Prezident 20 avgustni "Tadbirkorlar kuni" etib belgilash tashabbusini bildirdi

Prezident 20 avgustni

Endi har yili aynan shu kuni, ya’ni 20 avgust Prezidentning biznes vakillari bilan ochiq muloqoti o‘tkaziladi. Bir yillik ishlar natijalari sarhisob qilinib, eng ilg‘or biznes vakillari shu kuni davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi.

"Men o‘ylaymanki, bugungi ochiq muloqotimiz, barchamiz uchun juda foydali bo‘ldi. Qanchadan-qancha masala va muammolarni samarali hal etish bo‘yicha Sizlar bilan amaliy yechimlarni topdik. Eng muhimi, o‘rtamizdagi o‘zaro ishonch va hurmat yanada mustahkamlandi.

Sizlar ko‘targan dolzarb masalalar, ularni hal qilish bo‘yicha berilgan aniq takliflardan ko‘rinib turibdiki, tadbirkorlarimizning saviyasi va bilim darajasi keskin o‘sgan, dunyoqarashi o‘zgargan, ish uslubi va innovatsion yondashuvlari bugun mutlaqo boshqacha. Men bundan juda ham mamnun bo‘ldim.

Bugungi tajribamizdan kelib chiqib, ushbu uchrashuvlarni har yili tashkil etsak, buni yaxshi bir an’anaga aylantirsak, Sizlarga ma’qulmi? Shu munosabat bilan, bugungi sanani, ya’ni 20 avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilib, uni har yili yurtimizda keng nishonlasak, bu tashabbusga nima deysizlar, deya taklif bildirdi Prezident.

Tadbirkorlar bu taklifni qo‘llab-quvvatladi.

"Ishonchim komil, bugundan boshlangan yangi an’anamiz, tadbirkorlik sohasida yil davomida ishlaydigan samarali tizimga aylanadi. Bunga, Xalq qabulxonalari va Bosh vazir qabulxonalari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman va joylarda hokimlar mas’ul bo‘ladi.

Shuningdek, yangi tashkil qilingan Strategik rivojlanish agentligi tadbirkorlar va investorlarni qiynayotgan muammolarni, yuqoridagi idoralar bilan birga tizimlashtiradi va ularni hal etish uchun aniq takliflar ishlab chiqib, Hukumatga va Prezidentga kiritib boradi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlar har hafta o‘zlari mas’ul bo‘lgan hududlarga chiqib, avvaldan e’lon qilingan grafiklar asosida, tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning muammo va masalalari yechimiga ko‘maklashadi.

Takror va takror aytaman, ishning ko‘zini biladigan, odamlarga mehnat qilish va daromad topishga sharoit yaratadigan, vatanparvar hamda fidoyi tadbirkorlarni biz doimo boshimizga ko‘taramiz. Bu Prezident talabi va boshlagan islohotlarimizning asl mazmunidir", deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar