari o‘rganib chiqildi. Keyingi bosqichda shu ma’lumotlar asosida mahalladagi xonadonlar iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha reja tuzilib, maqsadlar belgilandi. Hududdagi imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, mahallaning asosiy rivojlanish drayveri etib, issiqxonachilik (pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri yetishtirish), ko‘chatchilik va limonchilik kabilar belgilandi. Mahallada ish boshlagan paytimiz 300 dan ziyod xonadonning tomorqasida issiqxona mavjud edi. 2024 yil oxiriga kelib, ularning soni jami 970 taga yetdi.
2022 yil yanvarda o‘tkazilgan xatlovda mahallada 380 nafar ishsiz fuqaro aniqlangan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, o‘sha ro‘yxatdan faqat 8 kishi qoldi. Lekin ular ham bekor o‘tirgani yo‘q, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida tomorqasida dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ularga lizing asosida motokultivator va mini traktorlar olib berilgan.
– Siz mas’ul bo‘lgan mahallada sabzavotchilik bo‘yicha “Bir mahalla – bir mahsulot” loyihasi doirasida yaxshi natijalarga erishilgani e’tirof etildi. Bu yo‘nalishda mahallada qilingan ishlar haqida batafsilroq gapirib bersangiz.
– Bu yo‘nalishdagi ishlarni 2022 yildayoq boshlab yuborgan edik, shu sababli bugungi kunda salmoqli natijalarga erishildi. O‘sha paytlar hududda eksportbop mahsulotlar deyarli ekilmagan, olingan hosil faqat mahalliy bozorlarga chiqarilgan. Mahallamiz dehqonlari bilan gapni bir joyga qo‘yib, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida Isroil va Gollandiyadan hosildor urug‘larni olib keldik. Bundan ko‘zlangan maqsad vaqtincha ishsiz bo‘lgan fuqarolarning bandligini ta’minlab, aholi xonadonlarida tomorqadan samarali foydalanish, chorva va parrandachilikni rivojlantirish, oila byudjetini yaxshilash va pirovardida kambag‘allikni qisqartirish edi. Hamma dehqonlar bilan bir turdagi mahsulotlar (pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri) yetishtirish va markazlashgan holda eksportga chiqarishga kelishib oldik. Ishlar shundan boshlandi. Tayyorgarlik ishlari doirasida aholi xonadonlarida tomorqadan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha o‘quv kurslari ham tashkil etildi va u mahalladagi o‘z o‘zini band etgan dehqonlar uchun foydali bo‘ldi. Kurs tinglovchilariga xonadonlarni kooperatsiya usulida biriktirish va yetishtirilgan mahsulotni markazlashgan holda realizatsiya qilish, tomorqalardan samarali foydalanish, subsidiya, bank xizmatlari va imtiyozli kreditlar ajratish tartiblari to‘g‘risida ham atroflicha tushunchalar berildi.
Shuningdek, “Quyosh” mahallasida “Tomorqa xizmati” korxonasi tashkil etildi. U mahalla dehqonlariga xizmat ko‘rsatadi. Masalan, dehqonlar bu yerdan mini motoblok, mini traktor, issiqxonaga ishlov beradigan turli xil asbob-uskunalarni ijaraga olishlari mumkin. Bu ham kam ta’minlangan, o‘z mehnat qurollari mavjud bo‘lmagan fuqarolarimiz uchun qulaylik tug‘diradi. Ijara uchun hisob-kitobni ular hosil yig‘ib-terib olinganidan so‘ng qilishlari mumkin.
– Mahalla bo‘yicha nechta xo‘jalikda bu tamoyil asosida ish joriy qilingan? Bitta issiqxonadan o‘rtacha qancha mahsulot olinyapti? O‘tgan yili jami qancha mahsulot eksport qilindi?
– “Quyosh” mahallasining o‘zida o‘rtacha 8 sotixlik bitta issiqxonadan yiliga 200 mln so‘m daromad olinyapti. 2023 yilda mahallamizdan jami 35 mlrd so‘mdan ortiq sabzavot Rossiyaning 2 viloyatiga eksport qilindi. Hisob-kitobimiz bo‘yicha, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 45 mlrd so‘mdan oshdi. Masalan, Sirdaryo tumanining “Quyosh” mahallasida istiqomat qiluvchi Y.Tursunov o‘z tomorqa xo‘jaligida issiqxona biznesi bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanib kelmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad fuqarolarni tomorqadan samarali foydalanib, qo‘shimcha daromad manbasini yaratishdir.
E’tiborga molik jihati, mahallada yetishtirilgan sabzavotlar shu yerning o‘zida qutilarga solinib, qadoqlanadi. Mahalla xonadonlaridan birida shunday xizmat tashkil etilgan. Bu orqali mahallada yashovchi xotin-qizlar kunlik ish bilan ta’minlanmoqda.
– Mahallada limonchilik bo‘yicha ham ishlar boshlangan ekan. Shu haqida gapirib bersangiz.
– Ha, shunday. Qo‘shimcha ravishda limonchilikni ham rivojlantirish ustida jadal ishlar olib borilmoqda. Masalan, o‘tgan yilda 2 sotix limonxonadan bir mavsumda 2 tonnadan ziyod limon sotdik. Kilosi 45 ming so‘mdan, bitta limondan bir yilda 200 kggacha hosil olinmoqda. Bu, albatta, xo‘jalikning moliyaviy holatiga ijobiy ta’sir qildi. Men mahallamizga ko‘proq limonchilikni targ‘ib qilyapman, chunki issiqxonada pomidor, bodring va boshqa sabzavotlar yetishtirishdan ko‘ra limon ancha foydaliroq. Limonchilik sirlarini Qo‘qonga, Dang‘ara tumaniga borib, shaxsan o‘rganib keldim.
Bu yil bahorda Farg‘onadan 300 xonadon uchun limon ko‘chatlarini olib kelib tarqatish, uni issiqxonalarda yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, dehqonlarga limonchilik sir-asrorlarini to‘liq o‘rgatishni rejalashtirib turibmiz. Bunda bizga dang‘aralik fermerlar ham ko‘mak berishadi. Buning uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud.
Misol keltiradigan bo‘lsam, mahallada istiqomat qiluvchi dehqonlardan biri Erkin Nishonov hokim yordamchisi orqali kredit olib, issiqxona qurdi. Mahalla mas’ullari qurilishning hamma jarayonlarida yordam berishdi. Buyurtma asosida ko‘chat yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik. Bu yerdan 100 mln so‘mdan ortiq daromad olyapmiz. Ko‘chatlar yetkazib berilgach, yerga pomidor-bodring ekamiz. Shunda yillik daromadimiz 200 mln so‘mdan oshadi. Faqat o‘tgan yilning o‘zida mahalladagi 25 nafar fuqaroga tadbirkorlikni boshlashi uchun kreditlar ajratildi. Mahalladagi o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni jami 1185 nafarga yetdi.
– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima ishlar qilish kerak?
– Kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi sabablar mahallaning joylashuvidan kelib chiqib, turlicha bo‘lishi mumkin. Ammo umumiy jihatlari ham mavjud. Xususan, tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, ko‘pchilik fuqarolarda boqimondachilik kayfiyati kuchli, kishilarning bir qismi o‘z muammolarini boshqalar hal qilib berishi kerak, degan noto‘g‘ri fikrda. Bundan tashqari, dangasalik holatlari ham ko‘p uchraydi. Bu esa, o‘z navbatida, mavjud imkoniyatlardan yetarlicha foydalanmaslikka olib keladi. Masalan, ayrim oilalarda hamon tomorqasidagi yeridan ham oqilona foydalanmasdan kelmoqda. Bu holatning oldini olish bo‘yichi tizimli ishlarni reja asosida amalga oshirib kelyapmiz.
Endi savolning ikkinchi qismiga kelsak, kambag‘alchilikni to‘liq bartaraf etish uchun qo‘shimcha qilinadigan ishlar ham bor. Xususan, mehnat qilish istagida bo‘lgan aholiga tomorqa yer maydonlari ajratish ishlarini davom ettirish zarur. Shuningdek, imkon darajasida yirik zavod-fabrikalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, aholini bu korxonalarga ishga joylashtirish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari haqida tushuncha berib, har tomonlama yordam berish zarur deb o‘ylayman.
– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Mehnat migrantlariga yordam berish maqsadida mahallada alohida xatlov o‘tkazildi. Hozirgi kunda mahallada yashovchi 18 nafar fuqaro chet ellarda vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ularning har biri bilan aloqaga chiqib, holati o‘rganildi. Xorijda ishlab, daromadi yetarli bo‘lmagan fuqarolarni ortga qaytarib, o‘zimizda ish bilan ta’minlash bo‘yicha maxsus reja tuzib chiqildi. Agar vatanga qaytsalar, ularga biznes bilan shug‘ullanishlari, o‘z bizneslarini boshlashlari uchun zarur moliyaviy va boshqa ko‘maklar berilishi haqida atroflicha tushuntirildi.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– Hokim yordamchilari samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan, ulardan to‘liq foydalanib kelyapmiz. Shunday bo‘lsa-da, mahalla iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun ajratiladigan moliyaviy resurslar hajmini konkret hudud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda yanada ko‘paytirish lozim deb hisoblayman. Shuningdek, tumandagi sektor rahbarlari ta’sirini ham kamaytirish maqsadga muvofiq. Hokim yordamchilari faoliyatini yanada erkinlashtirish ham ishimiz samaradorligini yanada oshirgan bo‘lar edi.
– Joriy yilning 3 fevral kuni Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokim yordamchilari ishini “jonlantirish va yangi turtki berish” vazifasi qo‘yildi. Shundan kelib chiqqan holda mahallangizda qanday ishlar rejalashtirilmoqda?
– Haqiqatdan ham ushbu yig‘ilishda “mahalla yettiligi”, shu jumladan, hokim yordamchilari oldiga ham yangi vazifalar belgilandi. Endilikda ular tomorqada ekin-tekin ishlarini tashkil etish uchun ham mas’ul bo‘ladilar. “Yettilik” safiga mahalla bankirlari (har to‘rtta mahallaga bir nafardan) ham qo‘shildi. Bu ham ishimizga ko‘mak berishi shubhasiz. Tajribamdan kelib chiqib aytsam, qishloq mahallalaridagi tomorqalarda hali ishlatilmagan imkoniyatlar juda ko‘p, faqat ularni qidirib topish kerak. Izlagan imkon topadi, degan gap bekorga aytilmagan.
– Mahallangiz aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanchalik o‘zgardi? Endilikda oldingizga qanday maqsadlar qo‘ydingiz?
– Kelgusi rejalarimiz haqida aytadigan bo‘lsak, mahallani iqtisodiy jihatdan yanada taraqqiy toptirish maqsadida mahallaga tutash fermer xo‘jaligi yerlaridan 30 gektar yerni zaxiraga olib, uni fuqarolarimizga 15 sotixdan auksion orqali tarqatish haqida taklif kiritganmiz. Bunda yerlar birinchi navbatda “Ijtimoiy reyestr”, “Ayollar daftari”da turadigan kam ta’minlangan oilalarga berilishi ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida, 2025 yil yakuniga borib, mahalla eksporti hajmini 60 mlrddan oshirishni ko‘zlab turibmiz. Mahsulotga talab bor. Hozirning o‘zida Rossiyaning Novosibirsk viloyatidan sotib olish haqida taklif kelib tushgan.
Aytmoqchimanki, erishgan natijalarimizning bari mehnatning mahsulidir. Vatanimiz uchun fidoyi bo‘lib ter to‘ksak, albatta, katta muvaffaqiyatlarga erishamiz!
Jamoliddin Turdimov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy shar" jurnali №2/2025
Izoh qoldirish