Prezident: Beparvolik pandemiyaga qarshi barcha ishlarimiz natijasini yo‘qqa chiqarishi mumkin

Prezident: Beparvolik pandemiyaga qarshi barcha ishlarimiz natijasini yo‘qqa chiqarishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 26 may kuni investitsiya masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi avvalida mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:

– Keyingi kunlarda koronavirus bilan kasallanganlar soni respublikamizda ham ko‘payganligi qayd etilmoqda.

Aytish kerakki, aksariyat hudud va korxona rahbarlari, fuqarolarimiz karantin choralarining yumshatilganini “kasallik tugadi” deb, noto‘g‘ri qabul qilmoqdalar.

Bugungacha chet eldan olib kelingan fuqarolarimiz soni 47 mingtani tashkil etmoqda. Afsuski, ularning, ayniqsa keyingi ikki hafta davomida kirib kelganlarning aksariyatida koronavirus aniqlangan.

Bemorlarning qariyb 50 foizini ham xorijdan kelgan fuqarolar tashkil etadi.

Keyingi 10 kunda 3,5 ming odam havo yo‘llari, 7 mingga yaqin vatandoshimiz chegara postlari orqali yurtimizga kirib kelishi kutilyapti. Bunga qo‘shimcha yana 100 ming nafardan ortig‘i O‘zbekistonga qaytish istagini bildirib, navbat kutmoqda.

Fuqarolarimiz qaytib kelayotgan davlatlar hamda qo‘shni mamlakatlardagi vaziyatning og‘irligini hisobga olib, xotirjamlikka berilish mumkin emas.

Bugungi kunda 40 ta tuman (shahar) “qizil”, 45 tasi “sariq” hudud sifatida qolmoqda. Eng tashvishlisi, o‘tgan 10 kunda aholi o‘rtasida kasallanganlar soni ham oshib bormoqda. Jumladan, Navoiyda 57 ta, Samarqandda 73 ta, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 114 ta shunday holat aniqlangan.

Ayniqsa, bozorlar, savdo komplekslari, banklarda ijtimoiy masofaga amal qilmaslik, ko‘cha-ko‘yda tibbiy niqob taqmaslik, bemalol va xotirjam bo‘lib, uylarda turli tadbirlar o‘tkazish holatlari ko‘paymoqda.

Bunday salbiy holatlar kasallikni aniqlash, oldini olish va davolash uchun qilayotgan barcha harakatlarimiz, byudjetdan olinayotgan trillionlab xarajatlarimiz natijadorligini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

Respublika komissiyasi viloyat hokimlari bilan birga bir kun muddatda epidemiologik vaziyat yomonlashgan hududlarning toifasini qayta ko‘rib chiqsin hamda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha taklif kiritsin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi “qizil” va “sariq” hududlarda kunlik test olish sonini oshirishi lozim. Bunda tibbiyot muassasalari, bozorlar, banklar va aholi ko‘p joylarda nazorat testlar olishni ko‘paytirsin.

Shu o‘rinda bir muhim masalaga e’tiborni qaratmoqchiman. Pandemiyaning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatishga qaratilgan 16 ta hujjat qabul qildik. Lekin joylarda ushbu qarorlar ijrosini tashkil etish oqsamoqda, yaratilayotgan sharoit va imtiyozlarni fuqarolar va tadbirkorlarga manzilli yetkaza olmayapmiz.

Oliy Majlis palatalari joylarda xalq deputatlari kengashlari bilan birga pandemiyaga oid Prezident qarorlari va topshiriqlari ijrosi yuzasidan parlament va kengashlarning ta’sirchan nazoratini yo‘lga qo‘yish kutilgan natija berishi mumkin.

Shuningdek, tuman, shahar, viloyat hokimlari, vazirlar har oyda bir marta Prezident qarorlari ijrosi bo‘yicha brifing o‘tkazib, ommaviy axborot vositalari, parlament vakillari va keng jamoatchilik oldida hisobot berib borsin.

Albatta, karantin choralarini yumshatish oqibatida 19 mingdan ziyod (91 foiz) sanoat, 9 mingta (76 foiz) qurilish, 51 mingta (52 foiz) xizmat ko‘rsatish, 45 mingta (44 foiz) savdo korxonalarining faoliyati tiklandi.

Buning natijasida may oyida soliq va bojxona tushumlari o‘tgan oyning mos davriga nisbatan 230 milliard so‘mga, tovar-xom ashyo birjasida qurilish materiallari savdosi hajmi esa 20 foizga ko‘paydi.

Tijorat banklari tomonidan kredit ajratish hajmi o‘tgan oyning mos davriga nisbatan 13 foizga o‘sdi.

Bu boradagi ishlarimizni karantin talablariga qat’iy amal qilgan holda, ham tarmoq, ham hudud kesimida manzilli tarzda davom ettirishimiz lozim.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar