Bu fikrlarning har biri mustahkam hayotiy isbotlarga ega. Aniq misollarga o‘tishdan avval e’tiboringizni quyidagi raqamlarga qaratsak: joriy yilning o‘tgan davrida Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga poytaxtimiz aholisidan 80 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 76 ming 780 dan ortig‘i ko‘rib chiqilgan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning esa 52 foizdan ziyodi, ya’ni qariyb 40 mingtasi ijobiy hal qilingan.
Qolgan murojaatlarning muayyan qismi huquqiy maslahat va tushuntirish berish yo‘li bilan hal qilingan bo‘lsa, yana bir qismi uzoq muddatli nazoratga olingan. Bu jarayonda davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining shu yil 25-27 may kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan ommaviy qabullarida kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish, ularda aytilgan masalalarni hal qilish ishlari ham izchil olib borilmoqda.
Mirzo Ulug‘bek tumani “Ahillik” mahallasida yashovchi Muhammadziyo Qo‘qonboyev dastlab qizida bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun yordam so‘rab kelgan edi. Muloqot asnosida uning bir talay muammolari chiqib keldi. Eng katta masala esa uning ishsizligi edi.
Xalq qabulxonasi xodimlari murojaatchiga qonuniy yordam berish uchun ishni qonuniy asos yaratishdan boshlashdi. Farg‘onadan poytaxtga kuyov bo‘lgan bu yigit dastlab oilasi bilan rasman nikohdan o‘tkazildi. So‘ng shu asosda doimiy propiskaga qo‘yildi. Doimiy propiskali bo‘lgach, “Yoshlar daftari”ga kiritildi. “Yoshlar daftari”da turgani bois “Mehr va saxovat” jamg‘armasidan qizini davolatishi uchun mablag‘ ajratildi. Qizcha sog‘aydi. Yaqinda ular xonadonidagi bo‘sh turgan ikki xona “uy mehmonxonasi” sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lsa, bugun Muhammadziyoga avtomobillarga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishi uchun zarur ish anjomlari olib berildi. Endi bu yosh oilaning ikkita daromad manbai paydo bo‘ldi.
Murojaatlar asosida tadbirkorlik yo‘nalishidagi ko‘plab masalalarga yechim topilayotgani yangi-yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini ham bermoqda. Mirobodlik tadbirkor Bahodir Qosimov esa Mirobod tumanidagi Xalq qabulxonasi va sektor rahbarlarining sayyor qabulida tumanning Ming o‘rik mahallasida tashkil etgan mehmonxonasini jihozlash uchun kredit olishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Murojaatdan so‘ng bu masala o‘rganilib, hal qilindi: tadbirkorga 1 milliard 900 million so‘m imtiyozli kredit ajratilgach, mehmonxona jihozlanib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 20 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Yashnobodlik tadbirkor Rustam Shavkatov ham yaqinda xuddi shunday sayyor qabulda tumanning “Uysozlar” mahallasidagi bo‘sh turgan binoni qayta ta’mirlab, tikuvchilik korxonasi tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. Murojaatdan so‘ng yosh ishbilarmon va ayoliga 66 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Shu mablag‘ evaziga mo‘’jaz korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 20 nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi. Ayni kunlarda ular dastlabki buyurtmalarni tayyorlashga ham ulgurdi.
Mirobodlik 22 yillik ish tajribasiga ega tikuvchi Gulbahor Tursunovaning ko‘p yillik orzusi ham shu kunlarda ushaldi. Ayolning tikuvchilik bo‘yicha o‘quv markazi ochish bo‘yicha murojaatidan so‘ng “Inoqobod” mahalla fuqarolar yig‘ini binosidan joy, 60 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi, 12 ta tikuv mashinasi olib kelindi. Endi bu yerda ishsiz xotin-qizlar tikuvchilik sirlarini o‘rganadi, ishlab daromad topadi.
