"Iqtisodiy sharh" jurnali uchun Navoiy viloyati Karmana tumani hokimining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha “O‘zbekiston” mahallasidagi yordamchisi Xusen Amonov bilan intervyu tayyorlandi.
– Joriy yildan boshlab mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi ishga tushirilib, barcha mahallalarda “hokim yordamchilari” lavozimi joriy etildi. Siz bu lavozimning mazmun-mohiyatini qanday tushunasiz?
– Mahallalarda hokim yordamchisi lavozimining joriy etilishi bilan, ayniqsa, tuman markazidan olisda joylashgan mahallalarda istiqomat qilayotgan, oilasida muammosi bo‘lgan aholi murojaatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinglash, zarur bo‘lsa, joyiga chiqib o‘rganish, tegishli mutasaddilarni jalb etgan holda ijobiy hal etish bo‘yicha eng samarali institut yaratildi, deb ishonch bilan aytishim mumkin. Ushbu tizim yordamida mahalla hududida bo‘sh turgan, samara keltirmayotgan bino va yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish, ulardan foydalanish maqsadida belgilangan tartibda malakali tadbirkorlik sub’yektlariga ajratish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga takliflar berish, mazkur joylarda tashkil etilayotgan korxonalarga mahallada istiqomat qilayotgan bandligi ta’minlanmagan ishsiz aholini ishga joylashtirish, bu orqali oilalarga moddiy daromad olib kelish kabi ishlar amalga oshirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu lavozimning joriy etilishini hurmatli yurtboshimiz tashabbuslari bilan yaqin kelajakda mahalliy aholi farovonligini ko‘zlab o‘ylangan va samarali natijasini berishi mumkin bo‘lgan strategik islohotlardan biri deb hisoblayman.
– O‘zingiz haqingizda batafsilroq gapirib bering. Bu lavozimga qanday o‘tdingiz, bunga qadar nima bilan shug‘ullangansiz, qayerda ishlagansiz? Yangi vazifalarni qanday uddalayapsiz?
– Men, Amonov Xusen Fayziyevich, 1982 yil 6 iyul kuni Qiziltepa tumani Bo‘ston mahallasida ziyolilar oilasida tug‘ilganman. Avval tumandagi kasb-hunar kollejida, so‘ng Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Moliya” yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishni tamomladim. Mehnat faoliyatimni 2004 yil “G‘allabank” RATB Navoiy mintaqaviy filialida Kredit reja bo‘limi mutaxassisi lavozimidan boshlab, bank tizimining turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritdim. 2014 va 2019 yillarda Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputatligiga O‘zLiDePdan o‘z nomzodimni ko‘rsatib, shahar Kengashi deputatligiga saylandim. 2016-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasining Davlat boshqaruvi va iqtisodiyot yunalishi bo‘yicha tahsil olib, magistrlik diplomiga ega bo‘ldim. Bundan tashqari, 2018 yil Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay Universetiti tomonidan ixtisosligim bo‘yicha xalqaro sertifikat olishga muvaffaq bo‘ldim. Joriy yildan boshlab o‘zim yashab turgan Karmana tumani O‘zbekiston mahallasida hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritib kelyapman.
“O‘zbekiston” mahallasida hokim yordamchisi lavozimiga kirishgan kunimdan boshlab, avvalo ushbu mahalla raisi, mahalla raisining xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari, yoshlar yetakchisi vazifasida faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan yaqindan tanishib, dastlabki rejalarni belgilab oldim. Jumladan, mahalla hududida yashovchi har bir oilani xatlovdan o‘tkazish orqali mahalladagi ishsiz aholi ro‘yxati shakllantirildi, hududdagi mavjud bo‘sh turgan binolar va yerlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga mutasaddi tashkilot xodimlarini jalb etgan holda aniqlik kiritildi va chuqur o‘rganishlar o‘tkazildi. Ulardan oqilona foydalanish maqsadida tuman hokimligi mutasaddilari ishtirokida hamda xususiy sektor rahbarlarining istiqbolli biznes rejalariga ko‘ra ishsiz aholiga tanlov asosida olib berish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
–“Mahallabay” tizimi barcha darajadagi davlat hokimiyati organlarining o‘zaro yaqin hamkorligini ta’minlashni ko‘zda tutadi. Ushbu o‘zaro ta’sir qanday o‘rnatilgan? Faoliyatingizni tuman, viloyat va respublikadan qo‘llab-quvvatlanayotganini sezyapsizmi?
– Albatta, 2021 yil 19 martdagi Vazirlar Mahkamasining 152-sonli Qarori asosidagi nizomning 6-bobida “Mahallabay” ishlash tizimini amaliyotga joriy etishda vakolatli davlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish belgilab qo‘yilgan. Xususan, Navoiy viloyatiga Turonbank ATB biriktirilgan bo‘lib, bugungi kunda hamkorlikda ishlar jadal olib borilmoqda. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash faoliyatida tuman, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi, mahallada tashkil etilgan “Ayollar maslahat kengashi”, Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi hamda aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bilan yaqin aloqalar o‘rnatilgan. Yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda tumandagi tijorat banklari, Savdo-sanoat palatasining tuman tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish tuman qabulxonasi bilan hamda aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish ishlarini faollashtirishda tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi, Savdo-sanoat palatasining tuman tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi, mahalladagi o‘quv maskanlari, nodavlat va notijorat o‘quv markazlari, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalari, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikum, yaqin hududdagi o‘quv markazlari bilan o‘zaro faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, mahalla faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun respublika vakilidan iborat ishchi guruhlari biriktirilib, o‘z vaqti, soati bilan faoliyatimizni o‘rganib, tegishli tavsiya va takliflarini berib kelishmoqda.
Shuningdek, mahalla hududidagi muammolar muhokama qilingandan so‘ng, masalaning dolzarbligi va hal qilish imkoniyatidan kelib chiqqan holda tuman, viloyat, qolaversa, respublika darajasigacha chiqarib, hal etib kelinmoqda.
– Aholi bilan qanday muloqot qilyapsiz, murojaatlar ko‘pmi? Odamlar asosan qanday masalalar bo‘yicha murojaat qilmoqda? Mahalla fuqarolarining muammolari qanday hal qilinyapti?
– Hokim yordamchisi vazifasida faoliyatimni boshlagan dastlabki kunimdanoq “xalq ichiga kirish”, “uning dardiga quloq solish”, “tashvishiga sherik bo‘lish” va “muammolarni joyida hal etish” tamoyillari asosida mahalla vakillari bilan mustahkam aloqani o‘rnatishga harakat qilmoqdaman. Bugungi kunga qadar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda bo‘lgan va bandligi ta’minlanib, ushbu daftardan chiqarilgan oila vakillarining aslida qanday tartibda daftarlardan chiqarilgani va hozirda o‘z yo‘llarini topib ketganiga ishonch hosil qilish maqsadida mahallada o‘tkazilgan xatlovlar mobaynida ularning oilasi va yashash tarzini yanada chuqur o‘rgandim.
Xatlov jarayonida bir narsaga amin bo‘ldimki, har qanday masalaning yechimini masalani ko‘targan xonadonning o‘zida hal etish mumkin. Misol keltirsam, aksariyat fuqarolarimizda bir ishni boshlashda ikkilanish va jur’atsizlik ustun turganligi bois, yillar davomida davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalana olmayotgani, natijada biri ikki bo‘lmay, topgan daromadini ro‘zg‘oridagi yeb-ichishdan orttirolmayotganini sezish qiyin emas. Aynan eng quyi tizim bo‘lgan mahalla institutlarida hokim yordamchilari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida ular bilan yaqindan aloqa o‘rnatib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashdan ozgina cho‘chigan fuqarolarimizning g‘oya va rejalarini qo‘llab-quvvatlab, kerak bo‘lsa, g‘oyani boyitib, ularning ertangi kuniga ishonch bildirish orqali ko‘p yillik orzulariga erishishida sababchi bo‘lmoqdamiz.
Shuningdek, mahalla hududida sog‘lom raqobatni yo‘lga qo‘yish, ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash maqsadida, avvalo, mahallada istiqomat qilayotgan, yillar davomida o‘z mehnat faoliyatlari bilan katta obro‘-e’tibor qozongan mehnat faxriylari va oqsoqollar hamda bugungi kunda faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirayotgan xususiy sektor rahbarlari bilan ham do‘stlashib, ular bilan mahalla hududida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan fikr almashib, zarur bo‘lsa, ularni ilk tadbirkorligini boshlayotgan oila vakillariga biriktirish orqali natijalarga erishmoqdamiz.
Murojaatlarga keladigan bo‘lsak, avvalambor fuqaroning murojaati (bankdan kredit chiqarishmi, gaz bosimi pastligimi, chiroqning tez-tez o‘chib- yonishimi, obodonlashlashtirish xodimlari bilan bog‘liqmi va h.k) diqqat bilan tinglanadi, bu muammodan soha mutaxassisi ham xabardor qilinadi. So‘ngra masala birgalashib, hal etiladi.
Fuqaro murojaatlari bo‘yicha masalaning yana bir muhim tomoni shundaki, imkon boricha fuqaro murojaatini uning xonadoniga borib tinglash kerak. Ya’ni, odamlarning yashash sharoitlari, moddiy va ma’naviy imkoniyatlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib xulosa qilishim to‘g‘ri yo‘nalish berishimga zamin yaratadi, deb uylayman va albatta Telegram kanalimda mahalla hududida olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlarini kundalik yoritib borish fuqarolar orasida yanada ko‘proq targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazish hamda tadbirkorlikka jalb qilishda o‘z samarasini bermoqda.
Oddiy mahalliy aholi oilasiga yana ham chuqurroq kirib borsangiz, holat aslida qandayligini, qaysi oila qanday imkoniyat va qobiliyatga ega ekanliklarini anglab yetasiz.
Yuqoridagi ko‘rsatkichlar hamda tajribali mutaxassis va mahalliy aholi vakillarining aksariyat fikr-mulohazalaridan kelib chiqib, “O‘zbekiston” MFYning drayver yo‘nalishini asosan limonchilik va servis deb belgilab oldim. Faoliyat boshlagan davrim mobaynida issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanishga qiziqish bildirgan xonadon vakillari bilan kelishgan holda shaxsiy tashabbus ko‘rsatib, “Jaxon agro” limonariya klasterini tashkil etishni yo‘lga qo‘ydim. Natijada 500 ta xonadon bo‘sh turgan yer maydonining 0.5 sotixiga issiqxona qurib, limon ko‘chatlarini yetishtirish reja qilindi. Har bir (500 ta) xonadonga 10 donadan (5000 ta) limon ko‘chatlari ekilib, yiliga 2 marta meva bersa, 100 tonna hosil olinadi, asosiysi, ishsiz oila vakillarini bandligini ta’minlashga erishamiz. Shu bilan birgalikda, yengil sanoatni rivojlantirish orqali mahalliy aholining iste’mol buyumlariga (kiyim-kechak, poyabzal,trikotaj va boshqalar) bo‘lgan shaxsiy ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, birga sanoatning boshqa tarmoqlarida foydalaniladigan materiallarni (gazlamalar, iplar, tabiiy va sun’iy charm) ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy tikuvxona va ishlab chiqarish sexi tashkil qilishda yaqin hamkorlarimiz “Baxt tekstil” MChJ bilan amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Shu bilan birgalikda, bugungi kunga qadar 64 ta xonadonga tijorat banklarning imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan issiqxona qurib berildi. Bundan tashqari, aholining kam ta’minlangan, ehtiyojmand qatlamlariga “Mehr-saxovat” jamg‘armasi hisobidan moddiy ko‘mak ajratilmoqda.
Xususan, ishlash ishtiyoqi bor, ammo ish boshlash uchun mablag‘ topolmay yurgan oilalarga bizning kafilligimiz va ko‘magimizda kredit va subsidiya berilmoqda. Tabiiyki, bu imkoniyat oilalarda doimiy daromad manbaini yaratish orqali aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni bartaraf etishga zamin yaratmoqda.
O‘tgan davr mobaynida mahallada istiqomat qilayotgan 82 nafar ishsiz fuqarolarni kredit va yer ajratib berish orqali o‘zini o‘zi band qilishga erishilgan bo‘lsa, shundan 42 nafarini yoshlar tashkil etdi. 28 nafari esa doimiy ishga joylashtirildi. 12 ta yangi korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 92 nafar ishsizlar bandligi ta’minlandi va yangi ish o‘rni yaratildi.
– O‘tkazilgan tadqiq va so‘rovlar natijalari haqida gapirib bering. Muhtoj oilalar qanday mezonlarga ko‘ra aniqlanmoqda? Bunda nimaga e’tibor qaratilmoqda?
– Albatta, men faoliyat ko‘rsatayotgan mahallada bugungi kunda uyma-uy yurish orqali o‘tkazilgan xatlovlar natijasida 1 557 xonadonda 2 007 ta oila istiqomat qilayotganligi, fuqarolarning umumiy soni esa 5 539 nafarni tashkil etishi aniqlandi. Oilalarni 100% xatlovdan o‘tkazish natijasida aholini 4 toifaga ajratdim, shundan:
- birinchi toifa – xonadonlar daromadi kam, ishsiz a’zolari bo‘lgan, o‘z ishini boshlashga qiziqishi katta, shuningdek, daromad topishga, kasb o‘rganishga harakat qilayotgan xonadonlar soni 7 ta (0,4 foiz);
- ikkinchi toifa – doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagidagi xonadonlar soni – 476 ta (30,6 foiz);
- uchinchi toifa – nogironligi bor va kasal a’zolari bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadonlar 58 ta (3,7 foiz);
- to‘rtinchi toifa esa iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q xonadonlar 1 016 ta (65,3 foiz)ni tashkil qildi.
– Mahallangizdagi kambag‘allikning bugungi holatini ta’riflab bera olasizmi?
– Men xizmat ko‘rsatayotgan mahalla, asosan, hovlilardan iborat. Odamlar dehqonchilik faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lishlari uchun 2 dan 10 sotixgacha yer maydonlari, ya’ni tomorqasi bor. Aksariyat aholi tomorqalaridan foydalanishda yiliga bir marta hosil beradigan poliz ekinlari ekib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Issiqxona qurgan, chorvachilik, parrandachilikni yo‘lga qo‘ygan oilalar ham albatta yo‘q emas.
Men faoliyat ko‘rsatayotgan mahallada nochor va kambag‘al oilalar deyarli yo‘q. Nisbatan olib qaraydigan bo‘lsak, turmush darajasi pastroq bo‘lgan oila vakillari o‘z imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalana olmagan yoki bir foydali ishni boshlashda tavakkalchilikdan hadiksirab, ilk qadamni qo‘ya olmagan odamlardir. O‘ylashimcha, mahalladagi aksariyat aholiga turli soha vakillarining eng yuqori natijalarga erishgan qatlami ishtirokida mahorat darslari o‘tkazish orqali motivatsion ruh bag‘ishlansa, foydadan holi bo‘lmaydi.
– Mahalladagi kambag‘allikka olib kelayotgan asosiy muammolar va sabablar nimada? Ularni sanab ko‘rsating. Muammolarni hal qilish uchun, sizningcha, yana nimalar qilish kerak?
– Ushbu mahallada to‘plangan tajribam asosidagi shaxsiy fikrimni bildiradigan bo‘lsam, aynan men faoliyat yuritayotgan mahallada kelgusida kambag‘allikka olib keladigan hech qanday sabab yoki omilni ko‘rmayapman. Faqatgina mahalliy aholining banklar tomonidan berilayotgan imtiyozli kreditlardan foydalanishda huquqiy savodxonligi oshirilsa, kezi kelganda aytish mumkinki, shaxsga baliq yeyishni emas, uni ushlashda ko‘maklashilsa, albatta yaxshi natija beradi.
– Ishingizda kambag‘al uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday innovatsion usullarni qo‘lladingiz? Ushbu xonadonlar bilan ishlash natijalari haqida batafsil ma’lumot bera olasizmi?
– Tumandagi “O‘zbekiston” mahallasi Navoiy shahri bilan chegaradosh bo‘lganligi bois, mahalla tumanning boshqa mahallalaridagi oilalarga taqqoslaganda, o‘z oilasiga moddiy daromad keltirishda imkoniyatlari birmuncha yuqori. Birinchidan, kambag‘allik darajasiga kelib qolgan oilalarning bu holatga tushishiga sabab bo‘lgan omillar asosan nimalarda aksini topgan, avvalo shu masala o‘rganilmoqda. Ikkinchidan, ushbu oila a’zolarining ma’lumoti, yoshi va jismoniy imkoniyatlaridan kelib chiqib, mahalla vakillari va oqsoqollari hamda xususiy sektor rahbarlari bilan hamkorlikda ularni otaliqqa olish orqali daromad keltiradigan ishlarga jalb etilmoqda. Bundan tashqari, kambag‘al oila yoki kambag‘allik riskiga tushish ehtimoli yuqori bo‘lgan oilalar manzilli o‘rganilib, birinchi navbatda, faoliyat yuritayotgan mehnat jamoasi rahbariyatiga takliflar kiritilmoqda. Ularga munosib oylik maoshlarni belgilash va qo‘shimcha “ijtimoiy paket”lar taqdim etish hamda ishlab chiqarish imkoniyatining kengayishi hisobiga qo‘shimcha ish soatlariga haq to‘lash masalalariga e’tibor qaratilmoqda.
– Mahallaning Siz qilayotgan ishingizga munosabati qay darajada o‘zgardi, aholining ishonchi ortdimi? Faoliyatingiz davomida qandaydir muammolarga duch keldingizmi? Hudud aholisining muammolarini hal qilish uchun mablag‘lar yetarlimi?
– O‘ylashimcha, o‘tgan vaqt davomida hokim yordamchisi sifatida mahalla hududida olib borgan faoliyatim, xususan, 1 ta xonadonga tovuq, 1 nafar xonadonga chorvachilik (mayda shoxli chorva), 1 ta fuqaroga motokultivator va bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilish maqsadida 49 ta xonadon oila azolariga (ayollarga) har xil turdagi tikuv mashinalari olib berilishida ko‘makdosh bo‘lganligimda ko‘rindi, deb o‘ylayman. Shuningdek, mahalladagi ishsiz fuqarolar, jumladan yoshlarga yana bir imkoniyat tariqasida hududdagi paxta-g‘alladan bo‘shagan, ekiladigan-sug‘oriladigan yerlardan 15 nafar ishsizlarga 3 gektar yer maydoni auksion orqali tarqatib berilishi tashkil etilishida jonbozlik ko‘rsatilayotgani va buning ortida murojaatlar kupayishini menga bo‘lgan ishonchning namunasi deb bilaman. Aholining naqd pulga talabi yuqori bo‘lganligi bois, “Mikrokreditbank” ATB tomonidan 2 ta (HUMO va Uzcard) bankomatlari markaziy hududga o‘rnatib berildi. Hunarmandchilik asosida quroqchilik sohasida 12 nafar xotin-qizlarga ish o‘rinlari yaratilib, tikuvxona tashkil qilindi. Mahallada yoshlarning bo‘sh vaqti samarasiz o‘tmasligi uchun chim qoplamali mini o‘yingoh ishga tushirildi.
Aholimizning amalga oshirilayotgan islohotlarni ich-ichidan sezib turganligini his qilish qiyin emas. Chunki birinchi qadam tashlandi, mahalliy aholi vakillari bilan munosabatlar o‘rnatildi, hududda o‘tkazilgan xatlovlar o‘z yakuniga yetkazildi, aholining ishsiz va bandligi ta’minlangan qatlamining real yashash darajasi toifalarga asosan ajratib olindi. E’tiborimizni turmush darajasi nisbatan og‘irroq bo‘lgan xonadonlarga qaratishdan boshladik. Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan ish bilan band bo‘lmagan aholi vakillariga tadbirkorlik qilish va o‘zini o‘zi band qilish uchun subsidiyalar, kredit resurslari va boshqa xarajatlar uchun ajratilgan mablag‘lardan oqilona foydalanib, ularni daromad keltiradigan faoliyatga jalb etish vazifasi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, ish bilan band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga, tadbirkorlik va hunarmandchilikka o‘qishga yo‘naltirish vazifalari amalda qo‘llanilmoqda. Shundagina oradan ma’lum bir muddat o‘tib, boshlagan ishlarimiz o‘zining samarali natijasini bera boshlaganda, ishonchim komilki, mahalliy aholi tomonidan Prezidentimizning “Inson qadri uchun” tamoyili asosidagi xalqimizning farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning naqadar to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘lamiz.
– Faoliyatingizni yanada samarali davom ettirish uchun qanday ko‘makka ehtiyoj sezyapsiz?
– Bu jarayonlarda birinchilardan bo‘lib ishtirok etayotganligimdan avvalo juda mamnun bo‘lish bilan bir qatorda, katta bir mas’uliyat gardanimda turganligini har soniya his qilib turaman. Prezidentimiz ta’kidlagan so‘zlariga qo‘shilgan holda, meni ham barcha orzu-niyatlarim, mashaqqatli mehnatim, kechani – kecha, kunduzni – kunduz demasdan amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarim, hamma-hammasi – olib borilayotgan islohotlarga katta umid va ishonch bilan qarab turgan mahallamiz aholisi uchundir. To‘g‘risi, har tong uyqudan uyg‘onganimda xayolan faoliyat olib borayotgan mahallam, bu yerda yashovchi aholi vakillari va ularning turmush sharoiti ko‘z oldimda gavdalanadi. Go‘yoki xonadonimdagi oynaga yuzlanib, bir fuqaro sifatida qarshimda turgan hokim yordamchisiga savol beraman – “Kechagi o‘tgan kundagi faoliyatingdan rozimisan”, – deb. “Bugun boshlanayotgan yangi kun samarali va mazmunga boy bo‘lishi uchun nimalar qilmoqchisan?” va shu mazmundagi o‘y-xayollar bilan darvozadan chiqarkanman, yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarni bajarishda kuch-g‘ayrat so‘rab, duo qilaman!
Aksariyat hollarda mahalliy aholi o‘z muammolari yechimini topish ilinjida xizmat xonamga kelib, dardlarini aytgan mahal ularni diqqat bilan tinglab, ortiqcha urinishu ovoragarchiliklarsiz muammosini ijobiy hal etib, qo‘limiz ko‘ksimizda, uylariga kuzatib ko‘yamiz. Ana shu choq mushkuli arigan odamlarning xursandchiligu quvonchlari ularning samimiy so‘zlari va nigohlarida aks etganini ko‘rish meni yanada to‘lqinlantirib yuboradi, bu yoqimli his vazifamga nisbatan yanada shijoatimni oshirib kelmoqda, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Izoh qoldirish