Umuman, Xalq qabulxonalari va sektorlarning mahallaga tushib ishlayotgani, mahallani fuqarolar o‘z fikri, taklif va tavsiyalarini erkin aytadigan, muammosiga samarali yechim topadigan chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Loyihalash va qurilish sohasida 15 yillik tajribaga ega tadbirkor Hasan Gasanov esa shu yilning 25-27 may kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan ommaviy qabullarda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi turar joyini noturar joyga aylantirish bo‘yicha murojaat qilgan edi. Sababi – ob’yektni qayta loyihalash, rekonstruksiya qilish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni biroz cho‘zilgan ekan.
Murojaatdan so‘ng Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasining yaqinda bergan xulosasiga ko‘ra, mazkur ob’yektning ixtisosini o‘zgartirish, turar joy toifasidan noturar joy toifasiga o‘tkazish va rekonstruksiya qilish uchun tegishli ruxsatnoma berildi. Masala ijobiy yechim topdi.
Sergelilik Ubaydulla Zuhrullayev charmgar usta. Hunarmandlarning 3-avlodi. Charmdan ortopedik poyabzallar tayyorlaydi. Usta anchadan beri o‘z faoliyatini kengaytirishni o‘ylab yurgan edi. Uning o‘zi yashayotgan ko‘pqavatli uy yerto‘lasidan joy ajratishni so‘rab murojaat qilishidan maqsad ham shu bo‘ldi. Masala joyiga chiqib o‘rganilgach, joyida hal qilib berildi. Bugun Zuhrullayevlar oilasi mo‘’jaz ustaxonasida mehnat bilan band.
Ha, inson o‘zi uddalay olmagan har qanday masalaga davlat va jamiyatdan yordam kutadi. Eng og‘ir pallada ko‘mak qo‘llari cho‘zilganda esa qalbida sha’mdek yonib turgan umid cho‘g‘lari alangalanadi, ertangi kunga ishonch mustahkamlanadi. Sergelilik Osiyo Hasanova hayotida ham shunday bo‘ldi. Ayol 13 yoshli qizi Lolada buyrak ko‘chirish bilan bog‘liq murakkab jarrohlik amaliyoti uchun imkon topolmadi. Og‘ir o‘ylov yelkasini yukdek bosib turaverdi. Osiyo opa Sergelidagi sektor rahbarlarining sayyor qabulida shu masalada yordam so‘rab murojaat qilgach, uning hayotidagi katta muammo tezda hal qilib berildi. “Mehr va saxovat” jamg‘armasidan zarur mablag‘ ajratildi, Lolaga o‘z akasi buyragini berdi. Muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotidan so‘ng Lola va akasining sog‘lig‘i tiklandi. Ona uchun esa farzandlarining salomatligidan ortiqroq baxt yo‘q...
Yunusobodlik Dinara Mahmudova ham poytaxtimizdagi ommaviy qabulga onasi Rabicha To‘xtaboyevaning jarrohlik amaliyoti uchun yordam so‘rab kelgan edi. 2019 yildan beri bo‘g‘im yallig‘lanishi xastaligi bilan og‘rigan ayolning oilaviy sharoiti, ijtimoiy himoyaga muhtojligi inobatga olinib, Rabicha opaga Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi uchun yo‘llanma berildi. Mahalliy hokimlik protez uchun mablag‘ ajratadigan bo‘ldi.
Yashnobodlik Gulchehra Nazarmuhammedovaning ham xuddi shunday murojaatidan so‘ng 15 yildan buyon onkologik xastalik bilan og‘rigan onasiga nogironlikni belgilash bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirildi.
Albatta, bir kunlik ko‘rganlarimiz – xalq bilan doimiy muloqotni ta’minlash borasida yo‘lga qo‘yilgan yaxlit tizim berayotgan real natijalardan bir shingil, xolos. Davlatimiz rahbarining “Inson qadri uchun” g‘oyasi aholi murojaatlari bilan ishlashning pirovard maqsadiga aylanib borayotgani esa xalqchil va insonparvar davlat barpo qilishdek buyuk maqsadlarga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish